YouVersion Logo
Search Icon

1 Shohlar 30

30
30–BOB
Dovud Omolek xalqini magʻlub qiladi
1Dovud odamlari bilan yoʻl yurib, uchinchi kuni oʻz shahri Zixlaxga yetib keldi. Bu orada Omolek xalqi Nagav choʻliga#30:1 Nagav choʻli — hozirgi Isroilning janubida, Oʻlik dengizning janubi–gʻarbida joylashgan yerlar., xususan, Zixlax shahriga ham bostirib kirgan, Zixlaxga oʻt qoʻyib, shaharni talon–taroj qilgan ekan. 2Ular biror kimsani oʻldirmay, u yerdagi ayollaru yosh–qarini asir olishib, oldilariga solib haydagancha, yoʻllariga qaytib ketishgan edi.
3Dovud odamlari bilan u yerga yetib borgach, shaharning alanga ichida qolganini, xotinlari, oʻgʻil–qizlarini asir olib ketishganini bildi. 4Ular holdan toyguncha dod–voy solib yigʻlashdi. 5Dovudning ikkala xotini — Yizrillik Oxinavam va Karmillik Navolning bevasi Obigayl ham asir olingan edi. 6Dovud yomon ahvolda qoldi, chunki har bir odam oʻgʻillari, qizlari uchun qaygʻurar, “Dovudni toshboʻron qilamiz”, deyishardi. Lekin Dovud oʻz Egasi Xudodan madad oldi. 7U Oximalekning oʻgʻli ruhoniy Abuatarga#30:7 Abuatar — 23:6 ga qarang.:
— Menga efodni keltir, Egamizning xohish–irodasini bilaylik, — dedi. Abuatar efodni olib keldi. 8Dovud Egamizdan:
— Bu qaroqchilarning orqasidan quvib boraymi? Quvsam, yetib olamanmi? — deb soʻradi#30:8 …Egamizdan…deb soʻradi — 14:36 izohiga qarang..
— Orqalaridan quv, ularga albatta yetib olib, asirlarni ozod qilasan, — dedi Egamiz.
9Shunday qilib, Dovud yonidagi olti yuzta odami bilan yoʻlga chiqib, Basor soyligiga yurish qildi. 10Ular soylikdan hali oʻtib boʻlmagan ediki, ikki yuz kishi toliqib yiqilib, oʻsha yerda qoldi. Dovud qolgan toʻrt yuz kishisi bilan qaroqchilarni quvlab ketdi.
11Choʻlda bir Misrlikni topib, Dovudning oldiga keltirishdi. “Yeb, ichib ol”, deb unga non–pon berishdi. 12Bir hovuch anjir qoqi bilan ikki hovuch mayiz#30:12 …hovuch anjir qoqi…hovuch mayiz… — 25:18 ning ikkinchi izohiga qarang. ham berishdi. Haligi odam tamaddi qilib olgach, bir oz jonlandi. U uch kechayu uch kunduz na tuz totgan, na suv ichgan edi.
13Dovud undan:
— Sen kimning odamisan? Qayerdan kelyapsan? — deb soʻradi.
— Misrlikman, Omolek urugʻidan boʻlgan bir odamning quliman, — dedi yigit. — Uch kun oldin kasal boʻlib qolgan edim, xoʻjayinim meni choʻlda qoldirib ketdi. 14Nagav choʻlidagi Xaret xalqi hududiga, Yahudo hududiga, Nagav choʻlidagi Xolib urugʻi yerlariga bostirib borib, Zixlax shahriga#30:14 Nagav choʻlidagi Xaret xalqi hududi…Zixlax shahri… — bu joylar Yahudo hududining janubidagi sahroda edi. Ehtimol, Xaret xalqi Filistlarga qondosh xalq boʻlgan. oʻt qoʻydik.
15— Meni oʻsha bosqinchilarning yoniga olib bora olasanmi? — deb soʻradi Dovud.
— Seni oʻldirmayman, xoʻjayiningning qoʻliga topshirmayman, deb Xudo nomi bilan ont ichsangiz, sizni oʻsha bosqinchilar oldiga olib boraman, — dedi yigit.
16Shunday qilib, Misrlik odam Dovudga yoʻl koʻrsatib ketdi. Bosqinchilar dala boʻylab tarqalib, Filist va Yahudo yerlaridan talon–taroj qilib kelgan moʻl–koʻl oʻljalarini yeb–ichib, xursandchilik qilishayotgan edi. 17Dovud ertasi kuni kechqurungacha ularni qirdi. Tuyalarga minib qochgan toʻrt yuz yigitdan tashqari, ulardan birortasi ham qutulib keta olmadi.
18Shunday qilib, Dovud Omolek xalqi tortib olgan hamma narsalarini, jumladan, ikkala xotinini ham qaytarib oldi. 19Katta–kichikdan, oʻgʻil–qizlardan, oʻlja olingan mollardan, xullas, Omolek xalqi olib ketgan narsalardan birortasi qolib ketmadi. Dovud hammasini qaytarib oldi. 20Dovud Omolek xalqining hamma mol–qoʻylarini oʻlja qilib oldi. Dovudning odamlari oʻlja olingan mol–qoʻylarni oʻzlarining mollari oldidan haydab ketar ekan: “Bular — Dovudning oʻljalari”, deyishardi.
21Shundan keyin Dovud Basor soyligida toliqib orqada qolib ketgan ikki yuz kishi oldiga qaytdi. Ular ham Dovud bilan uning odamlarini kutib olgani chiqishdi. Dovud ularga yaqin kelgach, omonlik tiladi. 22Lekin Dovud bilan borgan baʼzi yomon, yaramas odamlar:
— Bular biz bilan birga bormadilar, endi ularga oʻlja olingan narsalardan hech qanday ulush bermaymiz, har qaysisi faqat xotini bilan bolalarini olib ketsin, — deyishdi.
23— Yoʻq, birodarlarim, — dedi Dovud, — bu narsalarni bizga Egamiz berdi, endi unday qilmanglar. Egamizning Oʻzi bizni saqladi, ustimizga bostirib kelgan bosqinchilarni qoʻlimizga berdi. 24Sizlarning bu gapingizga kim rozi boʻladi? Urushga borganlar bilan anjomlar yonida qolganlarning ulushi birdir, har bir narsa teng boʻlinadi.
25Oʻsha kundan boshlab Dovud bu usulni Isroilda qonun–qoida holiga keltirdi, ushbu qonun bugungacha#30:25 bugungacha — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. davom etib kelyapti.
26Nihoyat, Dovud Zixlaxga qaytdi. U oʻzining oʻrtoqlari — Yahudo oqsoqollariga tortib olingan oʻljalardan joʻnatib: “Mana, Egamizning gʻanimlaridan tortib olingan oʻljalardan sizlarga inʼomlar”, deb aytib yubordi. 27Inʼomlar quyidagi shaharlarning oqsoqollariga joʻnatildi: Baytil, Nagav choʻlidagi Ramoʻt shahri, Yatir, 28Aror, Sifmoʻt, Eshtamoʻva, 29Raxol, Yaraxmal urugʻi va Xayin xalqining shaharlari, 30shuningdek, Xoʻrmax, Boʻr–Oshon, Otax 31va Xevron shaharlari. Dovud odamlari bilan kezgan yerlarning hammasiga oʻljalardan joʻnatdi.

Currently Selected:

1 Shohlar 30: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in