YouVersion Logo
Search Icon

Zabur 70

70
70–SANO
1Ey Egam, Senda men panoh topaman,
Sharmanda boʻlishimga aslo yoʻl qoʻymagin.
2Adolatlisan, meni xalos qil, qutqargin,
Quloq tut menga, najot bergin.
3Mening panoh qoyam boʻlgin,
Har doim Senga bora olay.
Meni qutqarmoq uchun amr berding.
Chindan ham, Sen suyangan qoyamsan, qalʼamsan.
4Ey Xudoyim, fosiqning qoʻlidan meni qutqargin,
Adolatsiz, zolim odamning iskanjasidan qutqargin.
5Sen, ey Egam Rabbiy, mening umidimsan,
Yoshligimdan Senga umid bogʻlaganman.
6Tugʻilganimdan buyon Senga suyandim,
Onamning qornidan meni olib chiqqansan,
Doimo Senga hamdu sano aytaman.
7Hayotim koʻpchilikka oʻrnak boʻldi,
Chunki Sen mening mustahkam panohimsan.
8Ogʻzimdan aslo tushmas Senga hamdu sanolar,
Kun boʻyi shuhratingni eʼlon qilaman.
9Keksaygan chogʻimda meni tashlab qoʻymagin,
Quvvatim ketganda, meni tark etmagin.
10Axir, dushmanlarim menga qarshi til biriktiradi,
Birga fitna qilib, meni oʻldirmoqchi boʻladi.
11Dushmanlarim aytar: “Xudo tark etgan uni,
Quvinglar, ushlanglar uni,
Uni qutqaradigan hech kimsa yoʻqdir.”
12Ey Xudo, mendan uzoq ketmagin,
Tez kel, ey Xudoyim, menga madad ber!
13Meni ayblovchilar sharmandalikdan yerga kirib ketsin,
Menga zarar yetkazmoqchi boʻlganlar
Masxara boʻlsin, badnom boʻlsin.
14Men esa doimo Senga umid bogʻlayman,
Yanada koʻp hamdu sano aytaman.
15Menga qilganlaringdan hayratga tushdim,
Adolatingni har kimga hikoya qilaveraman,
Najotingni kun boʻyi soʻylayveraman.
16Qudratli ishlaringni madh qilaman, ey Egam Rabbiy,
Yolgʻiz Sening odilligingni madh qilaman.
17Ey Xudo, yoshligimdan Sen menga taʼlim bergansan,
Ajoyib ishlaringni hamon aytib yuraman.
18Sochlarim oqarib, keksayganimda,
Meni tark etmagin, ey Xudo!
Kelgusi avlodlarga kuching haqida aytay,
Mendan keyin keladiganlarga
Qudrating haqida aytib beray.
19Adolating samolarga yetadi, ey Xudo,
Buyuk ishlar qilding Sen,
Senga oʻxshagan kim bor, ey Xudo?!
20Duchor qilding meni koʻp kulfat, azoblarga,
Meni yana hayotga qaytarasan,
Yer ostidan yana meni chiqarib olasan.
21Shuhratimni yana yuksaltirasan,
Menga yana taskin berasan.
22Arfa chalib, Senga hamdu sano aytaman,
Sening sadoqatingni kuylayman, ey Xudoyim.
Lira chalib, Seni tarannum qilaman,
Ey Isroil xalqining Muqaddas Xudosi!
23Seni madh qilib kuylaganimda,
Shodlikdan hayqiraman.
Meni Sen qutqargansan.
24Menga zarar yetkazmoqchi boʻlganlar
Sharmandayi sharmisor boʻldilar.
Kun boʻyi tilim adolating haqida soʻylaydi.

Currently Selected:

Zabur 70: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in