YouVersion Logo
Search Icon

Rimliklar 4

4
4–BOB
Ibrohimning ibratli imoni
1Xoʻsh, biz bobokalonimiz Ibrohim haqida nima deymiz? Ibrohim qanday qilib inoyat topdi? 2Agar Ibrohim savob ishlari tufayli oqlanganda edi, uning maqtanishga haqi boʻlardi, ammo Xudoning oldida hech kim maqtana olmaydi. 3Axir, Muqaddas bitiklarda nima deb yozilgan? “Ibrohim Xudoga ishondi, Xudo uni ishonchi uchun, solih deb bildi.”#4:3 Ibtido 15:6 ga qarang. 4Mehnatkashga toʻlanadigan maosh iltifot emas, xizmat haqidir. 5Biroq qonunni bajarishga suyanmay, balki betavfiqni oqlovchi Xudoga ishongan kishi oʻz ishonchi tufayli oqlanadi. 6Mana, qonun talablarini bajo qilgan–qilmaganidan qatʼi nazar, Xudo tomonidan oqlangan odamni Dovud ham baxtli deb aytadi:
7“Itoatsizligi kechirilganlar baxtlidir,
Egamiz kimning gunohidan oʻtgan boʻlsa,
Oʻsha inson baxtlidir.
8Egamiz kimning aybini yozmagan boʻlsa,
Oʻsha inson baxtlidir.”#4:7-8 Zabur 31:1-2 ga qarang.
9Bu baxtiyorlik faqat sunnat qilinganlarga#4:9 sunnat qilinganlar — yaʼni yahudiylar. 2:25 izohiga qarang. mansubmi yoki sunnatsizlarga#4:9 sunnatsizlar — yaʼni gʻayriyahudiylar. ham tegishlimi? Aytib oʻtganimizday, Xudo Ibrohimni ishonchi uchun solih deb bildi. 10Xoʻsh, bu qachon sodir boʻldi? Ibrohim sunnat boʻlishidan oldinmi yoki keyinmi? Sunnat boʻlishidan oldin! 11U sunnatni imon orqali sazovor boʻlgan solihligining muhri sifatida qabul qildi. U sunnat qilinmasdan oldin oqlangandi. Shunday qilib, Ibrohim sunnatsiz holda imon keltirib oqlangan har bir insonning otasi boʻldi. 12Ayni zamonda, Ibrohim sunnatlilarning ham otasi hisoblanadi. Ammo sharti shuki, sunnatlilarning imoni ham otamiz Ibrohim sunnat qilinmasdan oldin ega boʻlgan imonday boʻlishi kerak.
Xudo Oʻz vaʼdasida turadi
13Xudo Ibrohimga va uning nasliga, sizlar yer yuzini mulk qilib olasizlar, deb vaʼda bergan edi. Ibrohim qonunga itoat qilgani uchun emas, balki Xudo uni ishonchi tufayli solih deb bilgani uchun Xudo bu vaʼdani berdi. 14Agar qonunga suyanadiganlar yer yuzini mulk qilib oladigan boʻlsa edi, unda imon behuda, vaʼda esa quruq boʻlib qolar edi. 15Axir, qonun Xudoning gʻazabini qoʻzgʻatadi, xolos. Qonun boʻlmasa, qonunbuzarlik ham boʻlmaydi. 16Shu sababdan, Xudoning vaʼdasi Uning inoyatiga bogʻliq boʻlib, faqat imon bilan qabul qilinadi. Ibrohimning imoniday imonga ega boʻlganlarning hammasi qonunga amal qilib yashaydimi, yoʻqmi, uning zurriyoti hisoblanadi. Xudoning vaʼdasi albatta ularga ham daxldordir. Axir, Ibrohim hammamizning otamizdir. 17Muqaddas bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku: “Men seni koʻplab xalqlarning otasi qilaman.”#4:17 Ibtido 17:5 ga qarang. Oʻliklarni tiriltiruvchi va mavjud boʻlmagan narsalarni vujudga keltiruvchi Xudoga ishonib, Ibrohim hammamizning otamiz boʻldi.
18Xudo Ibrohimga yana: “Sening nasling son–sanoqsiz boʻladi”#4:18 Ibtido 15:5 ga qarang., degan edi. Ibrohim koʻp xalqlarning otasi boʻlishga hech bir umidi qolmaganiga qaramasdan, imoni tufayli umidvor edi. 19Oʻzi yuz yoshga yaqinlashib, badani ancha zaiflashib qolganiga va xotini Soraning bepushtligiga qaramay, Ibrohimning imoni zaiflashmadi. 20Ibrohim imonsizlik qilmadi, Xudoning vaʼdasidan shubhalanmadi, balki imonida mahkam turib, Xudoni ulugʻladi. 21Xudo bergan vaʼdasini bajo keltirishga qodir, deb Ibrohim qatʼiy ishonar edi. 22Mana shu ishonchi uchun Xudo Ibrohimni solih deb bildi. 23Bu soʻzlar faqatgina Ibrohimga tegishli emas, 24balki biz uchun ham aytilgan. Agar Rabbimiz Isoni oʻlikdan tiriltirgan Xudoga ishonsak, Xudo bizni ham oqlaydi. 25Xudo bizning gunohlarimiz uchun Iso Masihni oʻlimga topshirdi va oqlanishimiz uchun Uni tiriltirdi.

Currently Selected:

Rimliklar 4: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in