YouVersion Logo
Search Icon

1 Solnomalar 29

29
29–BOB
Maʼbad qurilishi uchun hadyalar
1Shoh Dovud butun jamoaga shunday dedi:
“Xudo tanlagan oʻgʻlim Sulaymon hali yosh, tajribasiz, qiladigan ishi esa ulkandir, chunki bu Muqaddas koshona#29:1 Muqaddas koshona — ibroniycha matnda koshona, Maʼbad nazarda tutilgan (shu bobning 19–oyatida ham bor). inson uchun emas, balki Parvardigor Egamiz uchundir. 2Xudoyimning uyini qurish uchun men qoʻlimdan kelganicha oltin, kumush, bronza, temir, yogʻoch, aqiq toshlar, bezak uchun firuza toshlar, rango–rang toshlar, har xil qimmatbaho toshlar va marmar yigʻdim. 3Endi esa, Xudoyimning uyiga boʻlgan sadoqatimni koʻrsatib, bularga qoʻshimcha qilgan holda shaxsiy xazinamdagi oltin va kumushni beraman. 4Men berayotgan mana bu 6000 pud#29:4 6000 pud — ibroniycha matnda 3000 talant, taxminan 102 tonnaga toʻgʻri keladi. Ofir#29:4 Ofir — bu yurt Arabiston yarim orolining janubida joylashgan boʻlishi mumkin. Ofir oltini eng sifatli oltin hisoblangan. oltinini va 14.000 pud#29:4 14.000 pud — ibroniycha matnda 7000 talant, taxminan 238 tonnaga toʻgʻri keladi. toza kumushni binolarning devorlarini qoplash uchun 5hamda hunarmandlar yasaydigan ashyolar uchun ishlatinglar. Qani, yana kim bugun Egamizga oʻz sadoqatini koʻrsatmoqchi? Kim Maʼbadning qurilishiga nazrlar bermoqchi?”
6Shunda urugʻboshilar, qabila yoʻlboshchilari, mingboshilar, yuzboshilar va shohning aʼyonlari koʻngildan chiqarib nazrlar berdilar. 7Ular Xudo uyining qurilishi uchun 10.000 pud#29:7 10.000 pud — ibroniycha matnda 5000 talant, taxminan 170 tonnaga toʻgʻri keladi. oltin, 10.000 oltin tanga#29:7 10.000 oltin tanga — ibroniycha matnda 10.000 oltin darik. Darik oltin tanga boʻlib, taxminan 8 grammga toʻgʻri keladi, demak, berilgan oltinning umumiy ogʻirligi taxminan 80 kiloga toʻgʻri keladi., 20.000 pud#29:7 20.000 pud — ibroniycha matnda 10.000 talant, taxminan 340 tonnaga toʻgʻri keladi. kumush, 36.000 pud#29:7 36.000 pud — ibroniycha matnda 18.000 talant, taxminan 612 tonnaga toʻgʻri keladi. bronza va 200.000 pud#29:7 200.000 pud — ibroniycha matnda 100.000 talant, taxminan 3400 tonnaga toʻgʻri keladi. temir nazr qildilar. 8Kimda qimmatbaho toshlar boʻlsa, ularni Egamizning uyi xazinasiga berdilar. Xazinaga Gershon naslidan boʻlgan Yoxiyol masʼul edi. 9Odamlar yoʻlboshchilarning bergan bu hadyalari uchun sevindilar, chunki hammalari koʻngildan chiqarib bergan bu nazrlarini yakdillik bilan Egamizga keltirgan edilar. Shoh Dovud ham juda xursand boʻldi.
Dovud Xudoni madh qiladi
10Dovud butun jamoaning koʻzi oldida Egamizga hamdu sano oʻqidi:
“Ey bobomiz Yoqubning#29:10 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (shu bobning 18–oyatida ham bor). Ibtido 32:27-28 ga qarang. Xudosi — Egamiz! Senga to abad hamdu sanolar boʻlsin! 11Ey Egamiz! Sen buyuk, qudratli, shuhratli, salobatli va ulugʻdirsan. Zotan, yeru osmondagi barcha narsa Senikidir. Ey Egamiz! Sen Shohsan. Sen har narsadan yuksaksan. 12Boylik va shon–sharafning manbai Sensan. Ha, Sen hamma narsa ustidan hukmronsan. Kuch–qudrat egasi Oʻzingsan. Odamlarni yuksaltiradigan, ularga kuch beradigan Sensan. 13Endi, ey Xudoyimiz, biz Senga shukurlar aytamiz, Sening ulugʻ nomingni madh qilamiz.
14Lekin men kim boʻlibman, mening xalqim nima boʻlibdiki, biz koʻngildan chiqarib Senga nazr bera oladigan boʻlsak? Axir, hamma narsa Sendan kelgan! Biz bugun bor–yoʻgʻi Sening narsangni Oʻzingga qaytarib berdik, xolos. 15Biz Sening oldingda, ota–bobolarimiz singari musofiru mehmonmiz. Bizning umrimiz soyaday izsiz oʻtib ketadi. 16Ey Egamiz Xudo! Biz Sening muqaddas ismingga atab uy barpo qilish uchun yiqqan mana shu boyliklarning hammasi Sendan kelgan. Ha, hammasi Oʻzingnikidir. 17Ey Xudoyim! Bilaman, Sen yurakni sinaysan, solih odamdan xushnud boʻlasan. Mana shu nazrlarni men Senga chin dildan, koʻnglimdan chiqarib berdim. Hozir esa shu yerda turgan xalqing ham nazrlarini Senga xursandchilik bilan ataganini koʻrdim. 18Ey ota–bobolarimiz Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubning Xudosi — Egamiz! Xalqingning yuragidagi bu niyatu maqsadlarini to abad saqla, ularning yuragini Oʻzingga bur. 19Oʻgʻlim Sulaymon Sening amrlaringga, shartlaringga va qonunlaringga rioya qila olishi uchun va men hozirligini koʻrib qoʻygan Muqaddas koshonani qura olishi uchun unga kuchli istak ato qilgin.”
20Shundan keyin Dovud butun jamoaga: “Egangiz Xudoni olqishlang!” dedi. Ular ota–bobolarining Xudosi — Egamizni olqishladilar. Unga taʼzim qilib, Egamiz va shohning oldida muk tushdilar.
21Ertasi kuni ular mingta buqa, mingta qoʻchqor va mingta qoʻzini Egamizga kuydiriladigan qurbonlik qildilar. Bular bilan birga sharob nazrlarini va butun Isroil xalqi uchun bir talay boshqa qurbonliklarni keltirdilar. 22Oʻsha kuni jamiki Isroil xalqi katta xursandchilik bilan Egamiz huzurida yeb–ichdi.
Ular Dovud oʻgʻli Sulaymonni ikkinchi marta#29:22 ikkinchi marta — Sulaymon birinchi marta shoh deb eʼlon qilingani haqida 23:1 yoki 3 Shohlar 1:32-36 da soʻz yuritilgan boʻlishi mumkin. Qadimiy yunoncha tarjimada ikkinchi marta iborasi yoʻq. shoh deb eʼlon qildilar. Soʻng Sulaymon va Zodoʻxning boshlariga moy surtib, Sulaymonni Egamizning shahzodasi, Zodoʻxni esa ruhoniy qilib tayinladilar. 23Sulaymon Egamizning taxtiga oʻtirib, otasi Dovudning oʻrniga shoh boʻldi. U katta muvaffaqiyatga erishdi, butun Isroil xalqi unga itoat qilar edi. 24Barcha yoʻlboshchilar, bahodir jangchilar va shoh Dovudning hamma oʻgʻillari shoh Sulaymonga sodiq boʻlishga soʻz berdilar. 25Egamiz Sulaymonni shu qadar yuksaltirdiki, butun Isroil xalqi uni nihoyatda izzat qiladigan boʻldi. Darhaqiqat, Sulaymondan oldin hech qanday shoh Isroilda bunday dabdabali shuhratga erishmagan edi.
Dovud hukmronligining soʻnggi paytlari
26Essay oʻgʻli Dovud butun Isroil ustidan shoh boʻlgandi. 27U Isroilda qirq yil shohlik qildi: shundan yetti yili Xevronda, oʻttiz uch yili Quddusda oʻtdi. 28Dovud davlatu shuhrat orttirdi. Yoshini yashab, oshini oshab, olamdan oʻtdi. Oʻrniga oʻgʻli Sulaymon shoh boʻldi.
29Shoh Dovudning butun faoliyati boshdan oxirigacha valiy Shomuilning, Natan paygʻambarning va valiy Gadning qoʻlyozmalarida bayon etilgan. 30Dovudning hukmronligi davrida koʻrsatgan qahramonliklari, Isroil xalqining va oʻzining boshidan kechirgan voqealar hamda atrofdagi shohliklarda yuz bergan hodisalar oʻsha kitoblarga kiritilgan.

Currently Selected:

1 Solnomalar 29: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in