YouVersion Logo
Search Icon

Titus 2

2
2–BOB
Jamoatdagi yoshu qarilarga va qullarga nasihatlar
1Titus, sen sogʻlom taʼlimot asosida nasihat qil. 2Yoshi katta erkaklarga ayt: ular mayxoʻrlikka berilmagan, hurmatga sazovor, vazmin, imonda mustahkam, mehribon va sabr–toqatli boʻlsinlar.
3Yoshi katta ayollarga ham tayinla, ular sharafli hayot kechirsinlar. Gʻiybat qilmasinlar, mayxoʻrlikka ruju qoʻymasinlar. Har qanday xayrli ishda ibrat koʻrsatib, 4kelinlarga pand–nasihat qilsinlar, ularga oʻz erlari va farzandlarini sevishni, 5vazmin, iffatli, roʻzgʻorga jonkuyar, mehribon, erlariga boʻysunadigan boʻlishni oʻrgatsinlar. Shunda hech kim Xudoning kalomini yomonlamaydi.
6Yigitlarni ham bosiq boʻlishga undagin. 7Har bir ishda yurish–turishing bilan oʻzing ularga oʻrnak boʻlgin. Taʼlim berganingda samimiy va jiddiy boʻl. 8Toʻgʻri taʼlim bergin, shunda tanqidning oldini olgan boʻlasan va raqiblarimiz biz haqimizda yomon soʻz aytolmay, uyatga qoladilar.
9Qullarga oʻrgat, ular doim oʻz xoʻjayinlariga itoat etib, ularni mamnun qilsinlar. Gap qaytarmasinlar, 10oʻgʻrilik qilmasinlar, har qanday vaziyatda toʻgʻri yoʻl tutib, ishonchga sazovor boʻlsinlar. Shunda qullar xulq–atvori bilan najotkorimiz Xudo haqidagi taʼlimotning tengi yoʻq goʻzalligini namoyon etadilar.
11Zero, Xudo butun insoniyatga najot yoʻlini ochib berib, Oʻz inoyatini koʻrsatdi. 12-13Bu inoyat orqali Xudo bizga shuni oʻrgatadiki, biz xudosiz hayotdan va dunyoviy orzu–ehtiroslardan voz kechishimiz kerak. Axir, bizning ajoyib umidimiz bor: biz najotkorimiz Iso Masihning kelishiga va buyuk Xudoning ulugʻvorligini koʻrishga umid bogʻlaganmiz. Masihning kelishini kutar ekanmiz, bu oʻtkinchi hayotimizda nafsni tiyishimiz, toʻgʻri va taqvodor hayot kechirishimiz lozim. 14Axir, Iso Masih bizni barcha illatlarimizdan xalos qilish uchun Oʻz jonini fido qildi. U bizni poklab, Oʻziga tegishli boʻlgan, yaxshilik qilishga bagʻishlangan aziz bir xalq qildi.
15Aytganlarimning hammasini sen jamoatdagilarga oʻrgat. Xudo bergan hokimiyat bilan ularga nasihat qil, tanbeh ber. Seni birontasi kamsitishiga yoʻl qoʻyma.

Currently Selected:

Titus 2: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

YouVersion uses cookies to personalize your experience. By using our website, you accept our use of cookies as described in our Privacy Policy