3 Shohlar 8
8
8–BOB
Ahd sandigʻi Egamizning uyiga keltiriladi
1Shundan soʻng Sulaymon Egamizning Ahd sandigʻini Dovud qalʼasidan#8:1 …Dovud qalʼasidan… — 2 Shohlar 6:12-17 ga qarang. — Siondan Egamizning uyiga olib kelmoqchi boʻldi. Shu maqsadda u Isroil oqsoqollarini, hamma qabila yoʻlboshchilarini, Isroil xalqi urugʻboshilarini Quddus shahriga chaqirtirdi. 2Ularning hammasi yettinchi oyda — Yetanim oyida#8:2 Yetanim oyi — ibroniy kalendarining yettinchi oyi. Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan sentabrning oʻrtasidan boshlanadi., Chayla bayrami#8:2 Chayla bayrami — bu bayram kuzda yigʻim–terim tugagan paytga toʻgʻri keladi. paytida shoh Sulaymonning huzuriga yigʻilishdi. 3Isroil oqsoqollarining hammasi kelgach, ruhoniylar Sandiqni yerdan koʻtarishdi. 4Ruhoniylar va levilar, Egamizning Sandigʻi bilan birga, Uchrashuv chodirini#8:4 Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodirning yana bir nomi. Oʻsha davrda Uchrashuv chodiri Quddusdan qariyb 6 kilometr shimoli–gʻarbda — Givonda joylashgan edi (2 Solnomalar 1:2-6 ga qarang). Ahd sandigʻi esa Quddus shahrida, Dovud tomonidan oʻrnatilgan maxsus chodirda saqlanar edi (2 Shohlar 6:12-17 ga qarang)., Chodirdagi barcha muqaddas buyumlarni Egamizning uyiga olib kelishdi. 5Shoh Sulaymon va toʻplangan butun Isroil jamoasi Sandiqning oldida qoʻylar, buqalar soʻyib, qurbonlik qilishdi. Qurbonlik qilingan qoʻy va buqalar shu qadar koʻp ediki, hisobiga yetib boʻlmasdi. 6Ruhoniylar Egamizning Ahd sandigʻini alohida atalgan joyga — Eng muqaddas xonaga, karublarning qanotlari ostiga qoʻyishdi. 7Karublarning qanotlari Sandiq usti boʻylab choʻzilgan va Sandiq hamda uning xodalarini berkitib turardi. 8Xodalar shunchalik uzun ediki, ularning uchi Eng muqaddas xonaning shundaygina oldidan koʻrinib turardi, boshqa joydan esa koʻrinmasdi. Xodalar bugungacha#8:8 …bugungacha… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. ham oʻsha yerda turibdi.
9Sandiqning ichida ikkita tosh lavhadan boshqa hech narsa yoʻq edi. Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, Egamiz Sinay togʻida#8:9 Sinay togʻi — ibroniycha matnda Xorev togʻi, Sinay togʻining yana bir nomi. ular bilan ahd tuzgan edi. Oʻshanda Muso bu tosh lavhalarni Sandiq ichiga solib qoʻygan edi.
10Ruhoniylar Muqaddas xonadan chiqayotganlarida, Egamizning uyi bulut bilan toʻlib ketdi. 11Bulut nur sochib, koʻzni qamashtirardi. Ruhoniylar xizmatni davom ettirish uchun u yerga kirolmay qoldilar, chunki uy Egamizning ulugʻvorligi bilan toʻlgandi.
12Shunda Sulaymon ibodat qildi:
— Ey Egamiz! Sen, zimziyo zulmatda maskan qilaman, degan eding. 13Mana endi Senga ajoyib bir uy, abadiy istiqomat qilishing uchun bir maskan barpo qildim.
Shoh Sulaymonning duosi
14Keyin shoh orqasiga qayrilib, tik turgan jamiki Isroil jamoasini duo qildi. 15Shoh dedi:
“Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar boʻlsin. U otam Dovudga bergan vaʼdasini bajardi. 16Egamiz otamga shunday degan edi#8:16 Egamiz otamga shunday degan edi… — 2 Shohlar 7:1-16 ga qarang.: «Xalqim Isroilni Misrdan olib chiqqan kunimdan beri Men ulugʻlanadigan uyni barpo qilish uchun Isroil qabilalarining birorta shahrini tanlamadim. Men seni, ey Dovud, xalqim Isroil ustidan hukmdor boʻlgin deb tanladim.»
17Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy barpo qilmoq otam Dovudning niyati edi. 18Lekin Egamiz otam Dovudga shunday deb aytdi: «Modomiki, Menga atab bir uy barpo qilmoqni koʻnglingga tukkan ekansan, yaxshi qilibsan. 19Biroq Menga atab oʻsha uyni sen emas, balki sening pushti kamaringdan bino boʻladigan oʻgʻling barpo qiladi.»
20Egamiz vaʼda bergan edi, bajo ayladi: otam Dovudning oʻrniga taxtga men chiqdim, Egamiz vaʼda etganiday, Isroil taxtiga oʻtirdim, Isroil xalqining Xudosi — Egamizga atab bir uy barpo qildim. 21Oʻsha uyda Ahd sandigʻi uchun ham joy tayyorladim. Egamiz ota–bobolarimizni Misr yurtidan olib chiqqandan keyin, ular bilan qilgan ahd lavhasi shu Sandiqning ichida turibdi.”
Sulaymonning ibodati
22Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida, Isroil jamoasi roʻparasida qoʻllarini koʻkka choʻzganicha dedi:
23“Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Yer yuzida ham, osmonu falakda ham Senga oʻxshashi yoʻq! Senga butun qalbi bilan bogʻlanib, Sen koʻrsatgan yoʻldan yuradigan qullaringga Oʻzing ahdingni sodiq saqlaysan. 24Quling — otam Dovudga Sen Oʻz ogʻzing bilan bergan vaʼdalaringni bugun Oʻz qoʻling bilan bajo aylading.
25Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Oʻzingning qulingga — otam Dovudga: «Bolalaring ham senga oʻxshab oldimda oʻylab qadamini bossalar, sening naslingdan boʻlgan erkak zoti to abad Isroil taxtida oʻtiradi», deb vaʼda bergan eding. Endi bergan vaʼdangni ado et! 26Ey Isroil xalqining Xudosi! Qulingga — otam Dovudga aytganlaring amalga oshsin, deb iltijo qilaman.
27Ey Xudo, Sen yer yuzida yasharmiding?! Sen osmonga, hatto falak toqiga ham sigʻmassan. Falak toqi oldida men qurgan uy nima boʻlibdi?! 28Ey Egam Xudo, bugun iltijo bilan qilgan ibodatimni qabul et! Senga yolvorib qilayotgan iltijolarimga javob ber. 29Sen: «Men oʻsha yerda ulugʻlanay», deb aytgan eding. Koʻzlaring kechayu kunduz oʻsha joyga — oʻsha uyga qadalib tursin. Men, quling, oʻsha tomonga qarab ibodat qilaman, ibodatlarimni tingla. 30Isroil xalqi bilan birga oʻsha tomonga qarab qilgan iltijolarimizga quloq tut. Samolardan — Oʻz makoningdan turib quloq sol, eshitgin–u, gunohimizdan oʻt.
31Kimdir gunohkorlikda ayblansa, oʻsha odam kelib, shu uyingdagi qurbongohing oldida, aybsizman, deb ont ichsa, 32ey Egam, samodan turib quloq sol, qullaringni Oʻzing hukm et. Gunohkorning qilmishini boʻyniga qoʻy, jazosini ber. Gunohsizning esa haqligini koʻrsat, haq boʻlgani uchun uni ozod qil.
33Xalqing Isroil Sening oldingda gunoh qilgani uchun yovga magʻlub boʻlsa, yana qaytib Seni tan olsa, oʻsha uyda Senga yolvorib iltijo qilsa, 34Sen samodan turib, ularning iltijolariga quloq sol, gunohlaridan oʻt. Otalariga Oʻzing tomondan berilgan yurtga ularni qaytar.
35Ular Senga qarshi gunoh qilganlari uchun osmon berkilib, yomgʻir yogʻmaganda, ular oʻsha uyga qarab, Seni yana tan olib iltijo qilsalar, Sen ularni gunohlari uchun jazolaganingda, tavba qilsalar, 36qullaring Isroil xalqiga samodan turib quloq sol, ularning gunohidan oʻt. Ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsat, toki oʻsha yoʻldan yursinlar, keyin xalqingga mulk qilib bergan yerga yomgʻir yogʻdir.
37Yurtda ocharchilik yo oʻlat paydo boʻlsa, garmsel#8:37 garmsel — hosilga katta ziyon keltiradigan issiq shamol., zang kasali, chigirtka#8:37 chigirtka — baʼzan toʻda–toʻda boʻlib kelib, dalalardagi hosilga katta zarar yetkazadigan hasharot., qurt–qumursqa bossa yoki xalqingni yovlar qamal qilsa, yoxud kulfat, xastalik ularning boshiga kelsa, 38har qanday inson yoki xalqing Isroil Senga yolvorib ibodat qilsa, har kim oʻz yuragidagi dardini aytib, bu uy tomonga qoʻllarini choʻzsa, 39-40Sen osmondan — maskaningdan turib quloq sol va ularning gunohidan oʻt. Har birining tutgan yoʻliga qara, xizmatiga yarasha ber, toki Sen Oʻzing ota–bobolarimizga bergan yurtda umrlarining oxirigacha Sendan qoʻrqib yashasinlar. Zotan, jamiki inson bolasining koʻnglidagini yolgʻiz Sen bilasan, xolos.
41Xalqing Isroildan boʻlmagan begona odam Seni deb uzoq yurtdan kelib, 42Sening shuhrating, qudrating va ajoyibotlaring haqida eshitib, oʻsha uyga qarab ibodat qilsa, 43Sen makoningdan turib quloq sol. Oʻsha odamning soʻraganini bajo ayla, toki yer yuzidagi hamma xalqlar Seni bilsin, xalqing Isroil kabi, Sendan hayiqadigan boʻlsin. Men barpo qilgan shu uy Senga atab qilinganini bilsin.
44Sen xalqingni gʻanimlariga qarshi jang qilishga yuborganingda, ular Oʻzing tanlab olgan bu shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, ibodat qilsalar, 45osmondan turib ularning iltijolarini eshit, bajo ayla.
46Sening oldingda ular gunoh qilganlarida, chunki gunoh qilmaydigan odamning oʻzi yoʻq, Sen gʻazablanib, ularni yaqin yoki uzoq yurtlarga asir qilib olib ketadigan dushmanlarning qoʻliga berganingda, 47ular gʻanimlari yurtida asirlikda yurib, esini yigʻib olgach: «Gunoh qildik, shakkoklik qildik, aybdormiz», deb tavba qilib, Senga yolvorsalar, 48gʻanimlar yurtida butun qalbi bilan, jonu dili bilan Senga qaytsalar, Oʻzing ota–bobolariga bergan yurtga, Oʻzing tanlab olgan shaharga, Senga atab men qurgan uyga yuz burib, Oʻzingga ibodat qilsalar, 49samodan — makoningdan turib ularning qilgan iltijolarini eshit, bajo ayla. 50Xalqing Senga qarshi qancha gunoh qilgan boʻlmasin, Senga qarshi qanchalik isyon qilgan boʻlmasin, ularni kechir. Xalqingni asir etgan yov koʻnglida shafqat qoʻzgʻatgin, toki ular xalqingga mehribonlik qilsin. 51Axir, Isroil Sening xalqing, Sening ulushingdir. Ularni Misrdan — temir oʻchoq ichidan Oʻzing olib chiqqansan.
52Xalqing Senga doimo iltijo qilganda, men, qulingning iltijolarini, xalqing iltijolarini eshitib, ularga doimo nazaringni solib marhamat qilgin. 53Zotan, ota–bobolarimizni Misrdan olib chiqqaningda, quling Muso orqali aytganingday, ularni Oʻzingning ulushing qilib, dunyodagi hamma xalqdan ajratib olding, ey Egamiz Rabbiy!”
Sulaymonning soʻnggi duosi
54Sulaymon Egamizning qurbongohi oldida tiz choʻkib, qoʻllarini koʻkka choʻzib, ibodat qilib boʻlgandan keyin, oʻrnidan turdi. 55Sulaymon tik turganicha baland ovoz bilan Isroil jamoasini duo qildi:
56“Egamizga hamdu sanolar boʻlsin! U vaʼdasiga koʻra, Oʻzining xalqi Isroilga tinchlik–omonlik berdi. U quli Muso orqali yaxshi vaʼdalar bergan edi, oʻsha vaʼdalarning birontasi ham bajarilmay qolmadi. 57Egamiz Xudo ota–bobolarimiz bilan boʻlganiday, biz bilan ham boʻlsin, bizni tark etmasin, tashlab ketmasin. 58Egamizning yoʻlidan yurmoq uchun, ota–bobolarimizga buyurgan amr, farmon va qonun–qoidalarga rioya etmogʻimiz uchun koʻnglimizni Oʻziga rom qilsin. 59Egamizning oldida iltijo qilarkanman, shu iltijolarimga U quloq tutib, bu qulining va Oʻzining xalqi Isroilning kundalik ehtiyojlarini bajo aylasin, 60toki dunyodagi jamiki qavmlar Egamiz — Xudo ekanini bilib qoʻysin. Undan boshqasi yoʻq. 61Hozirgiday, Uning farmonlari boʻyicha yurmoq uchun, amrlariga rioya etmoq uchun chin yurakdan Egamiz Xudoga bogʻlaninglar.”
Sulaymon qurbonliklar keltiradi
62Shundan keyin shoh va butun Isroil xalqi Egamizga atab qurbonlik qildilar. 63Sulaymon 22.000 buqani, 120.000 qoʻyni Egamizga atab tinchlik qurbonligi qildi. Shu tariqa shoh va butun Isroil xalqi Maʼbadni Egamizga bagʻishladilar. 64Shu kuni shoh Egamizning uyi oldidagi hovli oʻrtasini ham muqaddas qildi. Soʻng oʻsha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklarining yogʻini nazr qildi, chunki bularning hammasi Egamizning huzuridagi bronza qurbongoh ustiga sigʻmagan edi. 65Keyin Sulaymon va u bilan birga katta jamoa — Levo–Xomatdan#8:65 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni. tortib, Misr chegarasidagi irmoqqa#8:65 Misr chegarasidagi irmoq — Sinay yarim orolining shimoli–sharqidagi Arish soyligi yoki Nil daryosining sharqiy irmogʻi nazarda tutilgan (yana Ibtido 15:18, Sahroda 34:5 va Yoshua 13:3, 15:4, 47 ga qarang). qadar yerlarda yashaydigan butun Isroil xalqi Egamiz Xudo oldida Chayla bayramini#8:65 Chayla bayrami — shu bobning 2–oyatiga berilgan ikkinchi izohga qarang. nishonlashdi. Bayram oʻn toʻrt kun davom etdi. Ular yetti kun qurbongohning Xudoga bagʻishlanishini nishonlashdi, yetti kun Chayla bayramini qilishdi. 66Chayla bayramidan keyin#8:66 Chayla bayramidan keyin… — ibroniycha matnda Sakkizinchi kunida…, Chayla bayramining yettinchi kunidan keyingi birinchi kun. Sulaymon xalqqa ruxsat berdi, xalq shohni duo qildi. Shundan keyin Egamiz Oʻz quli Dovudga va Isroil xalqiga koʻrsatgan muruvvati tufayli hammaning koʻngli shodlikka toʻlib, uylariga qaytib ketdilar.
Currently Selected:
3 Shohlar 8: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020