Filippiliklar 3
3
3–BOB
Masihni tanib–bilishdan afzalroq hech narsa yoʻq
1Endi esa, ey birodarlarim, Rabbimiz Iso tufayli shodlaning! Sizlarga bir xil narsalarni yozaversam ham zerikmayman, yozganlarim sizlarni har xil balolardan asraydi. 2Itday boʻlganlardan, yovuzlik qiladiganlardan, tanasini kesadiganlardan#3:2 Itday boʻlganlar…tanasini kesadiganlar… — Pavlus bu oʻrinda Xudoga manzur boʻlish uchun sunnat qilinish kerak, deb oʻrgatgan odamlarga ishora qiladi. Pavlusning oʻzi sunnatga qarshi boʻlmagan, ammo najot topish uchun sunnat qilinish kerak, degan taʼlimotga qatʼiyan qarshi edi (Havoriylar 15:1-2 ga qarang). ehtiyot boʻlinglar! 3Axir, ular emas, biz haqiqiy sunnat qilinganmiz, chunki biz Xudoning Ruhi yordamida sajda qilamiz. Biz Iso Masih bilan maqtanamiz, insoniy xususiyatlarimizga ishonmaymiz.
4Vaholanki, men oʻz xususiyatlarimga ishonsam boʻladi. Axir, bunday qilishga menda hammanikidan ham koʻra, koʻproq sabab bor. 5Men sakkiz kunligimda sunnat qilinganman#3:5 Men sakkiz kunligimda sunnat qilinganman… — sunnat Xudoning Ibrohim va uning avlodi bilan qilgan ahd belgisi edi (Ibtido 17:9-14 ga qarang). Sunnat yahudiylarning Xudoga sodiqligini va Uning tanlagan xalqiga tegishli ekanini koʻrsatadi., Isroil avlodidan, Benyamin qabilasidanman. Men haqiqiy ibroniyman. Farziy#3:5 Farziy — yahudiylarning muhim bir diniy mazhabi. Farziylar Tavrot qonunlariga qatʼiy rioya qilardilar, ogʻzaki ravishda tarqalgan urf–odatlarga hamda poklanish udumlariga izchil amal qilardilar. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi FARZIY soʻziga qarang. boʻlib, Xudoning qonuniga soʻzsiz rioya qilardim. 6Jon–jahdim bilan jamoatni quvgʻin qilardim. Qonunlarga rioya qilishga asoslangan solihlikka kelganda, aybsiz edim. 7Ammo men uchun foyda boʻlgan bularning hammasini endi Masih tufayli zarar deb hisoblayman. 8-9Ha, hamma narsa qadrsizdir, chunki Rabbim Iso Masihni tanib–bilishdan afzalroq hech narsa yoʻq deb hisoblayman. Uni deb, men hamma narsadan voz kechdim. Masihga sazovor boʻlish, butunlay Unga tegishli boʻlish uchun hamma narsani axlat deb bildim. Endi qonunga rioya qilish orqali solihlikka erishishga umid qilmayman, aksincha, Masihga boʻlgan imonim bilan solihlikka erishishga intilaman. Ha, bu solihlikni Xudo imon tufayli beradi. 10Maqsadim shuki, Iso Masihni bilay, Uni tiriltirgan qudrat mening hayotimda ham oʻz kuchini koʻrsatsin, Masihning azoblariga sherik boʻlay. Uning oʻlim paytidagi fikr–zikri mening hayot tarzim namunasi boʻlsin. 11Bir kun kelib, men oʻlikdan tirilishga erishaman, deb umid qilaman.
Yutuq tomon intilish
12Men maqsadimga yetdim yoki kamolotga erishdim, deb aytolmayman. Ammo men unga yetishay, deb intilaman, chunki Iso Masih aynan shu maqsad uchun meni Oʻziniki qilib olgan. 13Birodarlar, men oʻzimni oʻsha maqsadga yetishganman deb hisoblamayman. Ortda qolganlarni unutib, oldinga intilaman. Faqatgina 14oʻsha maqsadni koʻzlayman–da, Xudo meni Iso Masih orqali chaqirib, menga ato qiladigan samoviy yutuq tomon intilmoqdaman. 15Biz hammamiz, imon jihatidan yetuklikka erishganlar, shunday oʻylashimiz kerak. Agar sizlar biror narsa haqida boshqacha fikrda boʻlsangiz, Xudo sizlarga nohaq ekanligingizni ayon qiladi. 16Nima boʻlishidan qatʼi nazar, qay darajaga erishgan boʻlsak, endi shu boʻyicha yashashda davom etaveraylik#3:16 …shu boʻyicha yashashda davom etaveraylik — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida shunga yarasha fikr qilishimiz va oʻsha qoida boʻyicha yashashimiz kerak..
17Birodarlarim, mendan oʻrnak olayotganlarga qoʻshilinglar. Bizning namunamiz boʻyicha yashayotganlarga eʼtibor berib, ulardan oʻrganinglar. 18Axir, men sizlarga oldin koʻp marta aytganman, hozir ham koʻzlarimga yosh toʻlib, qaytaryapman: Masih xochining dushmani boʻlib yashayotganlar koʻp. 19Ularning oxiri — halokat, ularning xudosi nafsdir. Uyatsiz qiliqlaridan faxrlanadilar. Ularning oʻy–xayollari foniy dunyodagi narsalarga berilgan. 20Bizning vatanimiz esa samodadir. Bizlar najotkorimiz boʻlgan Rabbimiz Iso Masihning oʻsha yerdan kelishini intizorlik bilan kutyapmiz. 21Rabbimiz butun borliqni Oʻziga boʻysundirish kuchiga egadir. Mana shu kuch bilan U bizning ojiz, foniy tanamizni Oʻzining ulugʻvor tanasiga oʻxshatib oʻzgartiradi.
Currently Selected:
Filippiliklar 3: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020