YouVersion Logo
Search Icon

Zabur 104

104
104–SANO
1Egamizga shukur ayting, Unga sajda qiling,
Boshqa xalqlar orasida Uning ishlarini bildiring.
2Tarannum qilib Uni, hamdu sano ila qoʻshiq ayting,
Uning jamiki ajoyib ishlarini soʻzlab bering.
3Egamizning muqaddas nomi ila faxrlaning,
Egamizga yuz burganlarning qalbi shodlikka toʻlsin.
4Qudratli Egamizga yuz buring!
Uning huzurida boʻlishga intiling.
5-6Ey sizlar, Egamizning quli Ibrohim nasli,
Ey Yoqub oʻgʻillari — Egamizning tanlaganlari,
Egamiz qilgan ajoyibotlarini esda tuting,
Uning moʻjizalarini, chiqargan hukmlarini unutmang.
7U Egamiz Xudodir,
U butun yer yuzini adolatli hukm qiladi.
8Oʻz ahdini U to abad yoddan chiqarmas,
Minglab nasllarga bergan vaʼdasini unutmas.
9Rioya qilar U Ibrohim bilan qilgan ahdiga,
Isʼhoqqa qasam ichib bergan vaʼdasiga.
10Yoqub uchun bu ahdni bir qonun qildi,
Ha, Isroil uchun abadiy bir ahd qildi.
11Aytdiki#104:11 Aytdiki… — Ibtido 12:7, 17:8, 26:3, 28:13 ga qarang.: “Kanʼon yurtini senga beraman,
Uni oʻzingga abadiy mulk qilib olasan.”
12Oʻsha vaqtda ularning soni kam edi,
Ha, juda kamchilik edilar.
Ular bu yurtga kelgindi edi.
13Kezardi bir xalq orasidan boshqasiga,
Bir shohlikdan boshqa yurtga.
14Egamiz hech kimga ularni ezishlariga yoʻl qoʻymadi,
Ularni deb shohlarga tanbeh berdi.
15Aytdiki: “Men tanlaganlarga tegmanglar,
Paygʻambarlarimga#104:15 Paygʻambarlarim — Ibrohim, Isʼhoq, Yoqubga ishora. zarar keltirmanglar.”
16Kanʼon yurti ustiga Egamiz ocharchilik yubordi,
Bitta qoldirmay yeguliklarga qirgʻin keltirdi.
17Ulardan oldin odam yubordi,
Ha, Yusuf#104:17 Yusuf — Ibtido 37:1-36, 39:1-41:57, 45:4-7 ga qarang. qul kabi sotildi.
18Uning oyoqlariga zanjir urildi,
Boʻynidan temir halqa oʻtkazildi.
19Yusufning soʻzlari bajo boʻladigan vaqt kelguncha,
Egamizning kalomi Yusufni sinadi.
20Misr shohi odam yuborib, Yusufni qutqardi,
Ellarning hukmdori uni ozod qildi.
21Yusufni shoh saroyining boshqaruvchisi qilib tayin etdi,
Jamiki mulkining hokimi qildi.
22Xohlasa saroydagi aʼyonlarimni zanjirband qilsin#104:22 …aʼyonlarimni zanjirband qilsin… — yoki …u aʼyonlarim ustidan hukmronlik qilsin… yoxud …u aʼyonlarimga koʻrsatma bersin….,
Maslahatchilarimga donolik ila oʻgit bersin deb, shunday qildi.
23Soʻngra Isroil Misrga keldi,
Ha, Yoqub nasli Xom yurtida#104:23 Xom yurti — Misrga nisbatan qoʻllangan sheʼriy usul. Xomning oʻgʻli Mizra Misr xalqining bobokalonidir (Ibtido 10:6 ga va oʻsha oyatning ikkinchi izohiga qarang). musofir boʻldi.
24Uning xalqini Egamiz barakali qildi,
Dushmanlariga qaraganda, koʻpaytirdi.
25Egamiz Misr xalqining yuraklarini oʻzgartirdi,
Ular Egamiz xalqidan nafratlandi,
Egamizning qullariga qarshi ular fitna uyushtirdi.
26Soʻngra Egamiz quli Musoni yubordi,
Tanlab olgan Horunni birga joʻnatdi.
27Misrliklar orasida, oʻsha Xom yurtida
Ikkalasi Egamizning moʻjizalarini, ajoyibotlarini koʻrsatdi#104:27 Misrliklar orasida…moʻjizalarini, ajoyibotlarini koʻrsatdi — Chiqish 7:8-11:10, 12:29-30 ga qarang..
28Egamiz zulmat yubordi, Misrni zulmatga burkadi,
Axir, Misrliklar Egamizning amrlariga itoatsizlik qildi#104:28 …Axir, Misrliklar Egamizning amrlariga itoatsizlik qildi — qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda …Ular Egamizning amrlariga itoatsizlik qilmadi, yaʼni …Muso va Horun Egamizning amrlariga itoatsizlik qilmadi..
29Misrning suvlarini Egamiz qonga aylantirdi,
Jamiki baliqlarini nobud qilib tashladi.
30Misr yurti toʻlib ketdi qurbaqalarga,
Yetib bordi hatto hukmdorlarning uyiga.
31Egamiz amr berganda, soʻnalar galasi keldi,
Misr boʻylab burgalar qaynab ketdi.
32Yomgʻir oʻrniga ularga Egamiz doʻl yogʻdirdi,
Butun Misr boʻylab chaqmoq chaqtirdi.
33Uzumzoru anjirzorlarini quritdi,
Misrdagi daraxtlarni qoʻporib tashladi.
34Egamiz amr berganda, chigirtkalar#104:34 chigirtkalar — baʼzan toʻda–toʻda boʻlib kelib, dalalardagi hosilga katta zarar yetkazadigan hasharot. keldi,
Son–sanoqsiz mayda chigirtkalar chiqib keldi.
35Ular Misrdagi butun oʻt–oʻlanni yeb yubordi,
Misr oʻlkasidagi hosilni yeb bitirdi.
36Misrdagi jamiki toʻngʻich oʻgʻillarni Egamiz nobud qildi,
Ha, ularning faxri, qut–baraka timsolini yoʻq qildi.
37Soʻng Egamiz Oʻz xalqini
Oltinu kumushga boyitib#104:37 …Egamiz Oʻz xalqini Oltinu kumushga boyitib… — Chiqish 12:33-36 ga qarang. olib chiqdi.
Isroil qabilalarining orasida qoqilib qolgani boʻlmadi.
38Misrliklar Isroildan qoʻrqib, vahimaga tushgandi,
Ular ketgach, Misr xalqi sevindi.
39Xalqi ustida yopinchiq boʻlsin deb,
Egamiz bulutni yoydi,
Kechasi yorugʻlik boʻlsin deb, alanga berdi#104:39 …Egamiz bulutni yoydi, Kechasi…alanga berdi — Chiqish 13:20-22 ga qarang..
40Isroil goʻsht soʻraganda Egamiz bedanalar berdi,
Osmondan non yogʻdirib, ularni toʻygʻazdi#104:40 …Egamiz bedanalar berdi, Osmondan non yogʻdirib, ularni toʻygʻazdi — Chiqish 16:2-15 ga qarang..
41Egamiz qoyani ochdi, suv otilib chiqdi#104:41 Egamiz qoyani ochdi, suv otilib chiqdi… — Chiqish 17:1-7 va Sahroda 20:2-11 ga qarang.,
Sahro boʻylab daryoday suv oqdi.
42Egamiz Oʻzining muqaddas vaʼdasini,
Oʻz quli Ibrohimga bergan vaʼdasini yodda tutdi.
43Shu bois xalqini olib chiqdi sevinch ila,
Oʻz tanlaganlarini shodlik hayqiriqlari ila.
44Begona xalqlarning yurtlarini ularga berdi,
Oʻsha xalqlarning boyligini Isroil mulk qilib oldi.
45“Isroil xalqi Mening farmonimga rioya qilsin,
Mening qonunlarimga itoat etsin”, deya
Egamiz mana shularning hammasini qildi.
Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!

Currently Selected:

Zabur 104: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in