YouVersion Logo
Search Icon

Rimliklar 1

1
1–BOB
Salom
1Men — Iso Masihning quli boʻlgan Pavlusdan Rimdagi birodarlarimga salom! Men havoriylikka daʼvat etilganman, Xudoning Xushxabarini yoyish uchun tanlanganman. 2Muqaddas bitiklarda#1:2 Muqaddas bitiklar — odatda Eski Ahd kitoblari toʻplami shu nom bilan ataladi. yozilganday, Xudo bu Xushxabarni beraman deb, Oʻz paygʻambarlari orqali vaʼda bergan edi. 3Bu Xushxabar Xudoning Oʻgʻli haqidadir. U jisman Dovud zurriyotidan kelib chiqqan edi. 4Xudoning Oʻzi Rabbimiz Iso Masihni oʻlikdan tiriltirdi. Shu orqali Muqaddas Ruhning kuchiga toʻla boʻlgan Iso Masih Xudoning Oʻgʻli ekanligi isbotlandi#1:4 Shu orqali…isbotlandi — yoki Shu orqali Muqaddas Ruh Iso Masih Xudoning qudratli Oʻgʻli ekanligini isbotladi yoxud Shu orqali Iso Masih ruhan Xudoning qudratli Oʻgʻli ekanligi isbotlandi.. 5Ana shu Iso Masih orqali Xudo menga#1:5 men — yunoncha matnda biz. Yozuvlarda bu olmosh baʼzan muallif tomonidan oʻziga nisbatan ishlatilgan. inoyat koʻrsatib, havoriy boʻlish vazifasini berdi. Toki barcha xalqlar Xudoga ishonib, itoat etsinlar, shunda Iso Masihning nomi ulugʻlanadi. 6Sizlar ham, oʻsha xalqlar qatori, Iso Masihga tegishli boʻlishga daʼvat etilgansizlar.
7Men ushbu maktubimni sizlarga — Rimdagi birodarlarimga yozyapman. Xudo sizlarning hammangizni yaxshi koʻrib, Oʻzining aziz xalqi boʻlishga chorlagan. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
Pavlusning Rimga borish istagi
8Avvalambor, Iso Masih sharofati ila barchangiz uchun Xudoyimga shukur qilaman, chunki butun dunyo sizlarning imoningiz haqida gapiryapti. 9Xudoning Oʻgʻli haqidagi Xushxabarni yoyar ekanman, chin qalbimdan Xudoga xizmat qilaman. Xudo shohid, men doim sizlar uchun ibodat qilaman. 10Ibodatlarimda, doim Xudodan: “Agar irodang boʻlsa, imkon ber, men borib, Rimdagi birodarlarimni koʻrib kelay”, deb soʻrayman. 11Sizlarni rosa koʻrgim kelyapti, chunki sizlar bilan ruhiy inʼomlarni baham koʻrsam, deyman, shunda sizlar imonda yanada mustahkamroq boʻlardingiz. 12Toʻgʻrirogʻi, koʻrishganimizda, bir–birimizning imonimizdan dalda olsak, deyman.
13Birodarlar, bilib qoʻyinglar, men koʻp marta sizlarning oldingizga borishni rejalashtirgandim, ammo hech yoʻl ochilmadi. Boshqa xalqlar orasida Xushxabarni aytib, yaxshi natijalarga erishdim. Rimda ham shunday natijalarga erishishni istayman. 14Mening burchim madaniyatliyu madaniyatsizlarga#1:14 madaniyatliyu madaniyatsizlar — yunoncha matnda yunonlaru varvarlar. Oʻsha davrda yunonlar soʻzi (shu bobning 16–oyati izohiga qarang) madaniyatli xalqlarga nisbatan ishlatilgan. Boshqa xalqlarga nisbatan esa varvarlar soʻzi ishlatilardi. Varvar soʻzi madaniyatsiz degan maʼnoni bildiradi (Pavlus oʻzi yahudiy boʻlgani uchun yunon tilini bilmagan yahudiylarni madaniyatsiz deb hisoblamasdi)., ziyoliyu savodsizlarga Xushxabarni aytishdan iborat. 15Shuning uchun men sizlarga, yaʼni Rimdagilarga ham Xushxabarni aytishga intizorman.
16Men Xushxabardan or qilmayman, chunki Xudoning kuch–qudrati boʻlgan bu Xushxabar orqali unga ishonganlarning hammasi qutqariladi. Ishonadiganlar yahudiymi, gʻayriyahudiymi#1:16 gʻayriyahudiy — yunoncha matnda yunon. Oʻsha davrda yunon soʻzi millati yunon boʻlgan odamga nisbatan ham, yunon tilida gapirib, yunon urf–odatlariga rioya qiladigan odamga nisbatan ham ishlatilgan., farqi yoʻq! 17Bu Xushxabarda oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi#1:17 …oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi… — yana 3:21-22, 30 ga va Filippiliklar 3:8-9 ga qarang., chunki Muqaddas bitiklarda: “Solih inson imon tufayli hayotga ega boʻladi”#1:17 Xabaqquq 2:4 ga qarang., deb yozilgan.
Insoniyatning gunohkorligi
18Barcha fosiqligu adolatsizlik ustiga samodan Xudoning qahri yogʻiladi, chunki insonlar oʻz adolatsizliklari bilan haqiqatga toʻsqinlik qilyaptilar. 19Xudo haqida nimaiki bilish mumkin boʻlsa, ularga ravshandir, Xudoning Oʻzi ularga zohir etgan. 20Borliq yaratilgandan beri Xudoning koʻrinmas xususiyatlari, yaʼni abadiy qudrati va ilohiyoti ochiq koʻrinib turibdi. Xudoning ijodiga qarab, Uning xususiyatlarini tushunib olsa boʻladi. Shunday ekan, ular: “Xudoni bilmaymiz”, deb bahona qilolmaydilar. 21Ular Xudoni bilsalar–da, Uni ulugʻlamadilar, Unga shukur qilmadilar. Aksincha, bemaʼni oʻy–xayollarga berilib ketdilar, ularning nodon onglari zulmatga choʻkdi. 22Ular oʻzlarini aqlli deb hisoblaydilar, aslida esa nodondirlar. 23Ular mangu, ulugʻvor Xudoga emas, balki oʻtkinchi inson, qush, chorva, sudraluvchi jonivorlar suratidagi butlarga sajda qildilar.
24Shuning uchun Xudo ularni oʻz yuraklaridagi chirkin ehtiroslari ogʻushida qoldirdi. Shu sababdan ular bir–birlari bilan behayo ishlar qiladilar. 25Ular Xudoning haqiqatini yolgʻon bilan almashtirib, Yaratuvchiga emas, balki yaratilganga sajda qilib, xizmat qiladilar. Yaratuvchi Xudogagina to abad hamdlar boʻlsin! Omin.
26Haqiqatni rad qilganlari uchun Xudo ularni oʻzlarining behayo ehtiroslariga topshirdi. Hatto ayollar ham tabiiy jinsiy munosabatni notabiiy munosabatga almashtirib, bir–birlari bilan jinsiy aloqa qildilar. 27Xuddi shuningdek, erkaklar ham ayollar bilan boʻladigan tabiiy jinsiy munosabatdan voz kechib, bir–birlariga nisbatan shahvoniy hirs bilan yondilar. Erkaklar bir–birlari bilan behayo ishlar qilib, qilmishlariga yarasha jazo tortyaptilar.
28Bu odamlar Xudoni tanib–bilishni rad qilganlari uchun, Xudo ularni buzuq xayollarga topshirib qoʻydi, oqibatda ular qilish mumkin boʻlmagan ishlarni qiladilar. 29Ular har turli adolatsizlik, yomonlik, ochkoʻzlik va yovuzlikka toʻlib, hasadgoʻylik, qotillik, janjalkashlik, firibgarlik va badfeʼllikka mukkasidan ketgandirlar. 30Ular gʻiybatchi boʻlib, odamlarning orqasidan gapiradilar. Xudodan nafratlanadilar. Ular surbet, takabbur, maqtanchoqdirlar. Ular yovuz ishlar qilishning har xil yoʻllarini topadilar, ota–onalariga itoat qilmaydilar. 31Ular nodondirlar, ularga ishonib boʻlmaydi, ularda mehr–shafqat yoʻq. 32Xudoning qonunida, shunday ishlarni qiladigan odamlar oʻlimga loyiq, deb aytilganini biladilar. Shunday boʻlsa–da, ular nafaqat bu ishlarni oʻzlari qiladilar, balki oʻshanday ishlarni qiluvchilarni qoʻllab–quvvatlaydilar.

Currently Selected:

Rimliklar 1: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

YouVersion uses cookies to personalize your experience. By using our website, you accept our use of cookies as described in our Privacy Policy