1 Butrus 2
2
2–BOB
Xudoning kalomiga intilinglar
1Endi har qanday yomon niyat, hiyla–nayrang, ikkiyuzlamachilik, rashk–hasad va gʻiybatni oʻzingizdan soqit qilinglar. 2Yangi tugʻilgan chaqaloq sof ona sutini tusaganday, sizlar ham Xudo kalomiga tashna boʻlinglar. Kalom bilan oziqlanib, ulgʻayib, najotga erishinglar. 3Axir, sizlar Rabbimiz Isoning muruvvatidan bahramand boʻldingizlar.
Xudoning maʼbadi uchun tirik toshlar
4Insonlar rad etgan, lekin Xudo qimmatbaho deb tanlagan tirik toshga — Rabbimiz Isoga yaqinlashinglar. 5Shunda oʻzlaringiz ham tirik toshlarday boʻlasizlar. Xudo sizlardan ruhiy maʼbad barpo etadi. Sizlar muqaddas ruhoniylar boʻlib xizmat qilasizlar va Iso Masih orqali Xudoga maqbul ruhiy qurbonliklar keltirasizlar. 6Zero, Muqaddas bitiklarda Xudo shunday degan:
“Mana, Men joylashtiryapman Quddusda#2:6 Quddus — yunoncha matnda Sion. Quddusdagi Maʼbad qurilgan tepalik Sion togʻi deb atalgan. Eski Ahddagi sheʼriy parchalarda va paygʻambarlar bitiklarida Sion soʻzi koʻpincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SION soʻziga qarang.
Tanlangan, qimmatbaho tamal toshini#2:6 tamal toshi — qadimgi paytlarda qurilishda poydevor uchun qoʻyilgan birinchi va eng muhim tosh hisoblanardi. Bu tosh poydevorning bir burchagini hosil qilib, binoning qolgan qismi oʻsha toshning joylashuvi boʻyicha qurilardi..
Unga tayangan hech bir inson uyatga qolmaydi.”#2:6 Muallif bu oʻrinda Ishayo 28:16 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
7Sizlar — Masihga ishonganlar uchun bu tosh qimmatbahodir. Ammo ishonmaganlarga Muqaddas bitiklardagi shu soʻzlar#2:7 Muqaddas bitiklardagi shu soʻzlar — bu oʻrinda Butrus Zabur 117:22, Ishayo 8:14 ni nazarda tutgan. toʻgʻri keladi:
“Binokorlar rad etgan tosh
Binoning tamal toshi boʻldi.
Baʼzilar bu toshga qoqinadi,
Uning dastidan yiqiladi.”
8Imonsizlar Xushxabarni rad etib, itoatsizlik qilganlari uchun qoqinadilar. Ular ana shu qismatga mahkum boʻlganlar.
9Ammo sizlar — tanlangan bir nasl, ruhoniylar shohligi, muqaddas qavm#2:9 ruhoniylar shohligi, muqaddas qavm — Chiqish 19:6 ga qarang. Yana Ishayo 61:6, Vahiy 1:6, 5:9-10, 20:5-6 ga qarang., Xudoning aziz xalqisiz. Xudo sizlarni zulmatdan Oʻzining ajoyib nuriga daʼvat etgan, Uning buyuk ishlarini eʼlon qilishingiz uchun sizlarni tanlagan. 10Sizlar bir vaqtlar Xudoga begona edingizlar, endi esa Uning xalqisizlar. Bir vaqtlar Xudoning marhamatidan bebahra edingizlar, endi esa Undan marhamat topdingizlar#2:10 Sizlar…Undan marhamat topdingizlar — bu oʻrinda Butrus Xoʻsheya 1:6, 9-10, 2:23 ni nazarda tutgan..
Jamiyatda Xudoga munosib hayot kechiringlar
11Ey azizlarim, sizlardan oʻtinib soʻrayman, jonga qarshi kurashadigan nafs ehtiroslaridan saqlaninglar. Axir, sizlar bu dunyoda gʻaribu musofirsizlar. 12Imonsizlar orasida Xudoga munosib hayot kechiringlar. Ular sizlarni yomonlikda ayblasalar–da, ezgu ishlaringizni koʻrib, kim bilsin, balki tavba qilishar va qiyomat kuni Xudoni ulugʻlashar.
13Insonlar tomonidan oʻrnatilgan har qanday hokimiyatga, Egamiz haqi–hurmati, boʻysuninglar. Oliy hokim boʻlgan shohga#2:13 Oliy hokim boʻlgan shoh — oʻsha paytdagi Rim imperatori. ham, 14u tayinlagan hokimlarga ham itoat qilinglar. Zero, hokimlar yomonlik qilganlarni jazolash uchun, yaxshilik qilganlarni esa taqdirlash uchun tayinlangan. 15Siz haqiqatni bilmagan nodon odamlarning ogʻizlarini qilgan yaxshiligingiz bilan yopinglar, chunki bu Xudoning xohishidir. 16Ozod odamlardek yashanglar, ammo ozodlik niqobi ostida yomonlik qilmanglar. Xudoning qullariday hayot kechiringlar. 17Hamma odamlarni hurmat qilinglar. Imonli birodarlaringizni yaxshi koʻringlar. Xudodan qoʻrqinglar, davlat rahbariga izzat–ehtirom koʻrsatinglar.
18Ey qullar, Xudodan qoʻrqqaningiz uchun#2:18 …Xudodan qoʻrqqaningiz uchun… — yoki …kamoli ehtirom bilan…. xoʻjayinlarga itoat qilinglar. Nafaqat mehribon va muloyimlarga, balki qattiqqoʻl xoʻjayinlarga ham boʻysuninglar. 19Agar sizlar Xudoni mamnun qilmoqchi boʻlib, toʻgʻri ish qilsangiz–u, nohaq azoblarga chidasangiz, Xudoni rozi qilgan boʻlasiz. 20Bordi–yu, qilgan gunohingiz uchun tayoq yeb chidasangiz, bu sizga sharaf keltirarmidi?! Ammo yaxshilik qilib turib, nohaq azoblarga chidasangiz, Xudoning maqtoviga sazovor boʻlasiz.
Masihdan ibrat olinglar
21Hatto azob chekkaningizda ham Xudo sizlarni yaxshilik qilishga daʼvat etgan. Masih sizlar uchun azob chekib, namuna boʻldi. Unga taqlid qilinglar. 22Axir, U hech qanday gunoh qilmagan, ogʻzidan biron yolgʻon soʻz chiqmagan#2:22 …U hech qanday gunoh qilmagan, ogʻzidan biron yolgʻon soʻz chiqmagan… — shu bobning 22-25–oyatlarida Butrus Ishayo 53:5-7, 9, 12 ni nazarda tutgan.. 23U haqorat qilinganda hech kimga haqorat bilan javob qaytarmadi, azob chekkanda hech kimga tahdid qilmadi. Faqat odilona hukm qiladigan Xudoga Oʻzini topshirdi. 24U gunohlarimizni Oʻziga oldi, aʼzoi badani yogʻochda#2:24 yogʻoch — Butrus xochga ishora qilib, Qonunlar 21:23 dagi yogʻochga qoqilgan odam Xudo tomonidan laʼnatlangandir degan gapni tinglovchilariga eslatmoqchi boʻlgan. azob chekdi. Shu tufayli biz gunoh uchun oʻlganmiz va solih hayot kechira olamiz. Uning yaralaridan biz shifo topdik. 25Ilgari sizlar adashib yurgan choʻponsiz qoʻylarga oʻxshar edingizlar, endi esa jonlaringizning posboni boʻlgan Choʻponga#2:25 Choʻpon — yaʼni Iso Masih (Yuhanno 10:11-16, Ibroniylar 13:20 ga qarang). qaytib keldingizlar.
Currently Selected:
1 Butrus 2: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020