Doniyor 11
11
11–BOB
1Midiyalik Doro#11:1 Midiyalik Doro — 5:31 izohiga qarang. hukmronligining birinchi yilida men Mikoyilga yordam berib, uni muhofaza qilib turgan edim.”
Farishta Doniyorga bergan bashorat
Misr va Suriya shohliklari
2Farishta#11:2 Farishta — 10:5-6 da tasvirlangan, mayin zigʻir matosidan tikilgan libos kiygan farishta. gapida davom etib, Doniyorga shunday dedi:
“Endi esa men senga haqiqatni aytaman. Fors shohligida yana uchta shoh hukmronlik qiladi. Toʻrtinchi shoh boshqalarga qaraganda ancha badavlat boʻladi. U boyligi orqali kuch orttirib, hammani Yunon shohligiga qarshi qoʻzgʻatadi.
3Keyin taxtga jangovar bir shoh oʻtiradi, u beqiyos bir saltanatni boshqarib, xohlagan ishini qiladi. 4Ammo qudratining choʻqqisida saltanati parchalanib, toʻrt qismga boʻlinib ketadi. Shoh sulolasiga mansub boʻlmagan yetti yot begonalar taxtga oʻtiradi, biroq saltanatning ilgarigi kuch–qudrati ularda boʻlmaydi.
5Shu orada Misr shohi#11:5 Misr shohi — ibroniycha matnda janub shohi, Misr hukmdori nazarda tutilgan (shu bobning 8–oyatiga qarang). Shu bobning ibroniycha matnida bu hukmdorga nisbatan har doim “janub shohi” iborasi ishlatilgan. kuchayib ketadi, ammo shohning zobitlaridan biri zoʻrayib, shoh saltanatidan ulkanroq bir saltanatga hukmronlik qiladi. 6Bir necha yil oʻtgach, Misr shohi Suriya shohi#11:6 Suriya shohi — ibroniycha matnda shimol shohi, Suriya hukmdori nazarda tutilgan (toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SURIYA soʻziga qarang). Shu bobning ibroniycha matnida bu hukmdorga nisbatan har doim “shimol shohi” iborasi ishlatilgan. bilan ittifoq tuzib, unga qizini uzatadi. Shu orqali u Suriya shohi bilan aloqasini mustahkamlamoqchi boʻladi, biroq ittifoq uzoq davom etmaydi. Qiz, kuyov, qizning otasi#11:6 otasi — ibroniycha matndan. Qadimiy suryoniycha va lotincha tarjimalarda oʻgʻli. va ularning xizmatkorlari xoinlikning qurbonlari boʻlishadi.
7Koʻp oʻtmay Misr taxtiga qizning qarindoshlaridan biri oʻtiradi. U Suriya shohining qoʻshinlariga hujum qilib, istehkomlarini zabt etadi. Qoʻshinlarni tor–mor qilib, gʻalaba qozonadi. 8Suriya xudolarining haykallarini, oltin va kumushdan qilingan qimmatbaho idishlarni oʻlja qilib, Misrga olib ketadi. Soʻng bir necha yil davomida Suriya shohining tinchligini buzmaydi. 9Shundan keyin Suriya shohi Misrga bostirib boradi, ammo yengilib, oʻz yurtiga qaytib ketadi.
10Suriya shohining oʻgʻillari jangga otlanib, Misrga katta bir qoʻshin tortib borishadi. Qoʻshinlar sel kabi oqib, yovning qalʼasiga hujum qilishadi. 11Gʻazablangan Misr shohi Suriya shohi bilan jang qilib, katta yov qoʻshinini tor–mor qiladi. 12Gʻalabaga erishgan Misr shohi oʻta magʻrurlanib ketadi, ammo omad unga boshqa kulib boqmaydi, 13chunki bir necha yildan keyin Suriya shohi yana Misrga qoʻshin tortib keladi. Bu safar Suriya qoʻshinlari oldingidan ham ziyodroq, tish–tirnogʻigacha qurollangan boʻladi.
14Shunda koʻp odamlar Misr shohiga qarshi bosh koʻtaradilar. Vahiy amalga oshsin deb, xalqing orasidagi ayrim zoʻravonlar ham qoʻzgʻaladi, ammo muvaffaqiyatga erisha olmaydilar. 15Suriya shohi mustahkam bir shaharni qamal qilib, qoʻlga kiritadi. Suriyaning siquvi ostida Misr qoʻshinlari chekinadilar, hatto Misrning saralangan lashkari ham yov qoʻshinining shiddatli hujumini qaytara olmaydi. 16Suriya shohi xohlagan ishini qiladi, biror kishi unga qarshilik qilishga jurʼat etmaydi. U goʻzal Isroil yurtini#11:16 goʻzal Isroil yurti — ibroniycha matnda goʻzal oʻlka, Isroil yurtiga ishora (shu bobning 41–oyatida ham bor). qoʻlga kiritib, uni vayron qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
17Dastavval Suriya shohi oʻz saltanatidagi bor qoʻshinni toʻplab, Misrni zabt etmoqchi boʻladi. Keyin Misrni ichidan yemirmoqchi boʻlib, Misr shohi bilan sulh tuzadi va unga qiz uzatadi. Ammo Suriya shohining bu rejalari puchga chiqib, muvaffaqiyat keltirmaydi. 18Bundan soʻng Suriya shohi dengiz qirgʻogʻidagi shaharlarga hujum qilib, koʻplarini qoʻlga kiritadi. Ammo oʻzga yurtlik bir sarkarda bu surbet shohning popugini pasaytirib, qilmishlariga yarasha jazosini beradi. 19Shunda Suriya shohi chekinib, oʻz yurtidagi qalʼalariga qaytib ketadi, ammo yoʻlda halokatga uchrab nobud boʻladi.
20Uning oʻrniga Suriya taxtiga boshqa bir shoh oʻtiradi. Xazinasini boyitmoqchi boʻlgan bu shoh zobitini yuborib, odamlarga katta soliqlar soladi. Ammo qisqa vaqt ichida halok boʻladi. Bu noxush voqea na jangda, na birovning qasdi natijasida sodir boʻladi.
Razil Suriya shohi
21Taxtga oʻtirgan keyingi shoh esa yaramas bir odam boʻladi. Shoh sulolasiga mansub boʻlmagan bu kishi kutilmaganda hiyla orqali Suriya taxtiga chiqib oladi. 22Unga qarshilik koʻrsatgan barcha qoʻshinlarni oradan supurib tashlab, yoʻq qiladi. Hatto oliy ruhoniyni#11:22 oliy ruhoniy — ibroniycha matnda ahd shahzodasi. ham shu koʻyga soladi. 23U boshqa xalqlar bilan bitim tuzgach, makkorona ish tutadi. Unga ergashuvchilarning soni kam boʻlishiga qaramay, qudrati tobora oshib boraveradi. 24U toʻsatdan badavlat viloyatlarga bostirib borib, ota–bobolari qilmagan ishlarga qoʻl uradi. Qoʻlga kiritgan oʻljayu mol–mulkni oʻziga ergashganlarga ulashib beradi. Qalʼalarni qoʻlga olish rejalarini tuzadi, ammo bunday hol uzoq davom etmaydi.
25U kuch–qudratini yigʻib, Misr shohiga qarshi katta bir lashkar tortib boradi. Misr shohi esa Suriya lashkaridan bisyorroq va kuchliroq qoʻshin bilan yov hujumini qaytarmoqchi boʻladi. Biroq hiylagarlarning domiga tushib, inqirozga yuz tutadi. 26Misr shohining oʻz hamtovoqlari uning tomiriga bolta uradilar. Tor–mor boʻlgan Misr qoʻshinlari jangda halok boʻladilar. 27Oʻsha ikkala shoh bir dasturxonda oʻtirib ovqatlanishadi, ammo dilidagi gʻarazni xushomad bilan yashirib, bir–biriga yolgʻon gapirishadi. Biroq Xudo belgilab qoʻygan vaqt–soati yetib kelmagani uchun, birontasi ham muvaffaqiyatga erishmaydi. 28Suriya shohi bir talay boylik bilan ona yurtiga qaytib ketadi. Yoʻlda esa muqaddas ahd ahliga va ularning eʼtiqodiga qarshi chiqib, ularga koʻp ozor yetkazadi.
29Belgilangan vaqtda Suriya shohi yana Misrga yurish qiladi, ammo bu safar vaziyat boshqacha tus oladi. 30Gʻarb sohillaridan#11:30 Gʻarb sohillaridan… — ibroniycha matnda Kittimdan…. Bu nom umuman Oʻrta yer dengizi boʻylarida, yaʼni Isroildan gʻarbda yashaydigan xalqlarni bildirishi mumkin. Bu oʻrinda Rimliklar nazarda tutilganining ehtimoli koʻproq. kelgan jang kemalari Suriya shohiga qarshilik koʻrsatishadi, yuragi dov bermagan Suriya shohi chekinadi. Biroq muqaddas ahd ahliga va ularning eʼtiqodiga gʻazabini sochib, alamidan chiqadi, muqaddas ahddan toyganlarni esa mukofotlaydi. 31Uning lashkari Xudo xalqining qalʼasi boʻlmish Maʼbadga bostirib kirib, tabarruk joyni harom qiladi. Ular kundalik qurbonliklarni toʻxtatib, koʻp harom–xarish ishlarga sabab boʻladigan makruh narsani#11:31 …koʻp harom–xarish ishlarga sabab boʻladigan makruh narsani… — 9:27 ning oxirgi izohiga qarang. oʻrnatishadi. 32Shoh shirin soʻzlar bilan ahddan toyganlarning koʻnglini ovlab, ularni oʻz tomoniga ogʻdirib oladi. Xudoga sodiq qolganlar esa bor kuchlari bilan unga qarshilik koʻrsatadilar. 33Xalq orasidagi dono yoʻlboshchilar odamlarga oqilona pand–nasihatlar berishadi. Ammo koʻp oʻtmay ularning ayrimlari qilichdan oʻtkaziladi, ayrimlari tiriklayin olovda kuydiriladi, ayrimlari zindonga tashlanadi, ularning mol–mulki tortib olinadi. 34Quvgʻin paytida ularga ozgina yordam tegadi. Biroq saflariga baʼzi bir riyokor odamlar kirib olishadi. 35Quvgʻin paytida ayrim dono kishilar azob chekadilar. Biroq bu azoblar orqali Xudo ularni oxirzamon vaqtiga tayyorlab, tozalab poklaydi, chunki belgilangan vaqt hali ham kelmagan boʻladi.
36Suriya shohi xohlaganini qiladi. Oʻzini yuksaltirib, xudolardan ustun qoʻyadi. Eng buyuk Xudoga qarshi gapirib, kufr ketadi. Xudo belgilab qoʻygan gʻazab davri tugaguniga qadar muvaffaqiyat qozonadi. Biroq Xudo Oʻz rejasini albatta amalga oshiradi. 37Suriya shohi ota–bobolari sigʻingan xudolarni hamda ayollar yaxshi koʻradigan xudoni#11:37 ayollar yaxshi koʻradigan xudo — xudo Tammuz nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Bu xudo Adonis va Osiris nomlari bilan ham yuritiladi. Odamlar, bu xudo ayollarni serpusht qiladi, deb ishonar edilar (Hizqiyol 8:14 ga qarang). pisand qilmaydi. Oʻzini yuksaltirib, bironta xudoni nazariga ilmaydi. 38Bularning oʻrniga u qalʼalarni himoya qiluvchi xudoni#11:38 qalʼalarni himoya qiluvchi xudo — xudo Zevs haqida aytilayotgan boʻlishi mumkin. ulugʻlaydi. Ota–bobolari topinmagan bu xudoga u oltin, kumush, javohir va qimmatbaho sovgʻalarni nazr qiladi. 39Oʻzga yurt xudosining homiyligi bilan qalʼalarini himoya qiladi. Uni haqiqiy hukmdor deb bilganlarga izzat–ehtirom bildirib, yuqori mansablarga koʻtaradi. Bunday odamlarga yerlarni mukofot sifatida boʻlib beradi.
40Oxirzamon vaqtida Misr shohi Suriya shohiga hujum qiladi. Ammo Suriya shohi jang aravalari, chavandozlari va talay kemalari bilan unga qarshilik koʻrsatib, toshqin suvlar kabi koʻp shohliklarni bosib oladi. 41U goʻzal Isroil oʻlkasini ham zabt etib, minglab xalqlarning boshiga yetadi. Ammo Edom hamda Moʻab xalqlari va Ommon#11:41 …Edom…Moʻab…Ommon… — Edom Oʻlik dengizning janubida, Moʻab Oʻlik dengizning sharqida, Ommon Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan yurtlar edi. xalqining asosiy qismi Suriya shohining changalidan qochib qutuladi. 42Koʻplab shohliklar, shular qatori, Misr ham Suriya istilosi ostida qoladi. 43Suriya shohi Misrning oltinu kumush xazinalariga va barcha boyliklariga egalik qiladi. Liviyaliklar bilan Habashistonliklar#11:43 Habashistonliklar — ibroniycha matnda Kushliklar. Kush degan joy Misrdan janubda boʻlib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini oʻz ichiga olgan edi. ham unga qaram boʻladilar. 44Biroq sharq va shimoldan kelgan noxush xabarlar Suriya shohini vahimaga soladi. Bu xabarlardan dargʻazab boʻlgan shoh yoʻlga otlanib, koʻp odamlarni qirib tashlaydi. 45Soʻng dengiz va goʻzal muqaddas togʻ orasidagi yerlarga borib, u yerda shohona chodirlarini tikadi. Ammo oʻsha joyda jon beradi, unga yordam beradigan hech kim boʻlmaydi.”
Currently Selected:
Doniyor 11: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020