YouVersion Logo
Search Icon

2 Solnomalar 18

18
18–BOB
Mixiyo paygʻambar shoh Axabni ogohlantiradi
1Yohushafat nihoyatda boy boʻlib, obroʻsi oshib ketdi. U oʻgʻliga Isroil shohi Axabning qizini olib berib, Axab bilan aloqasini mustahkamladi. 2Oradan bir necha yil oʻtgach, Yohushafat Axabni koʻrgani Samariya shahriga bordi. Axab Yohushafat va uning hamrohlari sharafiga koʻplab mol–qoʻy soʻydi. U Yohushafatni Giladdagi#18:2 Gilad — Iordan daryosining sharq tomonidagi oʻlka. Ramoʻt shahriga hujum qilishga koʻndirmoqchi boʻlib#18:2 …Yohushafatni Giladdagi Ramoʻt shahriga hujum qilishga koʻndirmoqchi boʻlib… — oʻsha davrda Ramoʻt shahri Oram shohining qoʻli ostida edi (3 Shohlar 22:1-4 ga qarang).:
3— Giladdagi Ramoʻt uchun jang qilmoqqa men bilan borasanmi? — deb soʻradi.
— Meni goʻyo oʻzing deb bil, xalqimni oʻzingning xalqing deb bil. Biz sen bilan birga urushga boramiz, — dedi unga Yahudo shohi Yohushafat. 4Yohushafat Isroil shohiga yana aytdi:
— Avval Egamizning xohish–irodasini bil–chi, U nima der ekan.
5Isroil shohi toʻrt yuz paygʻambarni toʻplab ulardan soʻradi:
— Giladdagi Ramoʻt uchun jang qilmoqqa boraymi yoki bormaymi?
— Boraversinlar, Xudo u shaharni shoh hazratlarining qoʻliga beradi.
6— Bu yerda ulardan boshqa Egamizning birorta paygʻambari qolmadimi? Agar boʻlsa, undan ham soʻrab koʻraylik, — dedi Yohushafat.
7— Yana bir kishi bor, — dedi Axab Yohushafatga, — Yimloning oʻgʻli Mixiyo. U orqali Egamizning xohish–irodasini bilsak boʻladi. Lekin men uni yomon koʻraman, chunki u men haqimda bashorat qilsa, xayrli gap aytmaydi, har doim xunuk gap aytadi.
— Ey shoh, bunday deb aytma, — dedi Yohushafat.
8Isroil shohi mulozimini chaqirib:
— Tez borib, Yimloning oʻgʻli Mixiyoni olib kel, — deb buyurdi.
9Isroil shohi Axab va Yahudo shohi Yohushafat shohlik liboslarini kiyib, har qaysisi oʻz taxtida Samariya darvozasi yonida oʻtirar, hamma paygʻambarlar esa ularning roʻparasida turib bashorat qilayotgan edi. 10Xanano oʻgʻli Zidqiyo temir shoxlar yasab, dedi:
— Egamiz: “Oram lashkarini qirib bitirmaguningcha, ularni shu shoxlar bilan suzaverasan”, deb aytmoqda.
11Boshqa paygʻambarlar ham shohga:
— Ramoʻtga boraversinlar, albatta gʻalaba qiladilar, Egamiz oʻsha shaharni shohimizning qoʻllariga beradi, — deb bashorat qildilar.
12Mulozim Mixiyoni chaqirish uchun ketdi. U Mixiyoning oldiga borib, unga dedi:
— Qara, hozir hamma paygʻambarlar bir ogʻizdan shohga yaxshilikdan bashorat qilyaptilar. Sening bashorating ham ularnikiday boʻlsin. Sen ham yaxshilikdan karomat qil.
13— Xudo haqi! Xudoyim menga nimani ayon qilsa, shuni aytaman, — dedi Mixiyo.
14Mixiyo shoh huzuriga keldi.
— Ey Mixiyo, men Giladdagi Ramoʻt shahrini qaytarib olish uchun jang qilmoqchiman. Ramoʻtga hujum qilaymi yoki yoʻqmi? — deb soʻradi shoh undan.
— Hujum qilaversinlar, albatta gʻolib keladilar, — dedi Mixiyo. — Oʻsha shahar shoh hazratlarining qoʻliga beriladi.
15— Faqat haqiqatni aytishing uchun Egamiz nomini oʻrtaga qoʻyib, senga necha marta ont ichdirayin? — deb shoh undan yana soʻradi.
16Mixiyo unga shunday javob berdi:
— Isroil xalqini koʻrib turibman, ular togʻlar ustida yoyilib yurgan choʻponsiz qoʻylarga oʻxshaydi. Egamiz menga dedi: “Ularning xoʻjayini yoʻq, har biri oʻz uyiga tinch–omon qaytib ketsin.”
17— U men haqimda bashorat qilganda xayrli gap aytmaydi, balki xunuk xabar aytadi, deb senga aytmaganmidim?! — deb xafaligini izhor qildi Axab Yohushafatga.
18— Unday boʻlsa, Egamizning soʻzlarini eshitsinlar, — dedi Mixiyo Axabga. — Men Egamizni Oʻzining taxtida oʻtirgan holatda koʻrdim. Jamiki samoviy mavjudotlar Uning oʻng va chap tomonidan joy olgan edi. 19Egamiz ulardan soʻradi: “Isroil shohi Axab Giladdagi Ramoʻt shahriga borib, oʻsha yerda halok boʻlsin deya, kim uni oʻziga ogʻdira oladi?” Biri unday dedi, boshqasi bunday dedi. 20Bir payt ruhlardan bittasi Egamizning roʻparasida paydo boʻldi va: “Uni men koʻndiraman”, dedi. “Qanday qilib koʻndirasan?” soʻradi Egamiz. 21“Men chiqib, hamma paygʻambarlarning ogʻzida yolgʻonchi ruhga aylanaman”, dedi u. “Sen uni koʻndir, bor, aytganingday qil, sen uddasidan chiqasan”, dedi Egamiz. 22Mana koʻrdingizmi, Egamiz paygʻambarlaringizning ogʻziga yolgʻonchi ruh solib qoʻygan. U boshingizga falokat keltirishga qaror qilgan.
23Shu payt Xanano oʻgʻli Zidqiyo Mixiyoning oldiga kelib, uning yuziga bir shapaloq urdi:
— Nahotki Egamizning Ruhi meni tark etib, sen bilan gaplashgani ketgan boʻlsa?! Ayt–chi, u qaysi yoʻldan ketdi? — soʻradi Zidqiyo.
24— Qarab tur, sichqonning ini ming tanga boʻlib, yashiringani ichkari xonaga yugurganingda koʻrasan, — dedi Mixiyo Zidqiyoga.
25— Mixiyoni ushlanglar! — buyurdi Isroil shohi. — Uni shahar hokimi Omonning va shahzoda Yoʻshning huzuriga olib boringlar. 26Ularga mening amrimni yetkazinglar. Ular Mixiyoni zindonga tashlashsin. Men sogʻ–salomat qaytib kelgunimcha, oz–moz non–suv berib tursin, xolos.
27— Ey xaloyiq! Hammangiz eshitib qoʻying! Agar shoh hazratlari sogʻ–salomat qaytib kelsalar, Egamiz men orqali gapirmagan boʻladi, — dedi Mixiyo.
Axab halok boʻladi
28Isroil shohi Axab bilan Yahudo shohi Yohushafat Giladdagi Ramoʻt shahriga ketishdi.
29— Men qiyofamni oʻzgartirib, jangga kiraman, sen esa shohlik liboslaringni kiyib ol, — dedi Axab Yohushafatga.
Axab qiyofasini oʻzgartirib, jangga kirdi. 30Oram shohi jang aravalari qoʻmondoniga: “Kattasi bilan ham, kichigi bilan ham jang qilib oʻtirmanglar, asosiy hujumni Isroil shohining oʻziga qaratinglar”, deb amr bergan edi. 31Jang aravalari qoʻmondonlari Yohushafatni koʻrgach: “Isroil shohi ana shu!” deb oʻylab unga hujum boshladilar. Yohushafat lashkarini jangga daʼvat qilib baqirganda, Egamiz unga yordam berib, hujumni qaytardi. 32Aravalarning qoʻmondonlari bildilarki, u Isroil shohi emas ekan. Qoʻmondonlar orqaga qaytdilar.
33Bir odam bexosdan yoyini tortib qoʻyib yuborgan edi, oʻq toʻppa–toʻgʻri Isroil shohiga kelib tegdi. Shohning ustidagi sovuti ulangan joydan oʻq kirib ketgan ekan. Shoh ogʻir jarohatlandi.
— Otni orqaga bur, men jarohatlandim, lashkar orasidan meni olib chiqib ket! — dedi shoh izvoshchisiga. 34Oʻsha kuni gʻoyatda shiddatli jang boʻldi. Shoh Axab esa aravasi ustida suyanib, Oram lashkarini kuzatib turdi. Kechga tomon borib shoh qazo qildi.

Currently Selected:

2 Solnomalar 18: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in