Zabur 68
68
68–SANO
1Ijrochilar rahbariga. “Nilufar” kuyiga aytiladigan Dovud sanosi.
2Ey Xudo, meni Oʻzing qutqar,
Suvlar boʻgʻzimga qadar koʻmdi.
3Botqoqqa choʻkib borayotirman,
Oyogʻimni qoʻygani qattiq yer yoʻq.
Chuqur suvlarga botib ketdim,
Endi toʻlqinlar meni yutmoqda.
4Madad soʻrab, sillam quridi,
Tomoqlarim qaqrab ketdi,
Ey Xudoyim, Seni kutib, koʻz nurim soʻndi.
5Sababsiz mendan nafratlanganlar
Boshimdagi sochimdan ham koʻpdir.
Koʻpchilik sababsiz menga dushmandir,
Ular jonimga qasd qilmoqchilar.
Men oʻgʻirlamagan narsalarni ular,
Qaytib ber, deb meni majbur qilmoqdalar.
6Ey Xudo, aqlsizligimni Oʻzing bilasan,
Ayblarim Sendan aslo yashirin emas.
7Ey Sarvari Olam — Rabbiy,
Sendan umid qilganlar
Men tufayli uyatga qolmasinlar.
Ey Isroil xalqining Xudosi,
Senga yuz burganlar
Men tufayli sharmanda boʻlmasinlar.
8Seni deb haqoratga chidadim,
Xijolatdan yuzim shuvut.
9Aka–ukalarimga goʻyo begonadayman,
Tugʻishganlarim orasida musofirdayman.
10Sening uyingga boʻlgan sevgim ichimni yondirar,
Seni haqoratlaganlar meni haqorat qilgan boʻlar.
11Faryod qilib, roʻza tutganimda,
Men masxara boʻldim.
12Kulfatda qolib, qanor kiyganimda#68:11-12 …roʻza tutganimda…12…qanor kiyganimda… — qanor dagʻal qoramtir mato boʻlib, echki yoki tuya junidan toʻqilgan. Qanor kiyib olish va roʻza tutish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi. Koʻpincha bu harakat Xudodan kechirim soʻrab ibodat qilish va Undan madad tilash bilan birgalikda amalga oshirilgan.,
Ular ustimdan kuldilar.
13Shahar darvozasi oldida#68:13 Shahar darvozasi oldida… — qadimgi paytlarda odamlar savdo–sotiq, ijtimoiy va huquqiy masalalarni hal qilish uchun shahar darvozasi oldida yigʻilishardi. oʻtirganlar
Meni gʻiybat qilarlar,
Mast–alastlar men toʻgʻrimda qoʻshiq aytarlar.
14Men esa, ey Egam, Senga ibodat qilaman.
Maʼqul vaqtda, sodiq sevging soyasida, ey Xudo,
Ishonchli najoting bilan javob ber menga.
15Meni qutqargin, botqoqqa botib ketmay,
Mendan nafratlanganlardan xalos boʻlay,
Meni chuqur suvlardan saqlagin.
16Toʻfon meni gʻarq qilmasin,
Tubsiz suvlar meni yutmasin,
Qabr menga ogʻzin ochmasin.
17Javob ber ibodatimga, ey Egam,
Naqadar ezgudir sodiq sevging,
Buyuk shafqating ila menga yuz burgin.
18Men, qulingni jamolingdan bebahra qilma,
Kulfatda qolganman, javob ber tezda.
19Yaqinroq kel, qutqargin meni,
Dushmanlarimdan xalos qil meni.
20Haqoratga duchor boʻlganim,
Sharmandayu sharmisor boʻlganim
Oʻzingga ravshan.
Hamma dushmanlarimni bilasan.
21Haqoratlar qalbimni yaralab,
Tushkunlikka tushirdi.
Bir hamdard izladim, hech kim yoʻq edi,
Tasalli beruvchi izladim–u, topmadim.
22Ovqatimga ular zahar soldilar,
Chanqaganimda menga uzum sirkasi berdilar.
23Dasturxonlari oʻzlariga tuzoq boʻlsin,
Hamtovoqlari uchun qopqon boʻlsin.
24Koʻz nurlari soʻnsin, koʻrmay qolsin,
Bellari to abad bukchayib qolsin.
25Ular ustiga gʻazabingni sochgin,
Qahring alanga olib, ularni yutib yuborsin.
26Ularning makoni tashlandiq boʻlib qolsin,
Chodirlarida tirik bir jon qolmasin.
27Sen urgan insonlarni ular taʼqib qiladi,
Sen bergan yara azoblarini ular gʻiybat qiladi.
28Gunohlari ustiga gunoh qoʻshgin,
Ularni Sen oqlamagin.
29Nomlari hayot kitobidan oʻchirilsin,
Solihlar bilan yonma–yon yozilmasin.
30Men azobda, kulfatda qolganman,
Ey Xudo, najoting meni himoya qilsin.
31Nomini kuylab, Xudoni madh qilaman,
Shukur aytib, Uni maqtayman.
32Qurbonlik qilingan buzoqdan, hatto buqadan koʻra,
Hamdlarim Egamni koʻproq mamnun qiladi.
33Mazlumlar buni koʻrib, sevinsin,
Xudoga intilayotganlar dadil boʻlsin.
34Egamiz muhtojlarni eshitadi,
Asir boʻlgan xalqidan nafratlanmaydi.
35Yeru osmon Egamizni madh aylasin,
Dengizlaru ulardagi jonzotlar Uni ulugʻlasin.
36Xudo Quddusga#68:36 Quddus — ibroniycha matnda Sion. 2:6 izohiga qarang. najot beradi,
Yahudo shaharlarini qayta tiklaydi,
Xalq oʻrnashib, u yerni mulk qiladi.
37Xudo qullarining avlodi u yerni egallaydi,
Xudoni sevganlar u yerni maskan qiladi.
Currently Selected:
Zabur 68: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020