2 Solnomalar 32
32
32–BOB
Ossuriyaliklar Quddusga xavf soladi
1Shoh Hizqiyo sadoqat bilan bajargan bu ishlaridan keyin, Ossuriya shohi Sanxariv#32:1 Ossuriya shohi Sanxariv — miloddan oldingi 705-681 yillarda Ossuriyada hukmronlik qilgan. Yahudoga bostirib keldi. U mustahkam shaharlarni egallab olish maqsadida ularni qamal qildi. 2Sanxariv Quddusga hujum qilmoqchi boʻlganini Hizqiyo bilgach, 3lashkarboshilari va jangchilariga maslahat soldi. Ular shahar tashqarisidagi buloqlar oqimini toʻxtatishga qaror qildilar. 4Bir talay xaloyiq toʻplanib: “Nimaga endi Ossuriya shohi kelib, moʻl–koʻl suvga ega boʻlar ekan”, deya hamma buloqlarni va hududdan oqib oʻtgan irmoqni toʻxtatdi. 5Hizqiyo qatʼiyat bilan ishga kirishib, buzilgan devorni qurdirdi, devor ustiga minoralar oʻrnatdi. Shahar devorining tashqarisidan yana bir devor koʻtartirdi. Shuningdek, Dovud qalʼasining sharq tomonidagi Milloni#32:5 Millo — Dovud qalʼasi tepalik ustida edi. Bu tepalikning sharq tomoni oʻpirilib ketgani uchun uni tuzatish shart boʻlgan. Tepalikning oʻpirilib ketgan joyi tuproq bilan toʻldirilgan, kengaytirilgan va mustahkamlangan edi. Tepalikning bu qismi Millo deb atalardi. tuzattirdi, koʻplab qurol–aslaha va qalqonlar yasattirdi. 6Shahardagi hamma erkaklar ustidan lashkarboshilar tayinlab, ularni shahar darvozasi oldidagi maydonga toʻpladi. Hammalariga dalda berib, shunday dedi: 7“Dadil va botir boʻlinglar, qoʻrqmanglar. Ossuriya shohi va uning toʻdalari oldida vahimaga tushmanglar, chunki buyuk kuch biz tomonda, ular tomonda emas. 8Ular tomonda insoniy qudrat boʻlsa, biz tomonda Egamiz Xudodir. U bizga yordam beradi, biz uchun jang qiladi.” Yahudo shohi Hizqiyoning soʻzlaridan xalq ruhlanib ketdi.
9Ossuriya shohi Sanxariv jamiki lashkari bilan Laxish shahrini#32:9 Laxish shahri — Quddusdan qariyb 35 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan edi. qamal qilgan paytda, oʻz aʼyonlarini Quddusga — Yahudo shohi Hizqiyo va Quddus aholisi oldiga quyidagi xabar bilan joʻnatdi:
10“Ossuriya shohi Sanxariv shunday demoqda: sizlar oʻzi nimangizga ishonyapsizlar? Nimaga qamalda qolgan Quddusda hanuz oʻtiribsizlar? 11Ossuriya shohi qoʻlidan Egamiz Xudo bizni qutqaradi, deb Hizqiyo sizlarni aldamasin. U sizlarni ochligu tashnalikdan halok qilmoqchi! 12Egangizning sajdagohlarini#32:12 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang. va qurbongohlarini yoʻq qilgan Hizqiyoning oʻzi emasmi?! U Yahudo xalqiga va Quddusliklarga: «Faqat bitta qurbongoh oldida sajda qilinglar, yolgʻiz oʻshaning ustida qurbonliklar keltiringlar», deb aytgan ekan#32:12 U Yahudo xalqiga va Quddusliklarga…deb aytgan ekan — Hizqiyoning qilgan ishlaridan Xudo mamnun edi (Qonunlar 12:2-7, 4 Shohlar 18:3-5 ga qarang). Ammo Ossuriya shohi bu soʻzlarni Yahudo xalqini va Quddus aholisini Hizqiyoga qarshi qoʻzgʻatish niyatida, Xudoga itoat qilmaslikka va ishonmaslikka undash maqsadida aytgan edi (shu bobning 13-19–oyatlariga qarang).. 13Nahotki men va otalarim boshqa yurtlarning xalqlarini nimalar qilganini bilmasangiz?! Oʻsha xalqlarning xudolari qani?! Birortasi oʻz yurtini mening qoʻlimdan qutqara oldimi?! 14Mening ota–bobolarim yer yuzidan supurib tashlagan qaysi bir xalqning xudosi oʻz yurtini mening qoʻlimdan qutqara olibdiki, Xudoyingiz sizni qutqara olsa?! 15Endi Hizqiyoning aldovlariga uchmanglar, u sizlarni yoʻldan urmasin. Unga ishonmanglar, biror xalqning yoki shohlikning xudosi oʻz xalqini mening qoʻlimdan yoki otalarimning qoʻlidan qutqara olmagan. Xudoyingiz kim boʻlibdiki, sizlarni mening qoʻlimdan qutqara olsa.”
16Sanxarivning aʼyonlari gapida davom etib, Parvardigor Egamiz va Uning quli Hizqiyoni haqoratladilar. 17Shoh Sanxariv yozgan maktubida ham Isroil xalqining Xudosi — Egamizni tahqirlab, Uni shunday soʻzlar bilan masxara qilgan edi: “Boshqa yurtlarning xudolari oʻz xalqlarini mening qoʻlimdan qutqara olmagani singari, Hizqiyoning xudosi ham oʻz xalqini mening qoʻlimdan qutqara olmaydi.” 18Aʼyonlar bu gaplarini ibroniy tilida devor ustida turgan Quddus xalqiga baqirib aytdilar. Ular Quddusni qoʻlga kiritish niyatida aholini vahimaga solib, qoʻrqitib qoʻymoqchi edilar. 19Quddus Xudosini boshqa xalqlarning xudolari qatorida koʻrdilar, U toʻgʻrida xuddi inson qoʻli bilan yaratilgan butlar haqida gapirganday gapirdilar.
20Shoh Hizqiyo va Omiz oʻgʻli Ishayo paygʻambar Xudoga iltijo qilib yordam soʻradilar. 21Egamiz farishtasini joʻnatgan edi, farishta Ossuriya shohi qarorgohidagi hamma bahodir jangchilarni, lashkarboshilarni va aʼyonlarni qirib tashladi. Sanxariv sharmandalarcha oʻz yurtiga qaytib ketdi. U oʻz xudosining uyiga kirganda, oʻgʻillarining baʼzilari unga qilich urib oʻldirdilar.
22Shunday qilib, Egamiz shoh Hizqiyoni va Quddus aholisini Ossuriya shohi Sanxarivning qoʻlidan va butun gʻanimlari qoʻlidan qutqardi. Yahudo xalqiga Egamiz har tarafdan osoyishtalik ato qildi#32:22 Yahudo xalqiga Egamiz har tarafdan osoyishtalik ato qildi — qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda Yahudo xalqini Egamiz har tomondan boshqarardi.. 23Koʻp odamlar Quddusga tashrif buyurib, Egamizga nazrlar, Yahudo shohi Hizqiyoga qimmatbaho tortiqlar olib keldilar. Oʻsha paytdan boshlab hamma xalqlar Hizqiyoni yuksak darajada hurmat qiladigan boʻldilar.
Shoh Hizqiyoning xastaligi
24Oʻsha kunlari Hizqiyo tuzalmas xastalikka yoʻliqib, oʻlim toʻshagiga yotib qoldi. U Egamizga ibodat qilgan edi, Egamiz unga javob berib, xastaligidan tuzalishini tasdiqlaydigan bir alomat koʻrsatdi. 25Ammo Hizqiyo noshukurchilik qilib, oʻzini magʻrur tutgani uchun oʻz boshiga hamda Yahudo va Quddus ustiga Egamizning gʻazabini keltirdi. 26Nihoyat, Hizqiyo va Quddus aholisi yuragidagi magʻrurligidan tavba qildi. Shu sababdan Egamiz shoh Hizqiyo davrida xalqqa gʻazabini sochmadi.
Shoh Hizqiyoning boyligi va hashamati
27Hizqiyo boy–badavlat boʻlib, yuksak obroʻga erishdi. U oʻzining kumushlari, oltin, qimmatbaho toshlari, ziravorlari, qalqonlari va hamma qimmatli buyumlari uchun xazinalar qurdirdi. 28Bugʻdoy, sharob va zaytun moylari uchun omborxonalar, barcha turdagi mollari uchun ogʻilxonalar, qoʻylari uchun qoʻtonlar qurdirdi. 29Koʻplab shaharlar bunyod etib, poda va suruvlarini koʻpaytirdi, chunki Xudo unga behad boylik bergan edi. 30Hizqiyo Gixoʻn bulogʻining yuqori qismini berkitib, qazdirgan quvur orqali suvni Quddus ichiga olib kirdi#32:30 …qazdirgan quvur orqali suvni Quddus ichiga olib kirdi — bu quvur 520 metr uzunlikda boʻlib, qoyani oʻyib qilingan edi. Suv quvur orqali shahar devori tashqarisidagi Gixoʻn soyligidan shahar ichidagi Siloam hovuziga kelib tushar edi. Yana shu bobning 2-4–oyatlariga qarang.. U hamma ishlarida muvaffaqiyatga erishdi. 31Biroq Bobil shahzodalari Yahudo yurtida yuz bergan moʻjizali alomat toʻgʻrisida soʻrash uchun oʻz elchilarini Hizqiyo huzuriga joʻnatganlarida#32:31 …Bobil shahzodalari…oʻz elchilarini Hizqiyo huzuriga joʻnatganlarida… — 4 Shohlar 20:12-19 ga qarang., Xudo Hizqiyoni oʻz holiga qoʻyib qoʻygandi. Xudo Hizqiyoni sinab, uning dilidagi asl niyatlarini bilmoqchi edi.
32Hizqiyoning boshqa ishlari, qilgan yaxshiliklari “Yahudo va Isroil shohlari kitobi”dagi “Omiz oʻgʻli Ishayo paygʻambarning vahiysi”da yozilgan. 33Hizqiyo olamdan oʻtib, Dovud nasli xilxonasining toʻriga dafn qilindi#32:33 …Dovud nasli xilxonasining toʻriga dafn qilindi — yoki …Dovud naslining xilxonasiga, tepalikning yuqori qismiga dafn qilindi.. Hizqiyo vafot etganda, butun Yahudo xalqi va Quddus aholisi unga izzat–hurmat koʻrsatdi. Uning oʻrniga oʻgʻli Manashe shoh boʻldi.
Currently Selected:
2 Solnomalar 32: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020