YouVersion Logo
Search Icon

Qoʻshiq 8

8
8–BOB
Qiz:
1Qaniydi, onam emizgan akamday boʻlsang edi.
Koʻchada koʻrganimda, seni oʻpgan boʻlardim,
Hech kim meni bu uchun ayblamagan boʻlardi.
2Men seni onamning uyiga boshlab kelardim.
Menga oʻgit bergan onamning yotogʻiga olib kirardim,
Senga xushboʻy sharobu anorlarim sharbatini berardim.
3Mana, sevgilimning chap qoʻli boshim ostidadir,
Oʻng qoʻli bilan esa meni quchoqlaydi!
4Ey Quddus qizlari, vaʼda beringlar,
Vaqt–soati kelmaguncha,
Sevgini qoʻzgʻatmang, uygʻotmang.
Oltinchi qoʻshiq
Quddus qizlari:
5Oʻz sevgilisi bilan quchoqlashib,
Choʻl tarafdan kelayotgan kim?
Qiz:
Olma daraxti ostida men seni uygʻotdim.
Onang shu yerda senga homilador boʻlgan,
Mana shu yerda seni dunyoga keltirgan.
6Qoʻlingdagi muhr uzugingday,
Meni ham yuragingga muhrlab olgin.
Axir, sevgi oʻlimday kuchli,
Ishq ajalday#8:6 ajal — ibroniycha matnda Sheoʻl, oʻliklar diyori. Qadimda Isroil xalqi Sheoʻlni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorongʻi joy deb tushunardi. shiddatlidir.
Sevgining uchqunlari olov uchqunlariday,
Lovullagan alangadaydir.
7Suv sevgini oʻchirolmaydi,
Toʻfonlar uni choʻktirolmaydi.
Birortasi sevgi uchun
Uyidagi bor boyligini bersa ham,
Mazaxdan boshqa hech narsaga erishmaydi.
Qizning akalari:
8Bizning bir singlimiz bor,
Uning koʻkraklari hali boʻrtmagan.
Uni soʻrab kelishsa,
Biz nima qilamiz?
9Agar u devor boʻlsa,
Uning atrofida kumushdan qalʼa quramiz.
Agar u eshik boʻlsa,
Uni sadr yogʻochlari bilan toʻsib qoʻyamiz.
Qiz:
10Men ham devorday edim.
Endi esa koʻkraklarim minoralardaydir.
Shuning uchun sevgilim meni
Toʻliq yetilgan deb biladi.
11Sulaymonning Baal–Xomonda uzumzori bor edi.
U uzumzorini bogʻbonlarga ishonib topshirdi.
Ularning har biri uzumzor uchun
Ming kumush tanga#8:11 Ming kumush tanga — ibroniycha matnda Ming shaqal kumush, taxminan 11 kiloga toʻgʻri keladi (shu bobning 12–oyatida ham bor). toʻlashi kerak edi.
Yigit:
12Sulaymon, sen ming tanga ol,
Qorovullarga esa ikki yuz tangadan#8:12 ikki yuz tanga — ibroniycha matnda ikki yuz shaqal, taxminan 2,3 kiloga toʻgʻri keladi. berilsin.
Mening uzumzorim oʻzimnikidir.
13Ey bogʻlarda yashovchi qiz,
Doʻstlarim ovozingni eshitishni kutmoqda.
Qani, men ham ovozingni bir eshitay.
Qiz:
14Xuddi kiyikday, yosh ohuday boʻlgin,
Ziravorlar togʻlariga tezroq kelgin, sevgilim.

Currently Selected:

Qoʻshiq 8: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in