3 Shohlar 9
9
9–BOB
Egamiz yana Sulaymonga zohir boʻladi
1Sulaymon Egamizning uyini ham, oʻzining saroyini ham qurib boʻldi. Moʻljallangan hamma yumushlarni tamom qildi. 2Shundan keyin Egamiz Sulaymonga, ilgari Givonda zohir boʻlganiday#9:2 …ilgari Givonda zohir boʻlganiday… — 3:5-6 ga qarang., yana zohir boʻldi. 3Egamiz unga shu soʻzlarini ayon qildi:
“Menga qilgan iltijolaringni eshitdim. Sen qurgan va Oʻzim ulugʻlanadigan uyni muqaddas qildim. Koʻzlarim, koʻnglim doimo oʻsha yerda boʻladi.
4Sen ham Mening oldimda, otang Dovud kabi, sofdil va toʻgʻri boʻlib yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun–qoidalarimni mahkam tutsang, 5Isroil ustidan shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Otang Dovudga ham: «Sening naslingdan boʻlgan erkak zoti to abad Isroil taxtida oʻtiradi», deb vaʼda bergan edim#9:5 Otang Dovudga…vaʼda bergan edim — 2 Shohlar 7:12-16 ga qarang..
6Bordi–yu, sen ham, sening nasling ham Men koʻrsatgan yoʻldan qaytsangiz, sizlarga bergan amr va farmonlarimga rioya qilmasangiz, borib boshqa xudolarga xizmat qilsangiz, ularga topinsangiz, 7Isroil xalqini Oʻzim bergan yurtdan uloqtirib tashlayman. Men muqaddas qilgan, Oʻzim ulugʻlanadigan uyni tark etaman. Ana oʻshanda Isroil xalqi hammaning ogʻzida duv–duv gap boʻladi, hamma xalqlar ularni masxara qiladi. 8Hozir ajoyib boʻlib turgan uyning yonidan oʻtganlar buning ayanchli ahvolini koʻrganda, dahshatga tushib: «Nimaga ularning Egasi bu yurtni va bu uyni mana shu ahvolga soldi ekan–a?» deb qotib qoladi. 9Soʻng yana oʻzlari shunday xulosa chiqaradilar: «Eha, ular ota–bobolarini Misr yurtidan olib chiqqan oʻzlarining Egasi Xudodan yuz oʻgirdilar–ku! Boshqa xudolarga ergashib, oʻsha xudolarga topinib, xizmat qildilar–ku! Qilmishlariga yarasha oʻzlarining Egasi ularning boshiga shu koʻrgiliklarni solibdi–da.»”
Sulaymonning shoh Xiram bilan tuzgan bitimi
10Sulaymon ikkala uyni — Egamizning uyini va oʻz saroyini yigirma yilda bitirgan edi. 11Tir shohi Xiram Sulaymonning ehtiyojiga koʻra, sadr yogʻochi, sarv yogʻochi, oltin yetkazib bergan edi. Shoh Sulaymon Xiramga bu xizmatlari uchun Jalila hududidagi yigirmata shaharni berdi. 12Xiram: “Sulaymon bergan shaharlarni koʻray–chi”, deb Tirdan yoʻlga chiqdi, lekin u shaharlar Xiramga maʼqul kelmadi.
13— Doʻstim, menga bergan shaharlaring bori–yoʻgʻi shumi?! — dedi Xiram Sulaymonga. Xiram oʻsha yerlarga Kavul#9:13 Kavul — bu soʻz ibroniychadagi kebal, yaʼni qadrsiz soʻzi kabi talaffuz qilingan. deb nom berdi va bugunga qadar shu nom bilan yuritiladi. 14Xiram esa shoh Sulaymonga 250 pud#9:14 250 pud — ibroniycha matnda 120 talant, taxminan 4 tonnaga toʻgʻri keladi. oltin yuborgan edi.
Sulaymonning yutuqlari
15Shoh Sulaymon majburlab olgan qarollarni chaqirtirib, Egamizning uyini, oʻzining saroyini barpo ettirgan edi. Shuningdek, Quddusning sharq tomonidagi Milloni#9:15 Quddusning sharq tomonidagi Millo — Quddus shahri tepalik ustida edi. Bu tepalikning sharq tomoni oʻpirilib ketgani uchun uni tuzatish shart boʻlgan. Tepalikning oʻpirilib ketgan joyi tuproq bilan toʻldirilgan, kengaytirilgan va mustahkamlangan edi. Tepalikning bu qismi Millo deb atalardi. mustahkam qildirgan va shahar devorini qurdirgan edi. Xazor, Magidoʻ va Gezer shaharlarini mustahkamlagan edi. 16Misr firʼavni Gezerga bostirib kelib, shaharni qoʻlga olgan va oʻt qoʻygandi. Shu yerda istiqomat qilayotgan Kanʼon aholisini qirib tashlab, shaharni oʻzining qizi — Sulaymonning xotiniga sep qilib bergandi. 17Shundan soʻng Sulaymon Gezer shahrini, Pastki Bayt–Xoʻronni, 18Baalatni, Yahudoning choʻlidagi Tamarni#9:18 Tamar — ibroniycha matndan. Baʼzi ibroniy qoʻlyozmalarida Tadmoʻr., 19oʻzining hamma ombor shaharlarini, jang aravalari saqlanadigan shaharlarni, otliqlari turadigan shaharlarini qaytadan tuzatib mustahkamladi. Bundan tashqari, Quddusda, Lubnonda, shohlikning hamma burchaklarida nima istasa, barpo qildi.
20Shu oʻlkada qolib ketgan Amor, Pariz, Xiv, Xet va Yobus xalqlari Isroil xalqidan emasdi. 21Isroil xalqi ularning bu yurtda qolib ketgan avlodlarini tamomila qirib bitirolmagan edi. Sulaymon oʻsha qolib ketganlarini qarol qilib oldi. Ular bugungacha#9:21 …bugungacha… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. bor. 22Lekin Sulaymon Isroil xalqidan birortasini qul qilmadi. Aksincha, ularni shohning sipohlari, aʼyonlari, akobirlari#9:22 akobir — shoh saroyidagi yuqori martabali odam, amaldor., lashkarboshilari, jang aravalarining qoʻmondonlari va suvorilarining qoʻmondonlari lavozimiga tayinladi.
23Sulaymonning ishboshilari 550 kishi boʻlib, ular ishlayotgan odamlar ustidan nazoratchi edilar.
24Firʼavnning qizi Dovud qalʼasidan oʻziga atalgan saroyga koʻchib oʻtdi. Bu saroyni Sulaymon unga atab barpo qilgan edi. Shundan keyin Sulaymon Quddusning sharq tomonidagi Milloni#9:24 Quddusning sharq tomonidagi Millo — shu bobning 15–oyati izohiga qarang. mustahkam qildirgandi.
25Xullas, Sulaymon Egamizning uyini bitkazdi. U Egamizga atab qurgan qurbongohda yiliga uch marta kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklari qilar, tutatqi tutatardi.
26Shoh Sulaymon Edom yurtida, Qizil dengiz#9:26 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom hozirgi Aqaba qoʻltigʻiga (yaʼni Qizil dengizning shimoli–sharqidagi qoʻltigʻiga) ishora qiladi. boʻyidagi Elet shahri yonida joylashgan Ezyoʻn–Geber shahrida kemalar yasadi. 27Xiram oʻz tajribali dengizchilarini Sulaymonning odamlari bilan birga kemalarda joʻnatdi. 28Ular Ofir yurtiga#9:28 Ofir yurti — Arabiston yarim orolining janubida joylashgan boʻlishi mumkin. Ofir oltini eng sifatli oltin hisoblangan. borib, u yerdan 900 pud#9:28 900 pud — ibroniycha matnda 420 talant, taxminan 14 tonnaga toʻgʻri keladi. oltin olib, shoh Sulaymonga keltirib berdilar.
Currently Selected:
3 Shohlar 9: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020