Filippiliklar 4
4
4–BOB
Turli pand–nasihatlar
1Shunday qilib, sevimli birodarlarim, sizlarga aytganlarim boʻyicha, Rabbimiz Iso bilan boʻlgan munosabatingizda mahkam turinglar. Azizlarim, men sizlarni juda sogʻindim. Sizlar mening quvonchimsiz, faxrimsiz!
2Evodiya va Sintixa, sizlardan iltimos qilaman, Rabbimiz haqi yakdil boʻlinglar. 3Ey vafodor hamkorim, sendan ham oʻtinaman, bu ayollarga yordam ber, chunki ular men bilan birga, Kliment hamda ismlari hayot kitobida#4:3 hayot kitobi — Xudo Oʻziga tegishli boʻlganlarning ismlarini yozib qoʻygan kitob (Vahiy 20:11-15 ga qarang). yozilgan boshqa hamkorlarim qatori Xushxabarni targʻib etishda ter toʻkdilar.
4Har doim Rabbimiz Iso tufayli shodlaning! Yana bir bor aytaman, shodlaning! 5Hammaga nisbatan muloyim boʻling. Rabbimiz yaqinda keladi#4:5 Rabbimiz yaqinda keladi — yoki Rabbimiz yaqin.. 6Hech narsadan tashvish qilmanglar. Aksincha, har qanday sharoitda ibodat va iltijoda boʻlib, har bir muhtojligingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar. 7Shunda Xudo beradigan, inson xayoliga sigʻmaydigan tinchlik Iso Masih orqali sizlarning yuraklaringizni va oʻy–xayollaringizni qoʻriqlaydi.
8Endi esa, ey birodarlarim, fikr–zikringiz haqiqiy, sharafli, toʻgʻri, pok, yoqimli, tahsinga sazovor narsalarda boʻlsin. Ha, olqishga loyiq, aʼlo narsalar haqida fikr yuritinglar. 9Taʼlimotimni qabul qildingiz. Endi mendan oʻrganganlaringizning, koʻrgan–eshitganlaringizning hammasini bajaringlar. Shunda tinchlik beradigan Xudo sizlar bilan birga boʻladi.
Pavlusning minnatdorchiligi
10Sizlar men uchun yana gʻamxoʻrlik qilayotganingizdan juda xursand boʻlib, Rabbimiz Isoga shukur qilyapman. Albatta, sizlar oldin ham men uchun gʻamxoʻrlik qilardingiz, lekin buni koʻrsatishga imkoniyatingiz boʻlmagan edi. 11Bularni muhtojlikdan aytayotganim yoʻq, chunki men har qanday sharoitda boriga qanoat qilishga oʻrganganman. 12Har qanday sharoitda va har yerda ham toʻq boʻlish, ham och qolish, moʻl–koʻlchiligu muhtojlikda yashash sirlarini oʻrganganman. Men tanqislikda ham, moʻl–koʻlchilikda ham qanday hayot kechirishni bilaman. 13Menga kuch–quvvat beradigan Iso Masihning madadi bilan har narsani qila olaman. 14Nima boʻlishidan qatʼi nazar, sizlar qiyinchiliklarimga sherik boʻlib yaxshi qildingizlar.
15Axir, siz, Filippiliklar, oʻzlaringiz bilasizlar–ku, men sizlarga Xushxabarni aytgan paytimdan#4:15 …men sizlarga Xushxabarni aytgan paytimdan boshlab… — Havoriylar 16:12-40 ga qarang. boshlab, Makedoniyadan ketganimdan keyin ham faqat sizlar menga moddiy jihatdan yordam berardingiz. Sizlardan boshqa hech bir jamoat bunday qilmadi. 16Hatto Salonikada#4:16 Salonika — Rim imperiyasiga qarashli boʻlgan Makedoniya viloyatining poytaxti. boʻlganimda ham sizlar bir–ikki marta menga yordam berib, ehtiyojimni qondirdingiz. 17Men sizlardan biror narsa undirib olish niyatida gapirayotganim yoʻq. Aksincha, sizlarning foydangiz koʻpayishini koʻzlayapman. 18Hozir menda kerakli hamma narsa bor, hatto ortigʻi bilan bor. Epafroditusdan berib yuborgan hadyalaringizni oldim. Endi hech bir muhtojligim qolmadi. Bu hadyalaringiz xushboʻy nazrday, Xudoga maʼqul boʻladigan yoqimli qurbonlik kabidir. 19Xudoyim Oʻzining ajoyib boyligi bilan Iso Masih orqali sizlarning har bir ehtiyojingizni qondiradi. 20Otamiz Xudoga abadulabad shon–sharaflar boʻlsin! Omin.
Soʻnggi salomlar
21Iso Masihga tegishli boʻlganlarning hammasiga salom aytib qoʻying. Yonimdagi birodarlar ham sizlarga salom aytyapti. 22Xudoning azizlari boʻlganlarning hammasi, ayniqsa Qaysar#4:22 Qaysar — barcha Rim imperatorlariga berilgan unvon. xizmatida boʻlganlar#4:22 Qaysar xizmatida boʻlganlar — 1:13 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang., sizlarga salom yoʻllayaptilar.
23Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor boʻlsin!#4:23 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻz oyatga qoʻshimcha qilingan: omin.
Currently Selected:
Filippiliklar 4: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020