YouVersion Logo
Search Icon

Zabur 24

24
24–SANO
Dovud sanosi.
1 # 24:1 Bu sano ibroniychada muvashshah usulida yozilgan sheʼrdir. Bu sanoning har bir oyatidagi birinchi soʻz ibroniy alifbesi tartibi boʻyicha boshlanadi. Yuragimni ochaman Senga, ey Egam!
2Senga umid bogʻlayman, ey Xudoyim!
Sharmanda boʻlishimga yoʻl qoʻymagin,
Dushmanlarim mendan ustun kelmasin.
3Senga ishonganlar aslo boʻlmasin sharmanda.
Sharmandalik kelsin
Senga asossiz xiyonat qilganlarning boshiga.
4Ey Egam, yoʻllaringni menga koʻrsat,
Soʻqmoqlaringni menga oʻrgat.
5Oʻzing meni boshlab borgin,
Haqiqatingni menga oʻrgatgin,
Najotkorim Xudo Oʻzingsan,
Kun boʻyi Sendan umid qilaman.
6Yodingda tut, ey Egam, buyuk shafqatingni
Hamda sevgida sodiqligingni.
Axir, azaldan Sen shunday qilgansan.
7Yoshlikda qilgan gunohlarimni esga olmagin,
Itoatsizliklarim uchun meni jazolamagin.
Sodiq sevging haqi yodga ol meni,
Axir, Sen yaxshisan, ey Egam!
8Egamiz yaxshi, adolatlidir!
U gunohkorlarga yoʻl–yoʻriq koʻrsatadi.
9U kamtarni toʻgʻrilikka boshlaydi,
Kamtarin insonni Oʻz yoʻliga oʻrgatadi.
10Egamiz qilgan har ishi orqali
Uning ahdiga rioya qilganlarga
Sevgisiyu sadoqatini koʻrsatadi.
11Mening ayblarim koʻp.
Ey Egam, Oʻz noming haqi
Ayblarimni kechirgin.
12Agarda inson Egamizdan qoʻrqsa,
Egamiz unga toʻgʻri yoʻl tanlashni oʻrgatadi.
13Oʻsha inson umrini farovonlikda oʻtkazadi,
Uning nasli yurtni mulk qilib oladi.
14Egamiz Undan qoʻrqadiganlarga
Oʻz niyatlarini ishonib bildiradi,
Oʻz ahdini ularga maʼlum qiladi.
15Nigohim doimo Egam tomondadir,
U oyoqlarimni tuzoqdan xalos qiladi.
16Ey Egam, holimga boq, mehribonlik qil.
Men yolgʻizman, tushkunlikka tushganman.
17Yurakdagi gʻamlarim ortib bormoqda,
Shu kulfatdan meni qutqargin.
18Kulfatu gʻamlarimni koʻrib,
Barcha gunohlarimdan oʻtgin.
19Qara, dushmanlarim naqadar koʻp,
Mendan qattiq nafrat qilarlar.
20Hayotimni asra, qutqargin meni,
Sharmandali ahvolga solmagin meni,
Zotan, Senda panoh topaman men.
21Haqqoniylik, toʻgʻrilik saqlasin meni,
Zotan, Sendan umid qilaman men.
22Ey Xudo, qutqargin Isroilni
Jamiki kulfatlaridan!

Currently Selected:

Zabur 24: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in