1 Solnomalar 28
28
28–BOB
Dovud Maʼbadni qurish uchun koʻrsatma beradi
1Dovud Isroildagi hamma aʼyonlarni — qabila yoʻlboshchilarini, shohga xizmat qiladigan harbiy qismlar sardorlarini, mingboshilarni, yuzboshilarni, shoh va shahzodalar mulkini va podalarini boshqaruvchilarni, saroy aʼyonlarini, bahodir pahlavonlarni va boshqa hamma jangchilarni Quddusda toʻpladi.
2Shoh Dovud ularning oldida turib, gapirdi:
“Birodarlarim, xalqim, gapimni eshitinglar! Men Xudoning oyoq kursisi boʻlmish Egamizning Ahd sandigʻi#28:2 Xudoning oyoq kursisi boʻlmish Egamizning Ahd sandigʻi — Ahd sandigʻi ustidagi ikki karub orasidagi joy Xudoning yer yuzidagi taxti deb hisoblanardi (2 Shohlar 6:2 ga qarang). uchun bir oromgoh qurmoqchi edim. Qurilish uchun hamma tayyorgarlikni ham koʻrib qoʻygan edim. 3Lekin Xudo: «Menga atab uyni sen qurmaysan, sen jang qilib, koʻp qon toʻkding», — dedi.
4Vaholanki, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz butun otam xonadonidan meni tanlab oldi. Meni to abad Isroilning shohi qildi. U Yahudo qabilasini yetakchi qilib tanladi, Yahudo qabilasidan esa otamning xonadonini ravo koʻrdi, otamning oʻgʻillari orasidan esa meni mamnuniyat ila butun Isroil ustidan shoh qildi. 5Egamiz menga koʻp oʻgʻillar berdi, hamma oʻgʻillarim orasidan Isroil shohi qilib Sulaymonni tanladi. Ha, Egamizning shohligi taxtiga u oʻtiradi. 6Egamiz menga aytdi: «Men uchun uyni va hovlilarni quradigan oʻgʻling Sulaymondir. Men uni Oʻzimga oʻgʻil qilib tanladim, Men unga ota boʻlaman. 7Agar u bugungiday, Mening amrlarimu qonunlarimga qatʼiyat bilan rioya qilib yursa, uning taxtini to abad mustahkam qilaman.»
8Shuning uchun endi Egamizning jamoasi Isroil xalqining koʻzi oʻngida va Xudoyimizning guvohligida sizlarga aytayin: Egangiz Xudoning amrlarini bitta qoldirmay bajaring. Ana shunda sizlar mana shu hosildor yurtga egalik qilasizlar, bolalaringizga ham uni abadiy meros qilib qoldirasizlar.
9Endi Sulaymon oʻgʻlim, otangning Xudosini tan olgin, butun onging bilan sidqidildan Unga xizmat qilgin. Zotan, Egamiz har bir insonning yuragini sinaydi, niyatu fikrlarimizni U biladi. Agar Uni izlasang, topasan. Agar Uni tark etsang, U ham seni abadiy tashlab ketadi. 10Gapimga quloq sol! Maʼbad qurish uchun Egamiz seni tanlagan ekan, qani, dadil boʻlib, ishga bel bogʻla!”
11Dovud Maʼbad binolarining, omborxonalarining, boshqa xonalarining va Eng muqaddas xonaning, yaʼni gunohdan poklash joyining chizma loyihalarini oʻgʻli Sulaymonga berdi. 12Shuningdek, Dovud Egamiz uyining hovlilari va atrofidagi xonalari, Xudo uyining xazinalari va nazr qilingan hadyalar saqlanadigan xonalari uchun koʻnglidagi niyatlarini#28:12 koʻnglidagi niyatlari — yoki Xudoning Ruhi unga ayon qilgan rejalar. aytdi. 13Ruhoniylar va levilarning tuzumiga, ularning Egamizning uyida qilinadigan barcha xizmatlariga va xizmat paytida foydalaniladigan barcha ashyolarga oid koʻrsatmalar berdi. 14Xizmatda ishlatiladigan quyidagi idish va jihozlarni yasash uchun oltin va kumush vaznini belgilab berdi: 15moychiroqlar va chiroqpoyalar, 16muqaddas nonlar qoʻyiladigan oltin xontaxta, kumush xontaxtalar, 17sanchqilar, togʻorachalar, koʻzalar, jomlar va 18tutatqi qurbongohi. Bundan tashqari, oltin aravaning, yaʼni qanotlarini yoyib, Egamizning Ahd sandigʻini qoplab turgan oltin karublarning loyihasini#28:18 …oltin aravaning, yaʼni…oltin karublarning loyihasi… — Eski Ahdning baʼzi oyatlarida karublar Xudoning taxtini koʻtarib yuradigan vosita sifatida tasvirlanadi (Hizqiyol 1, 10–boblarga qarang). Karublar haqida toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi KARUB, KARUBLAR soʻziga qarang. ham Sulaymonga berdi.
19-20Soʻngra Dovud oʻgʻli Sulaymonga shunday dedi:
— Bularning hammasini men Egamning boshchiligida yozdim, loyihaning ikir–chikirlarini Uning Oʻzi menga ayon qildi. Dadil va botir boʻl! Ishni boshla! Qoʻrqma, vahimaga tushma! Parvardigor Egamiz — mening Xudoyim sen bilan birgadir. Egamizning uyidagi ishlar bitmaguncha, U seni tashlab qoʻymaydi, tark etmaydi. 21Mana, ruhoniylar va levilar guruhlari Xudoning uyidagi har qanday xizmatni qilishga tayyor boʻlib turibdilar. Mohir hunarmandlar senga bajonidil yordam beradilar. Butun xalq va ularning yoʻlboshchilari amringga muntazirdirlar.
Currently Selected:
1 Solnomalar 28: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020