3 Shohlar 3
3
3–BOB
Sulaymon Egamizdan donolik soʻraydi
1Sulaymon Misr shohi — firʼavnning qizlaridan biriga uylanib, firʼavn bilan aloqasini mustahkamladi, xotinini esa Quddusdagi Dovud qalʼasiga olib keldi. U oʻz saroyini, Egamizning uyini va Quddus atrofidagi devorni bitirgunga qadar, xotini oʻsha yerda yashadi. 2Xalq hali ham turli joylardagi sajdagohlarda#3:2 sajdagoh — ibroniycha matnda bamax, yaʼni “tepalik”. Kanʼon xudolariga topinadigan joylar bamax deb atalardi. Odatda bu sajdagohlar tepaliklarda joylashgan boʻlib, u yerda Kanʼon xudolarining tasvirlari va qurbonliklar keltirish uchun qurbongoh boʻlardi. Baʼzi bir paytlarda odamlar mana shu mahalliy sajdagohlarda Egamizga sajda qilardilar. qurbonlik qilib yurardi, chunki oʻsha kunlargacha Egamizga atab bir uy qurilmagan edi.
3Sulaymon Egamizni sevardi, shuning uchun otasi Dovudning koʻrsatmalari boʻyicha yurardi. Lekin u ham sajdagohlarda qurbonlik qilar va tutatqi tutatardi.
4Shoh qurbonlik qilish uchun Givonga#3:4 Givon — Quddusdan qariyb 6 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan shahar. Oʻsha davrda Muqaddas chodir Quddusda joylashgan edi (2 Solnomalar 1:2-6 ga qarang). ketdi. Chunki eng asosiy sajdagoh oʻsha yerda edi. Sulaymon ilgari ham oʻsha qurbongohda minglab kuydiriladigan qurbonliklar keltirgan edi.
5Sulaymon Givonda kechasi tush koʻrdi. Tushida Egamiz zohir boʻldi. Xudo unga:
— Tila tilagingni! — dedi.
6Sulaymon aytdi:
— Ey Xudoyim! Otam Dovud Sening quling edi. Otam Senga sodiq boʻlib, solihlik bilan, toʻgʻri koʻngil bilan yurgani uchun unga ulugʻ sevgingni koʻrsatding. Otamga marhamat qilib, bugun uning taxtiga oʻtirmogʻi uchun unga bir oʻgʻil ato etding. 7Ey Egam Xudo, endi bu qulingni otam Dovud oʻrniga shoh qilding. Men esa bir yosh boladayman, koʻp narsaga aqlim yetmaydi, nima qilishimni ham bilmayman. 8Endi men, quling, Oʻzing tanlab olgan xalqni boshqarishim lozim. Koʻpligidan bu xalqni hisoblab chiqishning imkoni ham yoʻq. 9Endi xalqingga shohlik qilishim uchun menga aql–idrok bergin, toki yaxshilik bilan yomonlikning farqiga borayin. Binobarin, Sening shu qadar behisob xalqingga kim hukmronlik qila oladi?!
10Sulaymon soʻragan narsalar Rabbiyga maʼqul boʻldi. 11Soʻng Xudo unga dedi:
— Sen oʻzing uchun uzoq umr soʻramading, oʻzing uchun boylik istamading, dushmanlaringning jonini soʻramading. Aksincha, toʻgʻri hukm etmoq uchun oʻzingga aql–idrok soʻrading. 12Oʻzingning soʻraganingga koʻra, senga donishmandlik va aql–idrok ato qilaman. Sendan avval oʻzingga oʻxshagani dunyoga kelmagan edi, bundan soʻng ham senga oʻxshagani dunyoga kelmas. 13Yana oʻzing soʻramagan narsalarni — boylik va shon–shuhratni ham beraman: umring boʻyi shohlar orasida senga teng keladigani boʻlmas. 14Sen ham otang Dovud singari, Mening yoʻllarimdan yursang, farmonlarimga, amrlarimga rioya qilsang, umringni yanada uzaytiraman.
15Sulaymon uygʻonib ketdi, hammasi tush edi. Shundan keyin u Quddusga keldi va Egamizning Ahd sandigʻi#3:15 Egamizning Ahd sandigʻi — oʻsha davrda Ahd sandigʻi Quddus shahrida, Dovud tomonidan oʻrnatilgan maxsus chodirda saqlanar edi (2 Shohlar 6:12-17 ga qarang). oldida turib, kuydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini keltirdi, hamma aʼyonlariga ziyofat berdi.
Sulaymonning donishmandligidan bir lavha
16Bir kuni ikkita fohisha xotin shohning huzuriga kelib, uning oldiga kirishdi. 17Xotinlardan biri gap boshladi:
— Hazrati oliylari! Men mana bu ayol bilan bir uyda yashayman. U bilan uyda qolganimda, mening koʻzim yoridi. 18Shundan keyin, uchinchi kuni bu ayol ham farzand koʻrdi. Xullas, biz birga edik. Uyda faqat ikkovimiz, boshqa odam yoʻq edi. 19Manavi xotin kechasi bolasini bosib olgan ekan, bolasi oʻlib qolibdi. 20Yarim kechasi turib, men uxlab yotganimda, oʻgʻlimni bagʻrimdan olib, oʻzining yoniga qoʻyibdi. Nobud boʻlgan bolasini esa mening yonimga yotqizib qoʻyibdi. 21Bolamni emizish uchun saharda tursam, u jonsiz yotgan ekan. Faqat tong yorishgandagina mening oʻgʻlim emasligini bildim.
22Ikkinchi xotin esa:
— Yoʻq, tirigi — mening oʻgʻlim, oʻlgan bola — seniki! — dedi.
Birinchisi esa:
— Yoʻq, oʻlgan bola — seniki, tirigi — meniki! — dedi.
Shunday qilib, ular shoh huzurida mojaro qilishdi. 23Nihoyat, shoh dedi:
— Biringiz: “Tirigi — mening oʻgʻlim, nobud boʻlgani — seniki”, deyapsiz. Ikkinchingiz esa: “Yoʻq, nobud boʻlgani — seniki, tirigi — meniki”, deyapsiz.
24Shundan keyin shoh:
— Menga bir qilich olib kelinglar! — deb buyurdi. Shohga qilich olib kelishdi. 25— Tirik bolani ikkiga boʻlinglar. Yarmini biriga, yarmini esa ikkinchisiga beringlar! — deb buyurdi.
26Shu zahoti bolasi tirik qolgan ayol shohga dedi:
— Hazrati oliylari! Tirik qolgan bolani manavi ayolga beravering! Uni oʻldirmasangiz boʻldi!
Bu ayolning farzandi uchun joni achirdi.
Narigisi esa:
— Menga ham boʻlmasin, senga ham, ikkiga boʻlaveringlar! — dedi.
27Shu onda shoh:
— Toʻxtanglar, bolani oʻldirmanglar! — dedi. — Bolani rahmdil ayolga beringlar, onasi oʻshadir.
28Shoh chiqargan bu hukmni butun Isroil xalqi eshitdi. Shundan keyin shohdan hayiqadigan boʻldilar, chunki eʼtibor bersalar, adolatli hukm qilish uchun Xudo unga donishmandlik ato qilgan ekan.
Currently Selected:
3 Shohlar 3: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020