1 Butrus 1
1
1–BOB
Duoyi salom
1Iso Masihning havoriysi men — Butrusdan Xudoning tanlangan xalqiga salom! Ey Xudoning aziz xalqi, sizlar bu dunyoda musofir boʻlib yashayapsizlar, Pontus, Galatiya, Kappadokiya, Asiya va Bitiniya viloyatlariga#1:1 Pontus…Bitiniya viloyatlari — Rim imperiyasiga qarashli boʻlgan toʻrtta viloyat, Pontus va Bitiniya bir viloyatni tashkil qilgan. Bu viloyatlar hozirgi Turkiya hududida edi. Hosil bayramida Quddusga oʻsha viloyatlardan bir nechta odamlar kelgan (Havoriylar 2:5-11 ga qarang). Pavlus mana shu viloyatlarning baʼzilarida Xushxabarni eʼlon qilgan (Havoriylar 16:6, 18:23, 19:10, 26 ga qarang). tarqalib ketgansizlar, 2ammo Otamiz Xudo azalda qaror qilib, sizlarni tanlagan edi. Sizlar Iso Masihga itoat etishingiz va Uning toʻkilgan qoni#1:2 Uning toʻkilgan qoni — yunoncha matnda Uning sepilgan qoni. Ibroniylar 9:11-21, 10:19-22 ga qarang. orqali poklanishingiz uchun Xudo qudratli Ruhi bilan sizlarni Oʻziga ajratib oldi.
Xudoning cheksiz inoyati va tinchligi sizlarga yor boʻlsin.
Masihdagi umidimiz
3Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar boʻlsin! U bizga behad rahm–shafqat koʻrsatib, yangi hayot berdi. Iso Masih oʻlikdan tirilib, barhayot boʻlgani uchun endi bizning umidimiz bor. 4Shu bois Xudo Oʻz xalqiga atagan qut–barakaga biz koʻz tikkanmiz. Ha, samoda saqlanayotgan bu abadiy, soʻlmas, begʻubor baraka sizlarni kutmoqda. 5Oxirzamonda oshkora boʻladigan najotdan bahramand boʻlishingiz uchun Xudo Oʻz qudrati bilan sizlarni omon saqlaydi. Imoningiz tufayli U sizlarni qoʻriqlaydi. 6Shuning uchun xursand boʻlinglar! Sizlar turli sinovlar tufayli vaqtincha qiynalyapsizlar, shunday boʻlsa ham quvoninglar. 7Chunki sinovlar imoningizning samimiy ekanligini isbotlash uchun kerakdir. Hatto yoʻq boʻlib ketadigan oltin ham olovda toblanib, sinaladi. Sizning imoningiz esa oltindan ming barobar qadrliroqdir. Iso Masih oxiratda kelganda sinovdan oʻtgan imoningiz sizlarga maqtov va shon–sharaf keltiradi. 8Sizlar Masihni koʻrmagan boʻlsangiz ham, Uni yaxshi koʻrasizlar. Hozir ham Masihni koʻrmay turib, Unga ishonyapsizlar, qalbingiz soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan ajoyib bir quvonchga toʻla. 9Axir, imoningiz tufayli jonlaringiz najot topadi.
10Paygʻambarlar izlanib, bu najotni chuqur oʻrganganlar. Sizlarga beriladigan Xudoning inoyati haqida karomat qilganlar. 11Ularning qalblarida Masihning Ruhi bor edi. Bu Ruh ularga Masihning chekadigan azob–uqubatlari va azoblar ketidan keladigan ulugʻvorligi haqida oldindan maʼlum qilgan edi. Bu voqealar qachon va qay tarzda yuz berishini paygʻambarlar bilmoqchi boʻlar edilar. 12Aslida ularning bu izlanishlari oʻz manfaati uchun emas, balki sizlarning manfaatingiz uchun qilinganini Xudo ularga ayon etdi. Paygʻambarlar eʼlon qilgan najot haqidagi Xushxabar sizning davringizda amalga oshdi. Bu Xushxabarni sizlarga osmondan yuborilgan Muqaddas Ruhning qudratiga toʻlgan odamlar bayon etishdi. Hatto farishtalar ham bu najotning qay tarzda amalga oshishini intizorlik bilan kutayotgan edilar.
Xudoga manzur hayot kechiringlar
13Xullas, es–hushingizni yigʻib olinglar, hushyor boʻlinglar. Butun umidingizni Xudoning inoyatiga bogʻlanglar. Axir, Iso Masih oxiratda kelganda Xudo sizlarga inoyat koʻrsatib, najot beradi. 14Xudoga itoatkor farzandlar boʻlinglar, oldingi gʻaflat paytida sizlarni qamragan ehtiroslarga qul boʻlib qolmanglar. 15Aksincha, butun yurish–turishingizda muqaddas boʻlinglar, zero, sizlarni daʼvat etgan Xudo muqaddasdir. 16Axir, Xudoning Oʻzi: “Muqaddas boʻlinglar, chunki Men muqaddasman”#1:16 Levilar 11:44-45, 19:2 ga qarang., deb aytgan.
17Sizlar Xudoga iltijo qilib, Uni Ota deb ataysizlar. Ammo esingizda tutinglar, Xudo yuz–xotirchilik qilmaydi, U har bir kishini qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi yoki jazolaydi. Shunday ekan, bu dunyodagi musofirchilik davringizda Xudodan qoʻrqib yashanglar. 18-19Zotan, sizlar ota–bobolaringizdan oʻrgangan bemaʼni turmush tarzingizdan kumush yoki oltinga oʻxshash oʻtkinchi narsalar evaziga emas, balki Masihning qimmatbaho qoni evaziga qutulgansizlar. Axir, Masih Xudoning benuqson qurbonlik Qoʻzisidir. 20Xudo Masihni dunyo yaratilishidan oldin bu xizmat uchun tayinladi. Endi shu oxirgi kunlarda esa Uni sizlar uchun zohir qildi. 21Sizlar Masih orqali Xudoga ishonasizlar. Xudo Masihni tiriltirib, ulugʻvorlikka erishtirgani uchun ham sizlar imoningizda sobit turibsiz, chin qalbdan Xudoga umid bogʻlagansiz.
22Sizlar haqiqatga boʻysunib#1:22 Sizlar haqiqatga boʻysunib… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Muqaddas Ruh orqali sizlar haqiqatga boʻysunib., gunohdan poklanganingiz uchun birodarlarga samimiy mehr qoʻya olasizlar. Shunday ekan, bir–biringizni chin yurakdan, ixlos bilan yaxshi koʻringlar. 23Axir, sizlar yangidan tugʻilgansizlar. Bu yangi hayotni sizga foniy bandalar emas, balki abadiy va hayotbaxsh Xudoning kalomi ato etgan. 24Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan:
“Inson zotining hammasi maysaday,
Ularning shuhrati dala guli kabidir.
Oʻtlar quriydi, gullar soʻlib qoladi.
25Egamizning kalomi esa abadiy turadi.”#1:24-25 Muallif bu oʻrinda Ishayo 40:6-8 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
Ana shu kalom sizlarga eʼlon qilingan Xushxabardir.
Currently Selected:
1 Butrus 1: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020