YouVersion Logo
Search Icon

Ayub 8

8
8–BOB
Bildad gapiradi: u Ayubni tavbaga chaqiradi
1Shuvaxlik#8:1 Shuvaxlik — 2:11 izohiga qarang. Bildad Ayubga shunday dedi:
2“Qachongacha shunday gaplarni gapirasan?
Ogʻzingdan chiqqan soʻzlar shamolga oʻxshaydi–ya!
3Xudo adolatga xiyonat qiladimi?
Qodir Xudo haqiqatning yoʻlini toʻsadimi?
4Farzandlaring Unga qarshi gunoh qilgan boʻlsa,
Xudo ularni gunohlari uchun jazoladi.
5Xudoga yuz burgin,
Qodir Xudoga yolvorgin.
6Agar pok va solih boʻlsang,
Albatta U senga qoʻlini uzatib,
Seni oʻz haqqoniy joyingga qaytaradi.
7Oxiri shunchalik farovon boʻlasanki,
Avvalgi holating nochorday tuyuladi.
8Ana, oʻtib ketganlarga qaragin,
Ajdodlarimizning qilganlariga eʼtibor bergin.
9Axir, biz kechagina tugʻilganmiz, hech narsa bilmaymiz,
Hayotimiz ham soyadek oʻtib ketadi.
10Ajdodlarimiz senga muallim boʻladi,
Ularning aql–zakovatidan saboq ol.
11Toʻqayzor boʻlmasa qamish oʻsadimi?!
Suv boʻlmagan joyda qamish boʻy choʻzadimi?!
12Qamishlar hali koʻkarib turgan paytdayoq,
Kesilishga tayyor boʻlmay turib,
Hamma oʻtlardan oldin soʻlib qoladi.
13Ha, Xudoni unutganlar ham shu koʻyga tushadi,
Betavfiqlarning umidi puchga chiqadi.
14Ular umid bogʻlagan narsalar juda moʻrtdir,
Ular ishongan narsalar oʻrgimchakning toʻrlaridaydir.
15Ular oʻz uyiga suyanadilar, ammo uy buzilib ketadi.
Uyini mahkam ushlaydilar, lekin uy bardosh bermaydi.
16Fosiqlar yaxshi sugʻorilgan,
Quyosh nuri ostida oʻsayotgan butaga oʻxshaydilar,
Novdalari butun bogʻ boʻylab yoyilib ketgan.
17Ildizlari toshlarga chirmashib,
Oʻsha yerdan oʻziga joy qidiradi.
18Lekin ildiz yulib tashlanganda,
Oʻsgan joyi ham bilinmaydi.
19Ha, fosiqlarning shodligi uzoqqa choʻzilmaydi,
Boshqalar chiqib, ularning oʻrnini oladi.
20Aybsiz kishini Xudo hech rad qilmaydi,
Yovuzlarga esa yordam qoʻlini uzatmaydi.
21U hali ogʻzingni kulgi bilan toʻldiradi,
Lablaringdan esa shodlik sadosini yangratadi.
22Sendan nafratlanganlar uyatga qoladilar,
Fosiqlarning chodiri vayron boʻladi.”

Currently Selected:

Ayub 8: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in