YouVersion Logo
Search Icon

Ayub 30

30
30–BOB
Ayub oʻz dardi haqida gapiradi
1Endi esa oʻzimdan yosh boʻlganlar ustimdan kuladi,
Ularning otalari qoʻriqchi itlarim orasida boʻlishga ham arzimaydi.
2Ulardan menga nima foyda?!
Axir, ular kuch–quvvatdan qolgan–ku!
3Ular ochligu muhtojlikdan ozib–toʻzib ketgan,
Tun boʻyi dashtu biyobonda daydib yuradi.
4Choʻl butalari orasida achchiq oʻtlar teradi,
Yulgʻun butasining ildizlari ularga yemish boʻladi.
5Ular odamlar orasidan haydalgan.
Oʻgʻrilarga baqirganday ularning orqasidan baqiradilar.
6Ular quruq soyliklaru chuqurlarda,
Qoyalar orasida yashashga majburdirlar.
7Changalzorlarda hayvonlar singari boʻkiradi,
Qichitqi oʻtlar orasida gʻujanak boʻlib oʻtiradi.
8Eng past, yaramas bu toʻdani
Xivchinlar bilan yurtdan haydashgan.
9Mana endi oʻshalar mazax qilib,
Men haqimda qoʻshiqlar kuylaydi,
Men ularga kulgi boʻlib qoldim.
10Ular mendan nafratlanib, yaqinimga ham kelmaydi,
Hatto yuzimga tupurishdan ham toymaydi.
11Xudo kuchimni kesdi, meni yerga urdi.
Shuning uchun oʻsha yaramaslar ham
Mening oldimda oʻzlarini jilovlay olmaydigan boʻldilar.
12Oʻsha qalangʻi–qasangʻilar
Menga qarshi chiqib, yerga yiqitadilar,
Meni oʻldirmoqchi boʻlib, hujum qiladilar.
13Yoʻllarimni toʻsib,
Boshimga tushadigan kulfatni tezlatadilar,
Ularni toʻxtatadigan hech kim yoʻq#30:13 …Ularni toʻxtatadigan hech kim yoʻq — yoki …Ularga qarshilik koʻrsatay desam, menga yordam beradigan hech kim yoʻq..
14Meni mazax qiluvchilar har tomonlama hujum qiladilar,
Toʻfonday ustimga yopiriladilar.
15Meni qoʻrquv bosgan,
Obroʻyim shamol uchirgandek ketdi,
Farovonligim bulut kabi oʻtib ketdi.
16Endi yuragim ezilib ketyapti,
Har kuni men azob–uqubat tortaman.
17Tun boʻyi suyaklarim zirqirab ogʻriydi,
Meni dard qiynab, hech tinchlik bermaydi.
18Xudo shaxt bilan kiyimimdan ushladi,
Koʻylagimning yoqasidan tutdi.
19U meni loyga bulgʻadi,
Changu tuproqchalik qadrim yoʻq.
20Ey Xudoyim, Senga iltijo qilaman,
Ammo Sen menga javob bermaysan.
Sening oldingda turibman,
Sen esa qarab turaverasan.
21Menga nisbatan shafqatsiz boʻlib qolding,
Oʻz qudrating bilan meni quvgʻin qilyapsan.
22Quyun bilan meni koʻtarib,
Boʻron orasida u yoqdan–bu yoqqa otasan.
23Bilaman, insonning qismati boʻlgan oʻlimga
Meni ham olib borasan.
24Boshiga kulfat tushgan muhtoj odam nola qilsa,
Hech kim unga qoʻl koʻtarmaydi–ku, axir.
25Men boshiga kulfat tushganlar uchun qaygʻurdim–ku!
Muhtojlarni koʻrib, yuragim achidi–ku!
26Ammo yaxshilik kutganimda yovuzlik keldi,
Yorugʻlikka umid qilsam, zulmat tushdi.
27Qalbim bezovtalangan, tinim bilmaydi,
Ogʻir kunlar boshimga tushgan.
28Quyosh nuri boʻlmagan bir zulmatda yuribman,
Jamoa oldida madad soʻrab, faryod qilaman.
29Men chiyaboʻrining doʻstiday,
Tuyaqushning ukasiday boʻlib qoldim.
30Terim qorayib ketgan,
Tanam isitmadan yonyapti.
31Nayim sadosi azadorlarga joʻr boʻladi,
Liram qaygʻuli nola qiladi.

Currently Selected:

Ayub 30: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in