YouVersion Logo
Search Icon

Sahroda 11

11
11–BOB
Tavera nomli joy
1Oradan koʻp vaqt oʻtmay xalq qiyinchiliklardan mingʻirlab noliy boshladi. Ularning nolishlarini eshitgan Egamiz gʻoyat gʻazablanib, qarorgohga alanga tushirdi. Alanga avj olib, qarorgohning chetlarini kuydirib yubordi. 2Xalq Musoga faryod qildi. Muso Egamizga iltijo qilgan edi, alanga oʻchdi. 3Egamizning alangasi qarorgohni yondirgani uchun bu joyga Tavera#11:3 Tavera — bu nom ibroniychadagi yonayotgan soʻziga ohangdosh. deb nom berildi.
Muso yetmishta oqsoqolni tanlaydi
4Isroil xalqi orasidagi qalangʻi–qasangʻilarning#11:4 Isroil xalqi orasidagi qalangʻi–qasangʻilar — Chiqish 12:38 da tilga olingan begona xalqlar nazarda tutilgan boʻlishi mumkin (yana Qonunlar 29:11, Yoshua 8:35 ga qarang). nafsiga oʻt tushdi. Isroil xalqi ham ularga qoʻshilishib figʻon chekib, zorlana boshladi: “Qaniydi goʻsht boʻlsa! 5Biz Misrda tekinga baliq, bodring, qovun, piyoz, koʻk piyoz, sarimsoq yerdik. 6Endi esa sillamiz qurigan, mannadan#11:6 manna — Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin to Kanʼon yurtiga kirguncha, Xudo ularga yetkazib turgan maxsus yegulik. Manna, Shabbat kunidan tashqari, har kuni kechasi yerga yogʻilardi, odamlar saharda turib, uni yigʻib olishardi (Chiqish 16:13-35, Yoshua 5:12 ga qarang). boshqa yeydigan hech narsa yoʻq.”
7Manna kashnich urugʻiga oʻxshardi, uning rangi daraxt yelimi rangiday edi. 8Xalq mannani yerdan yigʻishtirib olar, tegirmonda yanchib yoki havonchada tuyib, soʻng qozonga solib qaynatardi, non ham yopardi. Uning mazasi zaytun moyi qoʻshib yopilgan nonga oʻxshardi. 9Tunda qarorgohga shabnam tushganda, shabnam bilan birga manna ham yogʻilardi.
10Hamma odamlar oila aʼzolari bilan birga oʻz chodirlarining kiraverishida turib faryod qilishayotgan edi. Buni eshitgan Muso qattiq ranjidi. Egamizning gʻazabi ham alanga oldi. 11Shunda Muso Egamizga dedi:
— Nimaga qulingning boshiga shuncha azoblarni solding? Nima uchun mendan marhamatingni darigʻ tutding? Nima uchun bu xalqning ogʻirligini menga yuklading? 12Shu xalqning hammasini men qornimda koʻtarib yurganmidim?! Ularni men tuqqanmidim?! Nimaga unda Sen menga: “Enaga chaqaloqni koʻtarib yurganday, sen bu xalqni Men ota–bobolaringga vaʼda qilgan yurtga qoʻllaringda koʻtarib borasan”, deb aytyapsan? 13Ular yigʻlab, bizga goʻsht ber, deb aytishyapti! Shuncha xalqqa goʻshtni qayerdan topib beraman, axir?! 14Bu xalqning ogʻirligini men bir oʻzim koʻtara olmayman. Bunga ortiq chiday olmayman. 15Agar menga munosabating shu boʻlsa, hoziroq jonimni olib qoʻya qol. Bordi–yu, Sendan marhamat topgan boʻlsam, mening bunchalik xor boʻlishimga yoʻl qoʻyma.
16Shunda Egamiz Musoga dedi:
— Menga Isroil oqsoqollaridan yetmishtasini yigʻib ber. Ular xalqning orasida yoʻlboshchi deb tan olingan obroʻli odamlardan boʻlishsin. Ularni Uchrashuv chodiriga olib kelib, oʻzingning yoningga turgʻizib qoʻy. 17Men tushib kelib, u yerda sen bilan gaplashaman. Soʻng senga bergan Ruhimdan olib, ularga ham beraman. Sen bu xalqning ogʻirligini yolgʻiz oʻzing koʻtarmasliging uchun, ular yoningga kirib, ogʻiringni yengil qilishadi. 18Xalqqa esa shu gapni ayt: “Ertangi kunga tayyorlanib poklaninglar#11:18 …tayyorlanib poklaninglar… — 8:6 izohiga qarang., goʻsht yeysizlar. Sizlar Egamizning qulogʻi ostida mingʻirlab nolib, qaniydi goʻsht boʻlsa, biz Misrda davr surgan ekanmiz–da, deb faryod qildingizlar. Shuning uchun Egamiz sizlarga goʻsht beradi, sizlar goʻsht yeysizlar. 19Sizlar goʻshtni bir–ikki kun emas, besh–oʻn kun ham emas, yigirma kun ham emas, 20balki bir oy davomida — goʻsht burningizdan chiqquncha, koʻnglingizga urguncha yeysizlar. Chunki sizlar, Misrdan chiqishimizning nima keragi bor edi, deya mingʻirlab nolib, orangizdagi Egangizni rad etdingiz.”
21Lekin Muso Egamizga aytdi:
— Mening yonimdagi bu xalq 600.000 jondan iborat. Sen esa: “Ularni bir oy davomida goʻsht bilan boqaman”, deyapsan! 22Bor mol–qoʻyimizni soʻysak ham, dengizdagi hamma baliqlarni yigʻishtirib kelsak ham, ularni toʻydira olarmidik?!
23Egamiz shunda Musoga aytdi:
— Nima, Men, Egangning qoʻli kaltamidi?! Mening senga aytgan gaplarim bajo boʻlishi yoki boʻlmasligini endi koʻrasan.
24Shundan keyin Muso tashqariga chiqib, Egamizning soʻzlarini xalqqa yetkazdi. Soʻng yetmishta xalq oqsoqolini yigʻib, ularni Muqaddas chodir atrofiga joylashtirdi. 25Shunda Egamiz bulut ichida tushib kelib, Muso bilan gaplashdi, Musoga bergan Oʻz Ruhidan olib, yetmishta oqsoqolga berdi. Ruh oqsoqollarni qamrab oldi va ular zikr tusha boshladilar. Lekin bunday hol boshqa takrorlanmadi.
26Yetmishta oqsoqolning ikkitasi Muqaddas chodirga bormay qarorgohda qolgan edi. Birining ismi Eldod, ikkinchisiniki Midod edi. Biroq Egamizning Ruhi ularni ham qamrab oldi, ular ham qarorgohda zikr tusha boshladilar. 27Bir oʻspirin yugurib kelib, Musoga: “Eldod bilan Midod qarorgohda zikr tushishyapti”, dedi. 28Musoga yoshligidan xizmat qilib kelgan#11:28 Musoga yoshligidan xizmat qilib kelgan… — yoki Musoning tanlangan odamlaridan biri boʻlgan…. yordamchisi Nun oʻgʻli Yoshua dedi:
— Muso hazratlari! Ularni toʻxtating!
29Muso esa unga shunday javob berdi:
— Sen mening manfaatimni koʻzlab, shu gaplarni aytyapsanmi? Menga qolsa, Egamning butun xalqi paygʻambar boʻlsin, Egamiz Oʻz Ruhini ularning hammasiga bersin, deyman!
30Shundan soʻng Muso bilan Isroil oqsoqollari qarorgohga qaytib kelishdi.
Egamiz bedanalar yuboradi
31Egamiz shamol qoʻzgʻatdi. Shamol dengizdan#11:31 dengiz — Aqaba qoʻltigʻi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. bedanalarni qarorgohga va qarorgoh atrofiga uchirib keldi–da, koʻplarini yerga tushirdi. Anchasi esa qarorgohning aylanasi boʻylab bir kunlik masofada, ikki tirsak balandlikda uchib yurgan edi#11:31 …ikki tirsak balandlikda uchib yurgan edi — yoki …ikki tirsak qalinlikda uyib tashlangan edi. Ikki tirsak taxminan bir metrga toʻgʻri keladi..
32Xalq oʻsha kuni kunduzi va kechasi, keyingi kuni ham ertadan kechgacha bedana yigʻishtirdi. Eng oz tergan odamniki oltmish savat#11:32 oltmish savat — ibroniycha matnda oʻn hoʻmr, taxminan 2200 litrga toʻgʻri keladi. chiqdi. Ular bedanalarni quritish uchun butun qarorgoh atrofiga yoyib tashlashdi. 33Lekin odamlar goʻshtni endi ogʻziga olib, hali yeyishga ham ulgurmagan edilarki, Egamiz xalqqa gʻazabini sochib, qaqshatqich oʻlat yubordi. 34Bu yerga Xivrut–Xattavo#11:34 Xivrut–Xattavo — ibroniychadagi maʼnosi nafsi buzuq odamlarning qabrlari. deb nom berildi, chunki bu yerga nafsi buzuq odamlar dafn qilingandi.
35Xalq Xivrut–Xattavodan Xazeroʻtga qarab yoʻlga chiqdi. Ular Xazeroʻtga yetib borganlaridan keyin qarorgoh qurishdi.

Currently Selected:

Sahroda 11: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in