YouVersion Logo
Search Icon

Sahroda 12

12
12–BOB
Maryam jazolanadi
1Muso Habashistonlik#12:1 Habashistonlik — ibroniycha matnda Kushlik. Kush degan joy Misrdan janubda boʻlib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini oʻz ichiga olgan edi. ayolga uylangani uchun Maryam va Horun Musoga qarshi gapirdilar. 2Ikkovi: “Egamiz yolgʻiz Muso orqali gapiribdimi?! U biz orqali ham gapirmaganmi?!” deyishdi. Egamiz ularning bu gapini eshitdi. 3Muso juda kamtar odam edi, yer yuzida kamtarlikda unga teng keladigani yoʻq edi.
4Egamiz birdan Muso, Horun va Maryamga:
— Uchovingiz ham Uchrashuv chodiriga kelinglar! — deb amr berdi.
Shundan soʻng uchovlari Uchrashuv chodiriga kelishdi. 5Egamiz ustun shaklidagi bulutda tushib, Chodirga kiraverishda turdi va Horun bilan Maryamni chaqirdi. Ikkovi oldinga chiqdi. 6Egamiz ularga dedi:
— Mening soʻzlarimni eshitib olinglar. Orangizda paygʻambar boʻlganda, Men, Egangiz, Oʻzimni ularga vahiyda ayon qilaman, ular bilan tushlarida gaplashaman. 7Lekin qulim Muso bilan boshqacha gaplashaman. Mening butun xalqim orasida ishonchlisi Musodir#12:7 Mening butun xalqim orasida ishonchlisi Musodir — yoki Xalqimni boshqarish uchun ishonib topshirgan odamim Musodir.. 8Men u bilan jumboqli bashoratlar orqali emas, balki yuzma–yuz, ochiq–oydin gaplashaman. Muso Men, Egangizning sharpasini koʻradi. Nahotki sizlar Mening qulim Musoga qarshi gapirishdan qoʻrqmadingizlar?!
9Egamiz ulardan qattiq gʻazablanib, uzoqlashdi.
10Bulut Chodir tepasidan ketishi bilanoq, Maryam teri kasalligiga#12:10 teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan soʻzning tarjimasidir. 5:2 izohiga qarang. chalinib, qorday oppoq boʻlib qoldi. Horun buni koʻrib, 11Musoga yolvordi:
— Ey hazratim, biz ahmoqlik qilib qoʻydik! Oʻtinaman, gunohimizdan oʻting! 12Maryam ona qornidayoq chiriy boshlagan oʻlik chaqaloqqa oʻxshab qolmasin!
13Shunda Muso Egamizga iltijo qilib:
— Ey Xudo, unga shifo ber! — deb yolvordi. 14Egamiz esa Musoga shunday javob berdi:
— Agar Maryamning oʻz otasi uning yuziga tupurganda, u yetti kun sharmanda boʻlib yurmasmidi?! Maryamni qarorgohdan chiqarib yuboringlar, u yetti kundan keyingina qarorgohga qaytib kelishi mumkin.
15Shunday qilib, Maryam qarorgohdan haydab chiqarildi. U yetti kun qarorgohdan tashqarida boʻldi. U qaytib kelmaguncha xalq yoʻlga chiqmay turdi.

Currently Selected:

Sahroda 12: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in