YouVersion Logo
Search Icon

Doniyor 3

3
3–BOB
Navuxadnazar yasattirgan oltin haykal
1Shoh Navuxadnazar sof oltindan ulkan bir haykal yasattirdi. Balandligi oltmish tirsak, eni esa olti tirsak#3:1 Balandligi oltmish tirsak, eni esa olti tirsak… — balandligi taxminan 27 metrga, eni esa taxminan 3 metrga toʻgʻri keladi. boʻlgan bu haykal Bobil viloyatidagi Durax tekisligida#3:1 Durax tekisligi — bu tekislikning qayerda joylashgani aniq maʼlum emas. oʻrnatildi. 2Soʻng qoʻli ostidagi barcha noiblar, hokimlar, beklar, aʼyonlar, xazinabonlar, qozilar, maʼmurlar va viloyatlarning amaldorlarini chaqirtirib, oʻrnatgan haykalning ochilishida qatnashishlarini buyurdi. 3Bu barcha amaldorlar#3:3 Bu barcha amaldorlar… — oramiycha matnda Noiblar, maʼmurlar, hokimlar, maslahatchilar, xazinabonlar, qonunshunoslar, qozilar va viloyat amaldorlari…. shoh Navuxadnazar oʻrnatgan haykalning ochilishiga yigʻilganlarida, 4jarchi baland ovozda shunday eʼlon qildi: “Ey barcha xalqlar, elatlar va urugʻlar! 5Hozir sozandalarimiz karnay, nay, lira, chang, arfa, doira va boshqa cholgʻu asboblarini chaladilar, sizlar esa muk tushib shoh Navuxadnazar oʻrnatgan oltin haykalga sajda qilasizlar. 6Kimki muk tushib sajda qilmasa, oʻsha zahotiyoq olovli chuqurlikka tashlanadi.” 7Cholgʻu asboblarining#3:7 Cholgʻu asboblari — oramiycha matnda Karnay, nay, lira, chang, arfa, doira va boshqa cholgʻu asboblari…. Oramiycha matnda shu bobning 10, 15–oyatlarida ushbu asboblarning toʻliq roʻyxati takroran berilgan. sadolarini eshitgach, barcha xalqlar, elatlar va urugʻlar muk tushib, shoh Navuxadnazar oʻrnatgan haykalga sajda qildilar.
Doniyorning uch ogʻaynisi itoatsizlikda ayblanadi
8Yahudiylarni qoralash niyatida yurgan ayrim Bobilliklar#3:8 Bobilliklar — oramiycha matnda Xaldeylar, oʻsha vaqtda Bobilliklar shu nom bilan ham atalardi. uchun qulay bir vaziyat tugʻilgan edi. Bunday fursatni boy bermaslik uchun 9ular shoh Navuxadnazarga shunday dedilar: “Shoh hazratlarining umri boqiy boʻlsin! 10Ey shoh hazratlari, siz bergan amringizga binoan cholgʻu asboblarining sadolarini eshitgan har bir odam muk tushib oltin haykalga sajda qilishi kerak edi, shunday emasmi? 11Siz, amrimga itoat qilmagan har qanday kishi olovli chuqurlikka tashlanadi, deb aytgan edingiz. 12Ammo ayrim yahudiylar, xususan, siz Bobil viloyatiga hokim qilib tayinlagan Shadrax, Meshax va Abednaxu shoh hazratlarining amriga boʻysunmadilar. Bu odamlar xudolaringizga sigʻinmaydilar, ular hatto siz oʻrnatgan oltin haykalga sajda qilishni ham oʻzlariga ep koʻrmadilar.”
13Bu xabardan gʻazablanib ketgan Navuxadnazar Shadrax, Meshax va Abednaxuni oʻz huzuriga keltirishni buyurdi. Ular shoh huzuriga keltirilganda, 14Navuxadnazar ularga dedi:
— Shadrax, Meshax va Abednaxu, sizlar mening xudolarimga sigʻinmaganingiz va men oʻrnatgan oltin haykalga sajda qilmaganingiz toʻgʻrisida xabar topdim. 15Ammo men sizlarga lutf aylab yana bir imkoniyat beraman. Hozir cholgʻu asboblarining sadolarini eshitishingiz bilanoq, muk tushib men oʻrnatgan haykalga sajda qilasizlar. Aks holda, oʻsha zahotiyoq olovli chuqurlikka tashlanasizlar. Shunda sizlarni mening qoʻlimdan bironta xudo ham qutqara olmaydi!
16Shadrax, Meshax va Abednaxu shohga shunday javob berishdi:
— Ey olampanoh, bu masalada biz oʻzimizni oqlamoqchi emasmiz. 17Biz sigʻinadigan Xudo bizni olovli chuqurlikdan ham, sizning qoʻlingizdan ham qutqarishga qodir. 18Ammo U bizni qutqarmagan taqdirda ham, bilib qoʻyingki, ey shoh hazratlari, biz hech qachon xudolaringizga sigʻinmaymiz, siz oʻrnatgan oltin haykalga ham sajda qilmaymiz.
Doniyorning uch ogʻaynisi oʻlimga mahkum qilinadi
19Shadrax, Meshax va Abednaxuning bunday javobi Navuxadnazarning qonini qaynatdi. Uning afti–basharasi burishib ketdi. U olovni odatdagidan yetti barobar qattiqroq yondirishni buyurdi. 20Soʻng lashkari orasidagi eng kuchli polvonlarga Shadrax, Meshax va Abednaxuni bogʻlab, olovli chuqurlikka tashlashni amr qildi. 21Polvonlar ularni bogʻlab, ustki kiyimi, ishtoni, bosh kiyimi, xullas, butun ust–boshi bilan olovli chuqurlikka tashladilar. 22Gʻazablangan shoh qattiq olov yondirishni buyurgani uchun, alanga avjiga chiqqan edi. Olovning tafti uch ogʻaynini chuqurlikka tashlayotgan polvonlarni kuydirib yubordi. 23Shadrax, Meshax va Abednaxu esa bogʻlangan holda olovli chuqurlikka yiqildilar.
24Buni tomosha qilib turgan shoh Navuxadnazar birdaniga oʻrnidan sapchib turdi–da, hayrat ichra maslahatchilariga:
— Chuqurlikka biz uchta bogʻlangan odamni tashlamaganmidik? — deb hayqirib yubordi.
— Xuddi shunday, shoh hazratlari, — deb javob berdi ular.
25— Voajabo! Alanganing oʻrtasida bogʻlanmagan toʻrtta odam yuribdi–ku, — dedi shoh. — Ularning birortasiga ham zarar yetmagan. Toʻrtinchi kimsa xuddi ilohiy zotga#3:25 ilohiy zot — oramiycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi xudolar oʻgʻli yoki Xudo oʻgʻli. Bu ibora samoda yashaydigan mavjudotlarga, jumladan, farishtalarga nisbatan ishlatilgan. Shu bobning 28–oyatida mana shu kimsa oramiycha matnda farishta deb aytilgan. oʻxshaydi–ya!
Uchala yigit ozod qilinib, yuqori lavozimga koʻtariladi
26Navuxadnazar chuqurlikning ogʻziga borib:
— Shadrax, Meshax va Abednaxu, ey Xudoyi Taoloning xizmatkorlari, qani, chiqinglar! Oldimga kelinglar! — deb baqirdi.
Shadrax, Meshax va Abednaxu alanga orasidan chiqishdi. 27Barcha noiblar, hokimlar, beklar va shoh aʼyonlari Shadrax, Meshax va Abednaxuni oʻrab olib, olov oʻsha odamlarga hech qanday ziyon yetkazmaganligini koʻrishdi. Ularning na sochlari kuygan, na ustki kiyimlariga zarar yetgan, ulardan hatto tutun hidi ham kelmas edi.
28Navuxadnazar dedi: “Shadrax, Meshax va Abednaxuning Xudosiga hamdu sanolar boʻlsin! U Oʻz farishtasini yuborib, Oʻziga inongan qullarini xalos qildi. Ular oʻz Xudosidan boshqa boʻlgan xudolarga sigʻinishdan koʻra, oʻlimni ravo koʻrdilar, shu bois shohning amriga ham boʻysunmadilar.
29Shuning uchun farmonim quyidagichadir: Shadrax, Meshax va Abednaxuning Xudosiga shak keltirgan har bir odam qaysi xalq, elat yoki uruqqa mansub boʻlishidan qatʼi nazar, chopib tashlanadi, uning uyi esa vayron qilinadi. Zero, bunday najot beradigan boshqa xudo yoʻqdir.”
30Keyin shoh Shadrax, Meshax va Abednaxuning martabasini yanada oshirib, ularni Bobil viloyatidagi yuqori lavozimlarga koʻtardi.
Navuxadnazarning maktubi
31Shoh Navuxadnazar yer yuzidagi barcha xalqlar, elatlar va urugʻlarga quyidagi xabarni yubordi:
Xonadoningizdan baraka arimasin! 32Xudoyi Taolo menga koʻrsatgan alomatu moʻjizalari haqida sizlarni xabardor qilmoqchiman.
33Naqadar buyukdir Uning alomatlari!
Naqadar qudratli moʻjizalari!
Uning shohligi — mangu shohlik boʻlar,
U abadiy hukmronlik qilar.

Currently Selected:

Doniyor 3: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in