YouVersion Logo
Search Icon

Rimliklar 2

2
2–BOB
Xudoning odil hukmi
1Ey boshqalarni hukm qilayotgan inson! Sen kim boʻlishingdan qatʼi nazar, boshqalarni hukm qilishga hech haqing yoʻq. Sen boshqa odamni hukm qilib, oʻzingni ham mahkum etasan. Axir, oʻzing ham shu ishlarni qilyapsan–ku! 2Bunday ishlar qilib yurganlarni Xudo mahkum qilishga haqli ekanini bilamiz. 3Ayni shu ishlarni oʻzing qila turib, shunday ishlarni qiluvchilarni hukm etsang, Xudoning hukmidan qochib qutulaman, deb oʻylaysanmi?! 4Xudoning cheksiz mehribonligi va sabr–toqatini pisand qilmayotganingni qara. Axir, Uning muruvvati seni tavbaga yetaklashini bilmaysanmi?! 5Ammo sen oʻjarlik qilib, gunohlaringdan tavba qilmayapsan. Xudoning adolatli hukmi ayon boʻladigan qahr–gʻazab kunida boshingga tushadigan jazoni yanada koʻpaytiryapsan.
6Xudo har kimni qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi. 7Yaxshi ishda qunt qilib, sharaf, hurmat–ehtirom va mangulikka intilganlarga Xudo abadiy hayot ato qiladi. 8Ammo xudbinlik qiladigan, haqiqatni rad etib, adolatsizlikka ergashadiganlar qahr–gʻazabga duchor boʻladi. 9Yovuzlik qiladigan har bir inson iztirobda qoladi, uning boshiga falokat tushadi, bu inson yahudiymi, gʻayriyahudiymi — farqi yoʻq. 10Yaxshilik qiladiganlarga esa — yahudiylarga ham, gʻayriyahudiylarga ham, sharaf, hurmat–ehtirom va tinchlik nasib etadi. 11Zero, Xudo tarafkashlik qilmaydi.
12Xudoning qonunini#2:12 Xudoning qonuni — Eski Ahdga, xususan, Tavrotga ishora. bilmasdan turib gunoh qilganlar, qonunga aloqasiz ravishda hukm qilinadilar. Qonunni bila turib gunoh qilganlar esa qonun boʻyicha hukm qilinadilar. 13Axir, qonunni eshitganlar emas, balki qonunga rioya qiladiganlar Xudoning oldida oqlanadilar. 14Gʻayriyahudiylarda Xudoning qonuni yoʻq. Ammo qonunni bilmay turib, ular tabiiy ravishda qonunning buyurganlarini bajarsalar, oʻzlariga oʻzlari qonundirlar. 15Bu bilan ular qonunning talablari oʻz yuraklarida yozilganini koʻrsatadilar. Ularning vijdoni ham bunga shahodat beradi, chunki ularning xayollari ularni goh qoralaydi, goh oqlaydi. 16Xudo insonlarning yashirin oʻy–xayollarini Iso Masih orqali hukm qiladigan kunda bularning hammasi ayon boʻladi. Men keltirgan Xushxabarda ana shular bayon etilgan.
Yahudiylar va qonun
17Mana, orangizdagilarning baʼzilari: “Men yahudiyman”, deydilar, qonunga#2:17 qonun — shu bobning 12–oyati izohiga qarang. suyangan holda, “Xudoga yaqinman”, deb maqtanadilar. 18Ey yahudiy! Sen Xudoning xohish–irodasini bilish va yaxshini yomondan farq qilishni qonundan oʻrganib olibsan. 19-20Xudoning qonunida barcha ilm–maʼrifat va haqiqat mujassam. Senda mana shu qonun borligi uchun sen koʻrlarga yoʻl koʻrsatuvchi, zulmatda qolganlarga nur, gʻofillarga murabbiy, gʻoʻr bolalarga esa muallim ekanligingga ishonching komil. 21Shunday ekan, sen qanday qilib boshqalarga taʼlim bera turib, oʻzingga taʼlim bermaysan?! 22“Oʻgʻrilik qilma”, deb nasihat qilib turib, oʻgʻrilik qilasanmi?! “Zino qilma”, deb turib, oʻzing zino qilasanmi?! “Butlardan jirkanaman”, deb turib, kufrlik qilasanmi?!#2:22 …kufrlik qilasanmi?! — yunoncha matnda …butxonalarni talaysanmi?! Pavlus majoziy maʼnoda ularning ikkiyuzlamachiligiga ishora qilayotgan boʻlishi mumkin. Ammo baʼzi olimlarning fikri boʻyicha, Pavlus bu oʻrinda butxonalardan oʻgʻirlangan butlarni sotishdan yoki oʻgʻirlangan butlardan olingan metallarni sotishdan keladigan foydaga ishora qilyapti. 23Qonunni bilaman, deb maqtanasan–u, lekin qonunni buzib, Xudoning nomiga dogʻ tushirasanmi?! 24Axir, Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan–ku: “Sizlarni deb, xalqlar orasida Xudoning nomi haqorat qilinmoqda.”#2:24 Muallif bu oʻrinda Ishayo 52:5 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
25Sunnat#2:25 Sunnat — Xudoning Oʻz xalqi bilan qilgan ahd belgisi (Ibtido 17:9-14 ga qarang). Sunnat yahudiylarning Xudoga sodiqligini va Uning tanlagan xalqiga tegishli ekanini koʻrsatadi. masalasiga kelaylik. Agar sen qonunga rioya qiladigan boʻlsang, sunnatning foydasi bor. Ammo qonunni buzsang, sening sunnating sunnatsizlikdan hech farq qilmaydi. 26Xuddi shuningdek, agar sunnat qilinmaganlar qonunga amal qilsalar, ularning sunnatsizligi sunnatday qabul qilinmaydimi?! 27Shunday ekan, sunnatsiz boʻla turib, qonunga amal qiladigan odam seni mahkum qilmaydimi?! Axir, senda Muqaddas bitiklar bor, sen sunnat qilingansan–u, lekin baribir Xudoning qonunini buzasan. 28Yahudiy urf–odatlari bilan yashaydiganlarning hammasi ham asl yahudiy emas. Jismoniy sunnatning oʻzi ham sunnatning asl maqsadini bajarmaydi. 29Asl yahudiylik yurakdan kelib chiqadi. Asl sunnat, yaʼni yurakning sunnati qonunga amal qilishdan kelib chiqmaydi, balki Ruh tomonidan qilinadi. Asl yahudiy insonlarning emas, balki Xudoning maqtoviga sazovor boʻladi.

Currently Selected:

Rimliklar 2: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

YouVersion uses cookies to personalize your experience. By using our website, you accept our use of cookies as described in our Privacy Policy