YouVersion Logo
Search Icon

2 Solnomalar 25

25
25–BOB
Yahudo shohi Emoziyo
1Emoziyo taxtga oʻtirgan paytda, yigirma besh yoshda edi. U Quddusda yigirma toʻqqiz yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik boʻlib, ismi Yohuvaddon edi. 2Emoziyo Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi, ammo chin yurakdan qilmagan edi. 3Emoziyo oʻz shohligini mustahkamlab olgandan keyin, otasini oʻldirgan aʼyonlarni yoʻq qildi. 4Biroq Musoning qonunida yozilganiga koʻra, qotillarning bolalarini oʻldirmadi, chunki Egamiz: “Otalar farzandlarining gunohi uchun oʻldirilmasin, farzandlar otalarining gunohi uchun oʻldirilmasin, har kim oʻzining gunohi uchungina oʻlim jazosiga tortilsin”, deb amr qilgan edi#25:4 Egamiz…amr qilgan edi — Qonunlar 24:16 ga qarang..
Edom yurtiga qarshi urush
5Emoziyo Yahudo va Benyamin qabilalarini, ularning urugʻlariga koʻra, harbiy qismlarga boʻldi. Ular ustidan mingboshi va yuzboshilarni tayinladi. Emoziyoning lashkari yigirma va undan yuqori yoshdagi 300.000 saralangan jangchidan tashkil topgan boʻlib, ularning hammasi urushga yaroqli, qilich va qalqonni mohirlik bilan ishlata olar edi. 6Bulardan tashqari, Emoziyo 200 pud#25:6 200 pud — ibroniycha matnda 100 talant, taxminan 3,4 tonnaga toʻgʻri keladi. kumushga Isroildan 100.000 bahodir jangchini yolladi. 7Lekin Xudoning bir odami Emoziyoning huzuriga kelib, shu gapni aytdi:
— Ey shoh! Isroil lashkari sen bilan bormasin, chunki Egamiz ular bilan emas. Isroil#25:7 Isroil — ibroniycha matnda Efrayim. Efrayim qabilasi Isroilning shimoliy qismidagi eng katta va nufuzli qabila boʻlgani bois, Eski Ahdning baʼzi oʻrinlarida Efrayim degan nom Isroilga, yaʼni shimoliy shohlikka nisbatan ishlatilgan. Bu shohlikning poytaxti Samariya edi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi EFRAYIM soʻziga qarang. xalqiga yordam berishdan Egamiz voz kechgan. 8Sen jasorat bilan jang qilsang ham, baribir Xudo seni gʻanimlaring oldida magʻlub qiladi, chunki yordam beradigan va magʻlub qiladigan Xudodir.
9Emoziyo Xudoning odamidan soʻradi:
— Isroil lashkari uchun toʻlagan ikki yuz pud kumush nima boʻladi?
Xudoning odami:
— Egamiz senga bundan ham koʻprogʻini berishga qodir, — deya javob berdi.
10Shundan keyin Emoziyo Isroildan#25:10 Isroil — ibroniycha matnda Efrayim. Shu bobning 7–oyati izohiga qarang. kelgan lashkarga javob berib, ularni uylariga qaytarib yubordi. Ular Yahudo xalqidan qattiq gʻazablanib, jahl ustida uylariga qaytib ketdilar.
11Emoziyo jasorat koʻrsatib, lashkarini Tuz vodiysiga#25:11 Tuz vodiysi — Oʻlik dengizning janubidagi oʻlka. boshlab bordi. U yerda Edomliklardan#25:11 Edom — ibroniycha matnda Seir (shu bobning 14–oyatida ham bor). Edom yurtining yana bir nomi Seir edi. 10.000 nafarini oʻldirdi. 12Yahudo lashkari ularning yana 10.000 nafarini tiriklayin asirga olib, qoya choʻqqisidan pastga itarib yubordi. Ularning hammasi toshlarga urilib halok boʻldilar.
13Shu orada Emoziyo orqaga qaytarib yuborgan Isroil lashkari Samariya bilan Bayt–Xoʻron oraligʻidagi Yahudo shaharlariga hujum qildi, ular 3000 kishini oʻldirib, koʻp oʻlja oldilar.
14Emoziyo Edomliklarni magʻlub qilgandan keyin oʻzi bilan Edomliklarning xudolarini olib keldi. Ularni oʻziga xudo qilib oʻrnatdi, oʻsha xudolarga sajda qilib, qurbonliklar keltirdi. 15Egamiz bundan qattiq gʻazablanib, Emoziyoning huzuriga paygʻambarini yubordi. Paygʻambar unga shu soʻzlarini aytdi:
— Nimaga sen begona xudolarga sajda qilyapsan? Bu xudolar oʻz xalqini sening qoʻlingdan qutqara olmadi–ku!
16— Qachondan beri sen shohning maslahatchisi boʻlib qolding?! — deb paygʻambarning gapini boʻldi shoh. — Ovozingni oʻchir! Boʻlmasa joningni olaman.
Paygʻambarning gapi ogʻzida qoldi, biroq u shohni shunday deb ogohlantirib qoʻydi:
— Sen shu ishni qilib, mening maslahatimga quloq solmaganing uchun Xudo seni nobud qilishga qaror qilganini bilaman.
Isroil xalqi Yahudo yurtini magʻlub qiladi
17Yahudo shohi Emoziyo oʻz aʼyonlari bilan maslahatlashib, Isroil shohi Yohoʻshga#25:17 Yohoʻsh — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yoʻsh (shu bobning 18, 21, 23, 25–oyatlarida ham bor).: “Qani, menga jang maydonida roʻbaroʻ kelib koʻr–chi#25:17 …menga jang maydonida roʻbaroʻ kelib koʻr–chi… — ibroniycha matnda …kel, bir–birimizga yuzlanaylik…, bu vaziyatda jang maydonida kuch sinashishga daʼvat.”, degan xabar joʻnatdi. Yohoʻsh Yohuxozning oʻgʻli, Yohuning nabirasi edi.
18Isroil shohi Yohoʻsh esa bunga javoban Yahudo shohi Emoziyoga shu xabarni joʻnatdi: “Lubnon togʻlarida bir gʻovtikan sadr daraxtiga, qizingni oʻgʻlimga xotinlikka ber, deb xabar yoʻllabdi. Oʻsha paytda bir yirtqich hayvon oʻsha yerdan oʻtib ketayotib, gʻovtikanni bosib yanchib ketibdi. 19Shunga oʻxshab sen ham: «Koʻrib qoʻy, Edomni magʻlub qildim», deb maqtanib, yuraging kiborlikka toʻlibdi. Uyingda oʻtiraver. Nima uchun qitmirlik qilyapsan? Oʻz boshingni ham, Yahudo xalqining boshini ham baloga giriftor qilyapsan!”
20Lekin Emoziyo quloq solmadi. Bu Xudoning ishi edi. Yahudo xalqi Edomning xudolariga sajda qilgani uchun, Xudo ularni dushmanning qoʻliga berishga qaror qilgan edi. 21Shuning uchun Isroil shohi Yohoʻsh Yahudo shohi Emoziyo ustiga yurish qildi. Ikkala tomonning lashkari Yahudoning Bayt–Shamash shahrida#25:21 Bayt–Shamash shahri — Quddusdan qariyb 24 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan edi. roʻbaroʻ keldi. 22Isroil lashkari Yahudo lashkarini magʻlub etdi. Yahudo lashkarining hammasi uylariga qochib ketdi. 23Isroil shohi Yohoʻsh Yahudo shohi Emoziyoni Bayt–Shamashda asir qilib oldi. Emoziyo Oxoziyoning#25:23 Oxoziyo — ibroniycha matnda Yohuxoz, Oxoziyoning yana bir ismi (22:1, 11 ga qarang). nevarasi, Yoʻshning oʻgʻli edi. Soʻng Yohoʻsh Emoziyoni Quddusga olib bordi. U yerda Quddus devorining Efrayim darvozasidan Burchak darvozasigacha boʻlgan 400 tirsak#25:23 400 tirsak — taxminan 180 metrga toʻgʻri keladi. qismini buzdirdi. 24Xudoning uyida Obidadomning#25:24 Obidadom — 1 Solnomalar 13:13-14 ga qarang. nasli qoʻriqlagan hamma oltinu kumushni va ashyolarni tortib oldi. Bulardan tashqari, saroy xazinasini va asirlarni olib, Samariyaga qaytib ketdi.
25Yahudo shohi Emoziyo Isroil shohi Yohoʻshning oʻlimidan keyin oʻn besh yil yashadi. 26Emoziyoning boshqa ishlari boshdan oxirgacha “Yahudo va Isroil shohlari kitobi”da yozilgan. 27Emoziyo Egamizdan yuz oʻgirgan vaqtda Quddusda unga qarshi fitna uyushtirildi. Emoziyo bundan xabar topib, Laxish shahriga#25:27 Laxish shahri — Quddusdan qariyb 35 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan edi. qochdi. Ammo dushmanlari Emoziyoning ortidan odam yuborib, uni oʻsha yerda oʻldirtirdilar. 28Emoziyoning jasadini otda Quddusga olib keldilar. U Dovud qalʼasida#25:28 Dovud qalʼasi — baʼzi ibroniy qoʻlyozmalaridan, qadimiy yunoncha, suryoniycha va lotincha tarjimalardan (yana 4 Shohlar 14:20 ga qarang). Ibroniycha matnda Yahudo shahri. ota–bobolarining yoniga dafn qilindi.

Currently Selected:

2 Solnomalar 25: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

Video for 2 Solnomalar 25