YouVersion Logo
Search Icon

Ezra 6

6
6–BOB
Shoh Kurushning farmoni qidiriladi
1Shundan soʻng shoh Doro#6:1 shoh Doro — 4:24 izohiga qarang., Bobilda saqlanadigan hujjatlar sinchiklab qarab chiqilsin, deb farmon berdi. 2Nihoyat, Midiya viloyatining markazi Ekbatana shahridagi arxivdan bir oʻrama qogʻoz#6:2 oʻrama qogʻoz — papirus yoki oshlangan teridan qilingan uzun oʻralgan qogʻoz. Qadimgi paytlarda kitoblar odatda oʻrama qogʻoz shaklida boʻlgan. topildi. Unda quyidagilar yozilgan edi:
3“Shoh Kurush#6:3 Shoh Kurush — 1:1 ning birinchi izohiga qarang. oʻz hukmronligining birinchi yilida Xudoning Quddusdagi uyiga oid shunday farmon chiqardi: Xudoning uyi oldingi oʻrnida qayta qurilsin, toki odamlar u yerda qurbonliklar keltira oladigan boʻlishsin. Bu uyning balandligi oltmish tirsak#6:3 oltmish tirsak — taxminan 27 metrga toʻgʻri keladi., kengligi ham oltmish tirsak boʻlsin. 4Devorlari yoʻnilgan tosh va yogʻochdan qurilsin, har uch qator toshning ustiga bir qator yogʻoch yotqizilsin. Xarajatlar shoh xazinasidan toʻlansin. 5Bundan tashqari, Navuxadnazar Quddusdagi Maʼbaddan Bobilga olib kelgan Xudoning uyiga tegishli buyumlar#6:5 …Navuxadnazar…Bobilga olib kelgan Xudoning uyiga tegishli buyumlar… — 1:7 ning birinchi izohiga qarang. ham Quddusga qaytarib olib borilsin. Hammasi Xudoning uyiga oldingiday joylashtirilsin.”
Shoh Doro Maʼbaddagi ishlarni davom ettirishni buyuradi
6Shoh Doro shunday maktub joʻnatdi: “Furot daryosining gʻarbidagi viloyat#6:6 Furot daryosining gʻarbidagi viloyat — 4:10 ning ikkinchi izohiga qarang. hokimi Tattanay, Shatarboʻzanay va ularning sheriklari — viloyat amaldorlari! Sizlar nari turinglar! 7Xudoning uyidagi ishlarga aralashmanglar. Yahudo hokimi va yahudiy oqsoqollari Xudoning uyini oldingi oʻrnida qaytadan quraverishsin. 8Bundan tashqari, sizlar yahudiy oqsoqollariga Xudoning uyini qayta qurishda quyidagicha yordam berishingizni amr qilaman: ish uchun kerak boʻlgan hamma mablagʻni ularga kechiktirmay yetkazib turinglar. Mablagʻni Furot daryosining gʻarbidagi viloyatdan yigʻilgan oʻlpondan — shoh xazinasidan toʻlanglar. 9Quddusdagi ruhoniylar Samoviy Xudoga har kuni kuydiriladigan nazrlarni keltira olishlari uchun ularni kerakli narsalar bilan taʼminlanglar. Ularga soʻraganini — buqa, qoʻchqor, qoʻzilarni, shuningdek, bugʻdoy, tuz, sharob va zaytun moyini beringlar. 10Shunda ular Samoviy Xudoga maʼqul keladigan qurbonliklarni nazr qila oladigan boʻlishadi hamda meni va farzandlarimni duo qilib yurishadi. 11Yana buyuraman: kim bu farmonimni oʻzgartirsa, oʻsha odamning uyidan xoda sugʻurib olinsin. Aybdor odam tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqilsin. Qilgan jinoyati uchun uyi buzib tashlanib, goʻngtepaga aylantirilsin. 12Bu farmonimni oʻzgartirishga uringan yoki Xudoning Quddusdagi uyini yoʻqotishga harakat qilgan har qanday shoh yoki xalqni Xudoning Oʻzi yoʻq qilsin. Zotan, Xudo ulugʻlanishi uchun Oʻziga Quddus shahrini tanlagan. Bu farmonni men, Doro, joriy qildim. Farmonim soʻzsiz bajarilsin.”
Maʼbad qurib bitkaziladi va Xudoga bagʻishlanadi
13Shoh Doro yuborgan buyruqqa muvofiq, Furot daryosining gʻarbidagi viloyat hokimi Tattanay, Shatarboʻzanay va ularning sheriklari shohning farmonini soʻzsiz bajarishdi. 14Shunday qilib, yahudiy oqsoqollari Xudoning uyini quraverdilar, ish bir maromda ilgarilab borardi. Xaggey va Iddo oʻgʻli Zakariyo paygʻambarlar esa bashoratlari bilan ularni ruhlantirib turdilar. Yahudiy oqsoqollari Isroil xalqining Xudosi amriga hamda Fors shohlari Kurush, Doro va Artaxshasning#6:14 Artaxshas — 4:7 ning birinchi izohiga qarang. Artaxshas Maʼbad qayta qurilgandan keyin hukmronlik qilgan (shu bobning 15–oyatiga qarang). Ammo u Ezra davrida Maʼbad ehtiyojlari va sajda marosimlari uchun mablagʻ ajratib, rasmiy yordam koʻrsatgani sababli uni bu oyatdagi shohlar roʻyxatiga qoʻshishgan boʻlishi mumkin (7:11-26 ga qarang). farmonlariga koʻra, qurilishni tamomladilar. 15Adar oyining#6:15 Adar oyi — ibroniy kalendarining oʻn ikkinchi oyi. Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan fevralning oʻrtasidan boshlanadi. uchinchi kuni, shoh Doro hukmronligining oltinchi yilida#6:15 shoh Doro hukmronligining oltinchi yili — miloddan oldingi 515 yil. Xudoning uyi qurilishi tugatildi.
16Isroil xalqi — ruhoniylar, levilar va surgundan qaytgan boshqa odamlar shod–xurramlik bilan uyni Xudoga bagʻishladilar. 17Ular Xudo uyining bagʻishlanishiga atab, 100 ta buqa, 200 ta qoʻchqor, 400 ta qoʻzini qurbonlik qildilar. Isroil qabilalarining soniga koʻra, butun Isroil xalqi uchun 12 ta takani gunoh qurbonligi#6:17 gunoh qurbonligi — birortasi bilmay qilgan gunohi uchun Xudodan kechirim soʻrab keltirgan qurbonligi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi QURBONLIK soʻzi ostida berilgan GUNOH QURBONLIGI iborasiga qarang. qildilar. 18Soʻng ruhoniy va levilarni guruhlarga boʻldilar, ularga Xudoning Quddusdagi uyida bajariladigan vazifalarni taqsimlab berdilar. Bularning hammasini Musoning kitobida yozilgan koʻrsatmalar boʻyicha qildilar.
Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayrami
19Surgundan qaytganlar keyingi yilning birinchi oyi#6:19 birinchi oy — miloddan oldingi 515 yilning birinchi oyi (shu bobning 15–oyatiga berilgan ikkinchi izohga qarang). Ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan martning oʻrtasidan boshlanadi. oʻn toʻrtinchi kunida Fisih ziyofatini oʻtkazdilar. 20Ruhoniylar va levilar oʻzlarini pokladilar. Hammalari pok boʻlganlaridan keyin, levilar surgundan qaytgan xalq uchun, ruhoniylar uchun va oʻzlari uchun Fisih qoʻzisini soʻydilar. 21Surgundan qaytgan Isroil xalqi Fisih taomidan tanovul qildi. Yurtdagi boshqa odamlar ham yahudiylarga qoʻshilib, Fisih taomidan tanovul qildilar. Ular Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga sajda qilish uchun qoʻshni xalqlarning butparastlik udumlaridan voz kechgan edilar. 22Hammasi shod–xurramlik bilan yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini birgalikda nishonladilar. Ular xursand edilar, chunki Egamiz ularni Ossuriya shohining#6:22 Ossuriya shohi — Fors shohi Doro nazarda tutilgan. Forslar Bobil shohligini zabt etgan edilar. Ossuriya shohligi Bobil shohligi tarkibida boʻlgani uchun, bu oyatda shoh Doro Ossuriya shohi deb atalgan. iltifotiga sazovor qilgan edi. Ossuriya shohi ularga Isroil xalqi Xudosining uyini qayta qurishda yordam bergandi.

Currently Selected:

Ezra 6: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in