2 Solnomalar 31
31
31–BOB
Shoh Hizqiyoning islohotlari
1Bayram tugagandan keyin, oʻsha yerdagi butun xaloyiq Yahudo, Benyamin, Efrayim va Manashe hududidagi shaharlarga borib, butsimon toshlarni parchalab tashladilar, Asheraning#31:1 Ashera — 14:3 ning ikkinchi izohiga qarang. ustunlarini kesdilar, sajdagohlar#31:1 sajdagohlar — 11:15 ning birinchi izohiga qarang. va qurbongohlarni vayron qildilar. Bittasini ham qoldirmadilar. Shundan keyin hammalari oʻz shaharlariga, oʻzlarining mulkiga qaytdilar.
2Hizqiyo ruhoniylarni va levilarni guruhlarga boʻldi. Har bir guruhga quyidagi vazifalarni taqsimlab berdi: Egamizning Maʼbadi hovlisida kuydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini nazr qilish, u yerda xizmat qilib, hamdu sano va madhiyalar aytish. 3Egamizning qonuniga koʻra, har kuni ertalab va kechqurun, Shabbat kunlari, yangi oy shodiyonalari va tayinlangan bayram kunlari kuydiriladigan qurbonliklar keltirilishi lozim edi. Shoh Hizqiyo oʻzining shaxsiy mulkidan bu qurbonliklar uchun hayvonlarni berdi. 4U Quddusda yashagan xalqqa: “Ruhoniylar va levilarga tegishli ulushni beringlar, toki ular oʻzlarini toʻliq Egamizning qonunlarini bajarishga bagʻishlasinlar”, deb farmon berdi. 5Farmon berilgach, xalq bugʻdoyning, sharob, zaytun moyi, asal va dalada yetishtirilgan donlarning birinchi hosilidan moʻl qilib olib keldilar. Ular olib kelgan hamma narsaning ushri#31:5 ushr — har qanday daromadning oʻndan bir qismi. Levilar 27:30-33, Qonunlar 14:22-29, 26:12-13 ga qarang. nihoyatda moʻl edi. 6Yahudo shaharlarida yashagan Isroil va Yahudo xalqi mol–qoʻylarining ushrini hamda Egasi Xudoga atab bagʻishlangan inʼomlarning ushrini olib kelib, uyum–uyum qildilar. 7Xalq inʼomlar olib kelishni uchinchi oyda#31:7 uchinchi oy — ibroniy kalendarining Shavon oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan mayning oʻrtasidan boshlanadi. boshlab, yettinchi oyda#31:7 yettinchi oy — ibroniy kalendarining Tishri oyi nazarda tutilgan (Tishri oyi Itanim oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan sentabrning oʻrtasidan boshlanadi. tugatdi. 8Hizqiyo va uning aʼyonlari kelib uyum–uyum inʼomlarni koʻrishgach, Egamizga hamdu sano aytib, Isroil xalqini duo qilishdi.
9Hizqiyo ruhoniylar va levilardan bu inʼomlar haqida soʻraganda, 10Zodoʻx xonadonidan boʻlgan oliy ruhoniy Ozariyo Hizqiyoga shunday javob berdi: “Xalq inʼomlarni Egamizning uyiga olib kela boshlaganidan beri, ozuqamiz yetarli. Juda koʻp ortib qolgani ham bor. Ha, Egamiz Oʻz xalqiga baraka berdi, ortganining koʻpligini bir koʻrib qoʻying.” 11Shunda Hizqiyoning buyrugʻiga binoan, Egamiz uyining omborxonalari tayyorlandi. 12Bu omborxonalarga hamma hadyalar, ushrlar va bagʻishlangan inʼomlar qoʻyildi. Bularga nazoratchi qilib levi Xonaniyo, uning yordamchisi qilib ukasi Shimax tayinlandi. 13Ularning qoʻli ostida quyidagi oʻn nafar levi ishlaydigan boʻldi: Yoxiyol, Ozaziyo, Naxat, Osoyil, Yarimoʻt, Yoʻzabad, Eliyol, Yismaxiyo, Maxat va Binayo. Bularning hammasi shoh Hizqiyo va oliy ruhoniy Ozariyo tomonidan tayinlangan edilar.
14Kori Maʼbadning sharqiy darvozasi darvozaboni boʻlib, Xudoga koʻngildan qilingan nazrlar uchun masʼul edi. Kori levi Yimnaxning oʻgʻli edi. Uning vazifasi Egamizga atalgan inʼomlarni va eng muqaddas nazrlarni ruhoniylar va levilarga boʻlib berish edi. 15Uning sodiq yordamchilari Eden, Minyomin, Yeshuva, Shamayo, Emoriyo va Shaxaniyo edilar. Ular ruhoniylarga qarashli shaharlarda xizmat qilib, u yerdagi ruhoniylarning oilalariga guruhlari boʻyicha ulush taqsimlab berishar edi. Yoshu qariga bir xil ulush ajratishardi: 16Egamizning uyidagi xizmatni guruhlari boʻyicha bajaradigan hamma erkaklarga, shuningdek, nasabnomada nomlari qayd etilgan uch va undan yuqori yoshdagi oʻgʻil bolalarga ulush berishardi. 17Ular xonadonlari boʻyicha roʻyxatga olingan ruhoniylarga, shuningdek, yigirma va undan yuqori yoshdagi levilarga ulush ajratishardi. Levilarning roʻyxati bajaradigan vazifalari va guruhlari asosida tuzilgan edi. 18Nasabnomada nomlari qayd etilgan hamma erkaklarning oilalariga — xotini, oʻgʻil–qizlari, chaqaloqlariga ham ulush berilardi. Zotan, ular oʻzlarini pok saqlashda sadoqat koʻrsatar edilar. 19Shaharlarning chetlarida istiqomat qilgan, Horun naslidan boʻlgan ruhoniylarga kelsak, ularga ham ulush tarqatadigan odamlar tayinlangan edi. Bu odamlar ruhoniy urugʻidan boʻlgan har bir erkak zotiga va roʻyxatga olingan har bir leviga ulush berishar edi.
20Shu yoʻsinda, Hizqiyo butun Yahudo boʻylab ulush tarqatish vazifasini uddaladi. U Egasi Xudo oldida yaxshi, toʻgʻri va halol ishlar qildi. 21Maʼbad xizmatiga, Xudoning qonunlari va amrlariga oid qilgan har bir ishini Xudoga intilgan holda, chin yurakdan qilgani uchun koʻp muvaffaqiyatga erishdi.
Currently Selected:
2 Solnomalar 31: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020