2 Solnomalar 26
26
26–BOB
Yahudo shohi Uzziyo
1Shundan keyin Yahudo xalqi oʻn olti yoshli Uzziyoni otasi Emoziyoning oʻrniga shoh qildi. 2Emoziyoning vafotidan soʻng, Uzziyo ilgarilari Yahudoga qarashli boʻlgan Elet shahrini#26:2 Elet shahri — Sinay yarim orolining sharqida, Qizil dengizning shimoliy qirgʻogʻidagi bandargoh shahar. qoʻlga kiritib, qaytadan qurdi.
3Uzziyo shoh boʻlganda, oʻn olti yoshda edi. U Quddusda ellik ikki yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik boʻlib, ismi Yoxoliyo edi. 4Uzziyo ham, otasi Emoziyo kabi, Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi. 5Zakariyo hayotligi davrida Uzziyo Xudoga intilardi, Zakariyo unga Xudoning yoʻlidan yurishni oʻrgatardi#26:5 …Zakariyo unga Xudoning yoʻlidan yurishni oʻrgatardi — baʼzi ibroniy qoʻlyozmalaridan, qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda …Zakariyo Xudoning vahiylarini taʼbirlovchi edi.. Uzziyo Egamizga intilgan paytda, Xudo unga huzur–halovat bagʻishladi.
6Uzziyo Filistlarga qarshi urush boshlab, Gat, Yobnax va Ashdod shaharlarining devorlarini buzib tashladi. U Ashdod hududida va Filistlarga qarashli boshqa joylarda shaharlar qurdi. 7U Filistlarga, Gur–Baalda yashaydigan Arablarga va Mavunlarga qarshi urush qilganda, Xudo unga madad berdi. 8Mavun xalqi#26:8 Mavun xalqi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Ommonliklar. Uzziyoga oʻlpon toʻlaydigan boʻldi. U nihoyatda kuchayib ketganidan, shuhrati Misr chegarasigacha yoyildi. 9Bundan tashqari, Uzziyo Quddusdagi Burchak darvozasi, Soylik darvozasi va devorning qayrilgan joylarida minoralar qurib, bu minoralarni mustahkamladi. 10U sahroda mudofaa qoʻrgʻonlarini qurdirdi. Yahudo qir etaklarida va tekisliklarda boqilgan podalari koʻp boʻlgani uchun, koʻplab sardobalar qazdirdi. Dehqonchilikka ixlos qoʻygani uchun adirlaru unumdor yerlarda ekinlar ektirib, uzumzorlar barpo qildi. U yerda ishlaydigan dehqonu bogʻbonlari bor edi.
11Uzziyoning mohir jangchilardan tashkil topgan lashkari bor edi. Bu jangchilarni kotib Yaviyol va uning yordamchisi Masiyo safarbar qilib, ularni boʻlinmalarga boʻlgan edi. Kotib Yaviyol bilan Masiyo Xanoniyoning qoʻli ostida ish olib borar edilar. Xanoniyo shohning aʼyoni edi. 12Bu saralangan jangchilarga 2600 urugʻboshi qoʻmondonlik qilardi. 13Ularning qoʻli ostida jami 307.500 bahodir jangchi boʻlib, bu katta lashkar shohni dushmanlaridan himoya qilar edi. 14Uzziyo butun lashkarni qalqonlar, nayzalar, dubulgʻalar, sovutlar, kamonlar va sopqon toshlari bilan taʼminlagan edi. 15U Quddusdagi minoralar ustiga va shahar devori burchaklariga olimlari kashf etgan oʻq otadigan qurollar va katta toshlarni uloqtiradigan qurollarni oʻrnatdi. Xudo unga yordam bergani uchun u nihoyatda qudratli boʻlib, shuhrati har yoqqa taraldi.
Shoh Uzziyo takabburligi uchun jazolanadi
16Uzziyo kuchayib ketgandan keyin, halokatga olib boradigan kiborlikka berildi. U Egamizning Maʼbadiga kirib, tutatqi qurbongohida tutatqi tutatdi, shu yoʻsin oʻzining Egasi Xudoga itoatsizlik qildi. 17Ruhoniy Ozariyo Egamizning saksonta jasur ruhoniysi bilan birga Uzziyoning ketidan bordi. 18Ular shoh Uzziyoga tanbeh berib deyishdi:
— Ey shohimiz! Egamizga tutatqi tutatish sizning ishingiz emas. Bu Horun naslidan boʻlgan ruhoniylarning ishidir#26:18 Bu Horun naslidan boʻlgan ruhoniylarning ishidir — Chiqish 30:1-10, Sahroda 16:39-40 ga qarang.. Tutatqi tutatishga ular bagʻishlanganlar. Qani boʻling, bu muqaddas joydan chiqib keting! Siz oʻzboshimchalik qildingiz. Bu qilmishingiz uchun Parvardigor Egamiz sizni yuksaltirarmidi?!
19Uzziyo oʻsha paytda qoʻlidagi olovkuragi bilan tutatqi tutatishga tayyor boʻlib turgan edi. U ruhoniylarning tanbehidan qattiq gʻazablangan edi, shu zahotiyoq peshanasiga yara toshdi#26:19 …yara toshdi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan soʻzning tarjimasidir (shu bobning 20, 21, 23–oyatlarida ham bor). Odatda bu ibora moxov kasalligiga ishora deb tushuniladi. Teri kasalliklaridan birortasiga yoʻliqqan kishi harom hisoblanar edi. Xasta odam kasalligini boshqalarga yuqtirmasligi va ularni harom qilmasligi uchun, boshqalardan ajratib qoʻyilar edi (Levilar 13:45-46 ga qarang).. Bu hodisa Egamizning uyidagi tutatqi qurbongohi oldida, ruhoniylarning koʻz oʻngida sodir boʻldi. 20Oliy ruhoniy Ozariyo bilan boshqa ruhoniylar shoh peshanasidagi qoʻrqinchli yaralarni koʻrishgach, shohni tashqariga olib chiqishga shoshildilar. Shohning oʻzi ham tashqariga otlandi, chunki Egamiz uni jazolagan edi. 21Uzziyo umrining oxirigacha teri kasalligidan tuzalmadi. U alohida bir uyda yolgʻiz yashadi. Egamizning uyiga kirish unga man etilgan edi. Yurtdagi xalqni ham, shoh saroyini ham oʻgʻli Yoʻtom boshqarardi.
22Uzziyoning boshqa ishlarini boshdan oxirgacha Omiz oʻgʻli Ishayo paygʻambar yozib qoldirgan. 23Uzziyo olamdan oʻtib, shohlar qabristonining bir chetiga dafn qilindi. Biroq teri kasalligiga chalingani uchun uni shohlar xilxonasiga qoʻymadilar. Uning oʻrniga oʻgʻli Yoʻtom shoh boʻldi.
Currently Selected:
2 Solnomalar 26: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020