Titus 1
1
1–BOB
Duoyi salom
1Xudoning quli va Iso Masihning havoriysi boʻlgan men — Pavlusdan salom! Xudoning tanlangan odamlari imonda sobit boʻlsinlar va xudojoʻylikka chorlovchi haqiqatni bilib olsinlar deb, Xudo meni bu xizmatga tayinladi. 2Havoriy sifatida men ularni abadiy hayotdan umidvor boʻlishga daʼvat etaman. Zero, Xudo abadiy hayotni azaldanoq vaʼda qilgan. U hech qachon yolgʻon vaʼdalar bermaydi. 3Belgilangan paytda Xudo abadiy hayotga chorlovchi Xushxabarni bizning voizligimiz orqali ayon etdi. Najotkorimiz Xudo bu Xushxabarni menga topshirib, uni eʼlon qilishimni buyurdi. 4Qadrdonim Titus#1:4 Titus — Pavlusning hamkori va yordamchisi (2 Korinfliklar 8:23, Galatiyaliklar 2:1 ga qarang)., bizning eʼtiqodimiz bir, sen menga oʻz oʻgʻlimday boʻlib qolgansan. Otamiz Xudo va najotkorimiz Iso Masih senga inoyat va tinchlik ato qilsin.
Titusning Krit orolidagi vazifalari
5Qolgan ishlarni bitirishing uchun men seni Krit orolida qoldirgan edim. Senga buyurganimdek, orolning har bir shahridagi imonlilar jamoati ustidan oqsoqollar tayinlagin. 6Jamoat oqsoqoli yaxshi nom chiqargan boʻlishi shart. U oʻz xotiniga vafodor#1:6 …oʻz xotiniga vafodor… — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …bir ayolning eri…. 1 Timoʻtiy 3:2 izohiga qarang. boʻlsin. Uning farzandlari imonli boʻlib, shaloqlik va itoatsizlik aybidan xoli boʻlishsin. 7Zero, jamoat yetakchisi Xudoning xonadonini boshqaruvchi sifatida kamchiliksiz boʻlishi lozim, yaʼni u takabbur, jahldor, mayxoʻr, zoʻravon yoki pulparast emas, 8balki mehmondoʻst, yaxshilikni sevadigan, vazmin, odil, oq koʻngil va nafsini tiygan odam boʻlsin. 9Haqiqatga oʻrgatilgan, Xushxabar aqidalariga qatʼiy rioya qiladigan inson boʻlsin. Shunda u boshqalarga ham sogʻlom taʼlimot bilan nasihat qila oladi, qarshilik qiluvchilarni esa fosh eta oladi.
10Axir, hech kimga itoat qilmaydigan, quruq gap sotadigan yolgʻonchi birodarlar bor, ayniqsa sunnatlilar#1:10 sunnatlilar — Pavlus bu oʻrinda Xudoga manzur boʻlish uchun sunnat qilinish kerak, deb oʻylagan odamlarga ishora qiladi. Pavlusning oʻzi sunnatga qarshi boʻlmagan, ammo najot topish uchun sunnat qilinish kerak, degan taʼlimotga qatʼiyan qarshi edi (Havoriylar 15:1-2 ga qarang). orasida bundaylar koʻp. 11Ularning safsatalarini toʻxtatish kerak. Zero, ular pul ishlash niyatida soxta taʼlimotlar oʻrgatib, butun oilalarni toʻgʻri yoʻldan ozdirmoqdalar. 12Mana, ulardan chiqqan bir mutafakkir oʻz yurtdoshlari haqida shunday degan:
“Kritliklar doimo yolgʻon gapirishadi,
Ular yebtoʻymas dangasalardir,
Goʻyoki yirtqich hayvonlardir.”
13Bu gapda jon bor. Shuning uchun beboshlarga qattiq tanbeh ber, toki ular haq imonga qaytsinlar. 14Yahudiylarning afsonalariga va haqiqatdan yuz oʻgirgan odamlarning koʻrsatmalariga quloq solmasinlar. 15Qalbi pok odamlar uchun hamma narsa haloldir. Buzuq va imonsizlarning nazarida esa hamma narsa haromdir. Bundaylarning aqli ham, vijdoni ham bulgʻangan. 16Ular, Xudoni bilamiz, deydilar–u, oʻz qilmishlari bilan Uni inkor etadilar. Bunday qabih, oʻzboshimcha odamlar hech bir xayrli ishga yaramaydilar.
Currently Selected:
Titus 1: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020