Ayub 42
42
42–BOB
Ayub Egamizga javob beradi
1Shunda Ayub Egamizga javob berdi:
2“Ha, bilaman, Sen hamma narsani qila olasan.
Sening rejalaringni hech kim buza olmaydi.
3«Bilmay turib, donoligimga gumon qilayotgan kim?» — deb soʻrading.
Oʻsha menman.
Oʻzim tushunmaydigan narsalar haqida ogʻiz ochdim.
Aqlim yetmaydigan ajoyibotlar haqida gapirdim.
4Sen: «Qani quloq sol, Men gapiraman.
Seni soʻroq qilaman, javob ber», — deding.
5Sen haqingda birovlardan eshitgandim,
Ammo endi koʻzlarim bilan Seni koʻrib turibman.
6Shuning uchun endi aytganlarimni qaytib olaman,
Boshimga tuprogʻu kul sochib#42:6 …Boshimga tuprogʻu kul sochib… — boshga tuproq va kul sochish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi. Koʻpincha bu harakat Xudodan kechirim soʻrab ibodat qilish va Undan madad tilash bilan birgalikda amalga oshirilgan., tavba qildim.”
Xulosa
7Ayubga gapirib boʻlgandan keyin, Egamiz Temonlik#42:7 Temonlik — 2:11 izohiga qarang. Elifazga shunday dedi: “Sen va ikki doʻstingdan juda qattiq gʻazabdaman, chunki sen Men haqimda toʻgʻri soʻzlarni aytmading. Ayub esa toʻgʻri gapirdi. 8Endi yettita buqa va yettita qoʻchqor olib, Ayubning yoniga boringlar. Oʻsha yerda oʻz gunohlaringiz uchun Menga kuydiriladigan qurbonlik keltiringlar. Ayub sizlar uchun ibodat qiladi. Men uning ibodatlarini qabul qilaman, sizlarga ahmoqligingizga loyiq jazo bermayman. Sizlar Men haqimda toʻgʻri soʻzlarni gapirmadingiz. Ayub esa toʻgʻri gapirdi.” 9Shunday qilib, Temonlik Elifaz, Shuvaxlik Bildad va Namaxlik Zoʻfar borib, Egamizning aytganlarini qildilar. Egamiz Ayubning ibodatlarini qabul qildi.
10Ayub oʻz doʻstlari uchun ibodat qilgandan keyin, Egamiz uning boyligini qayta tikladi. Unga oldingidan ikki baravar koʻp baraka berdi. 11Shunda Ayubning hamma aka–ukalari, opa–singillari, eski tanishlarining barchasi kelishdi. Uning uyida ziyofat qilishdi. Egamiz tomonidan yuborilgan kulfatlar uchun Ayubga hamdardlik bildirib, unga tasalli berishdi. Ularning har biri Ayubga bir boʻlak kumush#42:11 bir boʻlak kumush — ibroniycha matnda bir kisito. Bu pul birligining qiymati va ogʻirligi haqidagi maʼlumot saqlanib qolmagan. Qadimgi paytlarda maʼlum vazndagi kumush boʻlaklari odatda pul birligi sifatida ishlatilgan. va tilla uzuk hadya qildi.
12Ayubning qolgan umri davomida Egamiz unga oldingidan ham koʻproq baraka berdi: bu davrda Ayubning oʻn toʻrt mingta qoʻylari, olti mingta tuyasi, ming juft hoʻkizi va mingta eshagi bor edi. 13Egamiz Ayubga yetti oʻgʻil va uch qiz ham berdi. 14Ayub birinchi qiziga Yamima, ikkinchisiga Kaziyo, uchinchisiga esa Xaranxappux deb ot qoʻydi. 15Butun yurtda Ayubning qizlariday goʻzal qizlar yoʻq edi. Ayub qizlariga ham aka–ukalari qatori meros berdi.
16Shundan keyin Ayub yana bir yuz qirq yil yashadi. Farzandlar koʻrdi, nabiralaru ularning farzandlarini ham koʻrdi, hammasi boʻlib toʻrt nasl koʻrdi. 17Shunday qilib, Ayub yoshini yashab, oshini oshab, uzoq umr koʻrib, olamdan oʻtdi.
Currently Selected:
Ayub 42: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020