Yoshua 4
4
4–BOB
Isroil xalqi toshlardan yodgorlik oʻrnatadi
1Butun xalq Iordandan oʻtib boʻlgandan keyin, Egamiz Yoshuaga shunday dedi:
2— Xalqning orasidan oʻn ikki kishini tanlagin, har bir qabiladan bittadan boʻlsin. 3Ularga: “Iordan daryosining oʻrtasidan, ruhoniylarning oyogʻi turgan joydan oʻn ikkita tosh olib chiqinglar, bugun kechqurun qarorgoh quradigan joyga olib borib qoʻyinglar”, deb buyurgin.
4Yoshua har bir Isroil qabilasidan tanlagan oʻn ikki kishini chaqirib, 5ularga shunday dedi: “Egangiz Xudoning Ahd sandigʻi oldiga, Iordanning oʻrtasiga borib, u yerdan har biringiz Isroil qabilalarining har biri uchun bittadan tosh olinglar. Ularni yelkangizda koʻtarib, qarorgohga olib boringlar. 6Bu toshlar sizlarga esdalik boʻlib xizmat qiladi. Vaqti kelib, farzandlaringiz sizlardan: «Bu toshlar nimani bildiradi?» deb soʻraganda, 7ularga Egamizning Ahd sandigʻi Iordan daryosidan oʻtayotganda, daryoning suvlari toʻxtab qolganini aytib berasizlar. Bu toshlar sizlarga umrbod yodgorlik boʻlib qoladi.”
8Isroil xalqidan tanlangan kishilar Yoshua ularga buyurganday qilishdi. Egamiz Yoshuaga aytganday, ular Iordanning oʻrtasidan har bir Isroil qabilasi uchun bittadan tosh, jami oʻn ikkita tosh olib, oʻzlari bilan oʻsha kuni qarorgoh qurilgan joyga olib borib qoʻyishdi. 9Shundan keyin Yoshua yana oʻn ikkita tosh olib, Iordanning oʻrtasiga bir yodgorlik qurdi. Bu yodgorlik Ahd sandigʻini koʻtargan ruhoniylar turgan joyga qurilgan edi. U toshlar bugungacha#4:9 bugungacha — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. oʻsha yerdadir.
10Egamiz Yoshuaga, xalqqa aytgin, deb amr qilganlarining hammasi sodir boʻlmaguncha, Sandiqni koʻtargan ruhoniylar Iordanning oʻrtasida turdilar. Yoshuaga Muso mana shu yoʻl–yoʻriqlarni koʻrsatgan edi. Xalq tez–tez daryodan oʻtdi. 11Hamma daryodan oʻtib boʻlgandan keyin, Iordanning oʻrtasida turgan ruhoniylar Egamizning Ahd sandigʻini koʻtarib, daryodan chiqdilar. Butun xalq buni koʻrib turdi. 12Muso buyurganday#4:12 Muso buyurganday… — 1:12-15 va Sahroda 32:16-33 ga qarang., Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasi yarmining erkaklari ham qurollanib, daryodan oʻtgan edilar. Ular Isroil xalqining oldingi saflarida edilar. 13Jangga tayyor oʻsha qirq mingga yaqin kishi Egamiz boshchiligida Yerixo yonidagi tekislikka oʻtdi.
14Oʻsha kuni Egamiz qilgan ishlari orqali Isroil xalqining koʻzi oldida Yoshuaning nomini yuksaltirdi#4:14 …Isroil xalqining koʻzi oldida Yoshuaning nomini yuksaltirdi — 3:7 ga qarang.. Ular butun umri davomida Musoni qanday hurmat qilgan boʻlsalar, Yoshuani ham shunday hurmat qildilar.
15-16Oʻsha kuni Egamiz Yoshuaga: “Ahd sandigʻini#4:15-16 Ahd sandigʻi — ibroniycha matnda Guvohlik sandigʻi, Ahd sandigʻining yana bir nomi. Ibroniycha matndagi iboraning guvohlik soʻzi oʻnta amr yozilgan ikkita tosh lavhaga ishora qiladi. Ikkala tosh lavha Sandiqning ichida saqlanib, Xudo va Uning xalqi oʻrtasida tuzilgan ahdning dalili, yaʼni toshga bitilgan guvohlik boʻlib xizmat qilardi. koʻtargan ruhoniylarga, Iordandan chiqinglar, deb buyurgin”, degan edi. 17Yoshua ruhoniylarga: “Iordandan chiqinglar!” deb buyurganda, 18Egamizning Ahd sandigʻini koʻtargan ruhoniylar Iordanning oʻrtasidan chiqib kelishgandi. Ularning oyoqlari narigi qirgʻoqning quruq yeriga tegishi bilanoq, Iordanning suvlari yana oldingiday qirgʻoqlardan toshib oqa boshlagandi.
19Shunday qilib, xalq birinchi oyning#4:19 birinchi oy — ibroniy kalendarining Abib oyi nazarda tutilgan (Abib oyi Nison oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan martning oʻrtasidan boshlanadi. oʻninchi kunida Iordandan oʻtdi. Ular Yerixo shahrining sharqidagi Gilgal#4:19 Gilgal — bu joy Yerixodan qariyb 4 kilometr shimoli–sharqda boʻlgan. degan joyda qarorgoh qurishdi. 20Ular Iordandan olgan oʻn ikkita toshni Yoshua Gilgalda oʻrnatib, 21Isroil xalqiga shunday dedi:
— Vaqti kelib, farzandlaringiz sizlardan: “Bu toshlar nimani bildiradi?” deb soʻrasa, 22sizlar shunday javob berasizlar: “Isroil xalqi mana shu yerda quruq yerdan yurib Iordandan oʻtgandi. 23Egamiz Xudo biz oʻtishimiz uchun Qizil dengizni#4:23 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. 2:10 izohiga qarang. quritganday, bu yerda ham biz oʻtib boʻlmagunimizcha Iordanning suvlarini quritgan edi. 24Yer yuzidagi barcha xalqlar Egamizning qudratli ekanini bilishi hamda sizlar Xudoyingiz — Egamizdan bir umr qoʻrqishingiz uchun shunday qilgan edi.”
Currently Selected:
Yoshua 4: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020