Zabur 78
78
78–SANO
Osif#78 Osif — 49–sanoning izohiga qarang. sanosi.
1Ey Xudo, begona xalqlar tanlagan yurtingni bosib oldi,
Ular muqaddas Maʼbadingni bulgʻadi,
Quddusni vayronaga aylantirdi.
2Biz Sening qullaringmiz.
Ular qullaringning jasadlarini
Qushlarga yemish qilib berdilar.
Taqvodor xalqingning etini
Zamindagi yovvoyi hayvonlarga berdilar.
3Quddus atroflarida ular qonimizni suvday toʻkdi,
Jasadlarni dafn qilishga biron zot qoldirmadi.
4Qoʻshnilarimiz oldida masxara boʻldik,
Atrofimizdagilarga kulgi, oʻyinchoq boʻldik.
5Ey Egam, qachongacha bizdan gʻazablanasan? To abadmi?
Qachongacha rashking alangaday yonadi?
6Seni tan olmaydigan xalqlar uzra,
Senga sajda qilmaydigan shohliklar uzra
Gʻazabingni sochgin.
7Ular xalqing Isroilni#78:7 Isroil — ibroniycha matnda Yoqub, Isroil naslining yana bir nomi (Ibtido 32:27-28 ga qarang). yeb bitirdi,
Yurtini tashlandiq sahroga aylantirdi.
8Bizga otalarimiz gunohlarini eslatma,
Bizga tezda shafqatingni koʻrsat,
Axir, biz oyoq osti boʻlib ketdik–ku!
9Oʻz shuhrating haqi, bizga madad ber,
Ey najotkorimiz Xudo!
Oʻz noming haqi, bizni qutqar,
Gunohlarimizni kechir.
10Nima uchun begona xalqlar:
“Qayerda ekan–a ularning Xudosi”, deya aytmogʻi kerak?!
Xalqlardan oʻch olganingni biz koʻraylik,
Axir, ular bizning qonimizni toʻkkan.
11Mahbuslarning figʻonini eshitgin,
Buyuk qudratingni namoyish qilib,
Oʻlimga mahkum boʻlganlarni qutqargin.
12Ey Rabbiy, qoʻshni xalqlar Seni haqoratlagani uchun
Ularga yetti baravar qaytargin.
13Biz Sening xalqing, yaylovdagi suruvingmiz,
Senga to abad shukur aytarmiz,
Nasldan naslga Seni takror madh qilarmiz.
Currently Selected:
Zabur 78: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020