Filippiliklar 2
2
2–BOB
Masihdan oʻrnak oling
1Masihga tegishli boʻlganingiz sizlarga dalda beryapti, Uning sevgisidan tasalli topyapsiz, Muqaddas Ruh bilan muloqotdasiz, yuraklaringiz mehr–shafqatga toʻla. 2Shunday ekan, mening shodligimga shodlik qoʻshib, bir xil fikr qiling, bir–biringizga mehr–muhabbat koʻrsating, yakdillik bilan hamfikr boʻling. 3Hech bir ishni xudbin niyatda qilmang, shuhratparast boʻlmang, aksincha, kamtarlik bilan boshqalarni oʻzingizdan yuqori deb biling. 4Faqat oʻzingizning emas, balki boshqalarning ham manfaatini koʻzlang.
5Fikr–zikringiz Iso Masihnikiday boʻlsin. 6Iso Masih Xudoning tabiatiga ega edi, shunda ham U Xudo bilan tengligini mahkam tutmadi. 7Aksincha, U bu ulugʻvorlikdan voz kechib, qul tabiatiga kirdi, inson boʻlib tugʻildi. U inson qiyofasida yashab, 8Oʻzini past tutdi. Itoatkor boʻlib, hatto oʻlimga, xochdagi oʻlimga ham rozi boʻldi. 9Shuning uchun Xudo Uni eng yuqoriga yuksaltirdi va Unga har qanday ismdan yuqori ismni ato etdi. 10Toki Isoning oldida yeru osmondagi va yer ostidagi borliq jon tiz choʻksin, 11har bir til Iso Masihni Rabbiy deb tan olib, Otamiz Xudoga sharaf keltirsin.
Najotingiz yorqin koʻrinib tursin
12Ey azizlarim, mana shularni yodda tutib, har doimgiday itoatkor boʻlishda davom etaveringlar. Faqatgina sizlar bilan boʻlganimda emas, hatto yoningizda boʻlmasam ham, Xudoning oldida qoʻrquv va titroq bilan shunday yashanglarki, najot topganingiz yorqin koʻrinib tursin. 13Zotan, Xudo Oʻzini xushnud qiladigan ishlarni qilishingiz uchun sizlarga kuch va xohish beradi.
14-16Mana shu buzuq va egri nasl orasida Xudoning nuqsonsiz, aybsiz va pok farzandlari boʻlishingiz uchun hamma narsani nolimay, bahslashmay qilinglar. Hayotbaxsh xabarni mahkam tutar ekansiz, oʻsha buzuq va egri nasl orasida samodagi yulduzlar kabi porlaysizlar. Shunda Masih kelgan kuni, mehnatim zoye boʻlmaganidan, qilgan ishlarim behuda ketmaganidan faxrlanaman. 17Siz imoningizga asoslanib, xizmat qilib kelyapsiz, shu sizning qurbonligingizdir. Agarda mening jonim fido boʻlib, hayotim sizning qurbonligingiz ustiga toʻkiladigan sharob nazriday#2:17 sharob nazri — qurbongohda kuydiriladigan baʼzi bir qurbonliklar ustiga quyiladigan nazr. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi NAZR iborasi ostida berilgan SHAROB NAZRI soʻziga qarang. boʻlib qolsa ham, xursand boʻlaman, hammangiz bilan birga shodlanaman. 18Xuddi shuningdek, sizlar ham xursand boʻlinglar va men bilan birga shodlaninglar.
Pavlus Timoʻtiyni va Epafroditusni Filippiga joʻnatmoqchi
19Rabbimiz Isoning irodasi bilan yaqinda Timoʻtiyni sizlarning oldingizga yuboraman, deb umid qilaman. Shunda ahvolingizdan xabardor boʻlib, koʻnglim taskin topadi. 20Timoʻtiyni yuborishimning sababi shuki, sizlar uchun xuddi menday chin koʻngildan jon kuydiradigan boshqa hech kim yoʻq. 21Qolganlar Iso Masihga xizmat qilishni emas, balki oʻz manfaatini koʻzlaydi. 22Oʻzlaringiz bilasizlar, biz Xushxabarni yoyishda Timoʻtiy bilan birga ota–oʻgʻilday xizmat qildik. U oʻzining hurmatga loyiq ekanligini koʻrsatdi. 23Shuning uchun taqdirim aniq boʻlishi bilanoq Timoʻtiyni sizlarning oldingizga yuboraman, deb umid qilaman. 24Oʻzim ham yaqinda oldingizga boraman. Bu haqda Rabbimizning Oʻzi menda ishonch hosil qildi.
25Hozir esa Epafroditusni#2:25 Epafroditus — Filippilik imonlilar Pavlusga shu odam orqali hadya yuborishgan (4:18 ga qarang). Epafroditus Filippiga qaytib ketayotganda, Pavlus ushbu maktubini u orqali berib yuborgan edi. yoningizga yuborishni lozim koʻrdim. U sizlarning yuborgan elchingiz, muhtojligimda menga madad bergan birodarim, hamkorim va safdoshimdir. 26Epafroditus sizlarni juda sogʻingan. Uning kasalligi haqida eshitganingizni ham bilib qattiq qaygʻuryapti. 27Haqiqatan ham u oʻlar holatda kasal edi, ammo Xudo unga rahm–shafqat koʻrsatdi. Bu bilan Xudo faqat unga emas, balki gʻamimga gʻam qoʻshilmasin deb, menga ham shafqat qildi. 28Shunday qilib, yana Epafroditusni koʻrib, sevininglar degan niyatda uni tez orada oldingizga yuboraman. Shunday qilsam, gʻamim ancha yengillashadi. 29Rabbimiz Isoga ishonganlar bir–birlarini qanday kutib olsalar, sizlar ham Epafroditusni xuddi shunday qilib, katta quvonch bilan kutib olinglar. Bunday insonlarga munosib boʻlgan izzat–hurmatni unga koʻrsatinglar. 30Axir, u Masihga xizmat qilish yoʻlida bir oʻlimdan qoldi. Sizlarning oʻrningizga ham menga xizmat qilib, oʻz jonini ayamadi.
Currently Selected:
Filippiliklar 2: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020