Ayub 14
14
14–BOB
1Ayol zotidan tugʻilgan insonning
Umri qisqa, hayoti qaygʻuga toʻla boʻladi.
2U gul singari ochiladi–yu, yana soʻlib qoladi.
Soyaday tez oʻtib ketadi, koʻpga chidamaydi.
3Ey Xudo! Shunday insonga nazar tashlaysanmi?
Meni hukm qilish uchun Oʻz oldingga olib kelasanmi?
4Kim halolni harom ichidan chiqara oladi?!
Hech kim.
5Sen inson hayotining kunlarini sanab qoʻygansan,
Necha oy yashashini ham bilasan.
Inson Sen belgilagan chegaralardan oʻtolmaydi.
6Uni tinch qoʻy, dam olsin.
Mardikorlarga oʻxshab, kunlik ishini tinchgina bitirsin.
7Hatto daraxtning ham umidi bor,
Agar u kesib tashlansa, yana oʻsaveradi,
Daraxtning novdalari oʻsishdan toʻxtamaydi.
8Uning ildizlari qarib,
Toʻnkasi chiriy boshlasa,
9Hatto suvning hidini sezsa ham yana yashnashi mumkin.
Navnihol koʻchatday yana novdalari koʻkarishi mumkin.
10Lekin inson oʻlganda bor kuchidan ayriladi,
Oxirgi nafasini chiqaradi–yu, yoʻq boʻlib ketadi!
11Suv dengizdan bugʻlanib chiqib ketganday
Daryo qurib, yoʻq boʻlib ketganday,
12Inson ham yotadi–yu, qaytib turmaydi.
Osmon yoʻq boʻlmaguncha, u uygʻonmaydi.
Oʻlim uyqusidan uni hech kim turgʻiza olmaydi.
13Ey Xudo, qani endi, meni oʻliklar diyoriga#14:13 oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. 7:9 izohiga qarang. yuborsang,
Gʻazabing bosilguncha meni yashirib qoʻysang,
Men uchun bir vaqt tayinlab, keyin meni yodga olsang.
14Inson oʻlsa, u yana tiriladimi?
Agar shunday boʻlsa, ozod boʻlgunimcha
Barcha qiyinchiliklarga chidab berardim.
15Meni chaqirsang, Senga javob bergan boʻlardim.
Menga — Oʻz qoʻling bilan yaratganga muntazir boʻlarding.
16Shunda Sen qadamlarimni oʻlcharding–u,
Gunohlarimni hisobga olmasding.
17Ayblarimni xurjunga solib, bogʻlab qoʻyganday boʻlarding.
Fosiqligimni oʻchirib, ustidan oqlab tashlaganday boʻlarding.
18Ammo togʻlar qulab, maydalanib ketadi,
Qoyalar oʻz joyidan suriladi,
19Suv toshlarni yemiradi,
Toshqin suvlar yerni yuvib ketadi.
Xuddi shu singari, Sen ham
Insonning umidini yoʻqqa chiqarasan.
20Sen insonni butunlay magʻlub qilasan,
Inson olamdan oʻtib ketadi.
Oʻlganda yuzini oʻzgartirib, joʻnatib yuborasan.
21Farzandlari hurmatga sazovor boʻlsalar ham,
Xoʻrlansalar ham u bilmaydi.
22Inson faqat oʻz tanasidagi ogʻriqni sezadi,
Faqat oʻzi uchun qaygʻuradi.”
Currently Selected:
Ayub 14: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020