Zabur 103
103
103–SANO
1Egamni olqishla, ey jonim.
Ey Egam Xudo! Sen naqadar buyuksan,
Shuhratu ulugʻvorlikka burkangansan.
2Yopinchiqqa oʻralganday nurga chulgʻangansan,
Samolarni bir chodir kabi yoygansan.
3Osmondagi suvlar#103:3 Osmondagi suvlar — Ibtido 1:6-8 ga qarang. uzra dargohingni qurgansan,
Bulutlarni jang aravasi qilasan,
Shamol qanotlarini minib ketasan.
4Shamollarni Oʻzingga xabarchilar qilasan,
Lovullagan olovni xizmatkorlaring etasan.
5Hech qachon tebranmasin deya,
Sen zaminning poydevorini#103:5 zaminning poydevori — 17:16 izohiga qarang. qoʻygansan,
6Zaminni libosga oʻraganday,
Tubsiz suvlar ila oʻragan eding,
Hatto togʻlar choʻqqisini suvlar koʻmgan.
7Sening tahdidlaringdan suvlar chekinar,
Sen gumburlatgan sadodan ular qochar.
8Suvlar togʻlar ustidan, vodiy boʻylab oqar
Sen ular uchun tayin etgan joyga.
9Bu suvlar toshmasin deb,
Yana yer yuzini qayta qoplamasin deb,
Sen chegara qoʻygansan!
10Buloqlarni toshirding Sen soyliklardan,
Buloqlar oqib kelar togʻlar orasidan.
11Jamiki yovvoyi hayvonlarni buloqlar sugʻoradi,
Yovvoyi eshaklar tashnaligini qondiradi.
12Oqar suvlar boʻyida qushlar in quradi,
Shoxlar orasidan ular sayraydi.
13Togʻlarni sugʻorasan yuqoridagi dargohingdan.
Zamin toʻla Sen oʻstirgan meva bilan.
14Chorva uchun Sen oʻt–oʻlan oʻstirasan,
Inson foydalansin deb, ekinlar oʻstirgansan,
Yeguligini tuproqdan olsin, deysan.
15Sen berasan inson koʻnglini chogʻ qiluvchi sharobni,
Yuzga jilo beruvchi zaytun moyini,
Inson hayotiga quvvat beruvchi nonni.
16Ey Egam, Sening daraxtlaring,
Ha, Oʻzing Lubnonda ekkan sadr daraxtlaring#103:16 …Lubnonda…sadr daraxtlaring… — 28:5 izohiga qarang.
Suvga yaxshi qonadi.
17Qushlar daraxtlarda uya quradi,
Sarv daraxtida laylak uy qiladi.
18Togʻ echkisi baland togʻlarda yashar,
Boʻrsiqlar esa qoyalarda uya qurar.
19Vaqtni belgilasin deb, oyni yaratding,
Quyosh ham biladi qachon botishin.
20Qorongʻilik choʻktirganingda, tun boʻlar,
Oʻrmondagi bor hayvon kezgani chiqar.
21Sherlar oʻlja axtarib boʻkirar,
Oʻz rizq–roʻzini, ey Xudo, Sendan izlar.
22Quyosh chiqar, ular ortga qaytarlar,
Oʻzlarining inlarida yotarlar.
23Odamlar oʻz ishlariga chiqarlar,
Oqshomgacha yumushlari ila band boʻlarlar.
24Ey Egam, ishlaring gʻoyat turli–tumandir!
Hammasini donolik ila yaratgansan,
Zamin Sen yaratganlaring ila toʻladir.
25Mana, buyuk, bepoyon dengiz,
Son–sanoqsiz yaratilganlar bilan toʻla,
Katta–kichik jonivorlar bor.
26Kemalar dengizlarda qatnaydi.
Suvlarda oʻynasin deya,
Oʻsha maxluq Levitanni#103:26 Levitan — Kanʼon xalqlarining qadimiy afsonalarida uchraydigan maxluqqa ishora qiladi (73:14 ning birinchi izohiga qarang). Ammo bu oʻrinda kitga yoki bahaybat dengiz maxluqiga ishora qilingan boʻlishi ham mumkin. yaratgansan.
27Ey Egam! Oʻz vaqtida rizqimizni bersin deya,
Ularning hammasi Senga koʻz tikadi.
28Ularga rizqini berganingda, yigʻib oladi,
Qoʻllaringni ochganingda, ular yeb toʻyadi.
29Yuzingni yashirganingda esa ular vahimaga tushadi,
Jonlarini olganingda, oʻlib, tuproqqa qaytadi.
30Ruhingni#103:30 Ruh — bu oʻrindagi ibroniycha soʻz nafas maʼnosini ham ifodalaydi. yuborganingda ular yaratiladi,
Yer yuziga yangidan hayot berasan.
31Egamizning shuhrati to abad davom etsin,
Egamiz Oʻz yaratganlaridan xursand boʻlsin.
32Yerga U boqqanda, yer titrar,
Togʻlarga tekkanda, togʻlar tutun chiqarar.
33Hayot ekanman, Egamni tarannum etaman,
Bor ekanman, Xudoyimga hamdu sano kuylayman.
34U haqidagi oʻylarim xush kelsin Unga,
Zotan, sevinaman men Egam tufayli.
35Yer yuzidan yoʻq boʻlsin gunohkorlar,
Boʻlmasin boshqa endi fosiqlar.
Egamni olqishla, ey jonim!
Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!
Currently Selected:
Zabur 103: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020