YouVersion Logo
Search Icon

Sahroda 9

9
9–BOB
Fisih ziyofati
1Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, ikkinchi yilning birinchi oyida#9:1 …Misrdan chiqqandan keyin, ikkinchi yilning birinchi oyida… — ibroniy kalendarining Abib oyi nazarda tutilgan (Abib oyi Nison oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan martning oʻrtasidan boshlanadi. Sahroda kitobidagi voqealar ikkinchi yilning ikkinchi oyidan boshlangani uchun (1:1 ga qarang), shu bobning 1-5–oyatlarida ikkinchi Fisih ziyofatining nishonlanishi bayon etilgan. Bu Fisih ziyofati 1–bobdagi xalq roʻyxatga olinishidan bir oy oldin nishonlangan. Birinchi Fisih ziyofati Xudo Isroil xalqini Misrdagi qullikdan ozod qilgan kechasi nishonlangan edi (Chiqish 12:1-42 ga qarang). Egamiz Sinay sahrosida Musoga dedi: 2“Isroil xalqiga ayt, ular Fisih ziyofatini belgilangan vaqtda, 3shu oyning oʻn toʻrtinchi kuni kechqurun nishonlashsin. Bayramning hamma qonun–qoidalariga rioya qilishsin.”
4Shunday qilib, Muso Isroil xalqiga: “Fisih ziyofatini nishonlanglar”, deb buyruq berdi. 5Isroil xalqi birinchi oyning oʻn toʻrtinchi kuni kechqurun Sinay sahrosida Fisih ziyofatini nishonladi. Ular hamma narsani Egamizning Musoga bergan amri boʻyicha qilishdi. 6Biroq odam murdasiga tegib harom boʻlganlar oʻsha kuni Fisih ziyofatida ishtirok etisha olmadi. Ular oʻsha kuniyoq Muso bilan Horunning huzuriga kelib shunday deyishdi:
7— Biz murdaga tekkanimiz uchun harommiz. Lekin nima uchun biz chetda qolishimiz kerak? Biz ham, Isroil xalqi qatori, belgilangan vaqtda Egamizga qurbonlik keltirmoqchimiz!
8Muso ularga:
— Kutib turinglar–chi, Egamiz sizlar toʻgʻringizda qanday amr berar ekan, eshitay, — dedi.
9Musoga Egamiz shunday dedi:
10— Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Birortangiz yoki avlodlaringizdan kimdir murdaga tegib harom boʻlsa yoki safarga ketgan boʻlsa, Egamizga bagʻishlangan Fisih ziyofatini nishonlayversin. 11Bunday odamlar bayramni ikkinchi oyning#9:11 ikkinchi oy — 1:1 ning ikkinchi izohiga qarang. oʻn toʻrtinchi kuni kechqurun nishonlab, qurbonlik#9:11 qurbonlik — qoʻzi yoki uloqcha (Chiqish 12:3-5 ga qarang). goʻshtini xamirturushsiz non va taxir oʻtlar bilan birga yeyishsin. 12Ertalabgacha taomdan qoldirishmasin. Qurbonlikning birorta suyagini sindirishmasin. Fisih ziyofatini hamma qonunlarga muvofiq nishonlashsin. 13Lekin bironta odam pok boʻlib, safarda boʻlmasa va shunga qaramay, Fisih ziyofatini nishonlashdan bosh tortsa, belgilangan vaqtda Egamizga bagʻishlab qurbonlik qilmagani uchun Isroil xalqi orasidan yoʻq qilinsin. Shunday qilib, u oʻz gunohi uchun jazosini tortadi. 14Orangizda yashayotgan musofir Egamizga bagʻishlangan Fisih ziyofatini nishonlamoqchi boʻlganda, oʻsha qonun–qoidalarga rioya qilishi shart. Hammangiz uchun — sizlar va musofirlar uchun qonun bitta boʻlsin.”
Alangali bulut
15Muqaddas chodir oʻrnatilgan kuni#9:15 Muqaddas chodir oʻrnatilgan kuni… — Chiqish 40:17-18 ga koʻra, bu hodisa Isroil xalqi sahroda turgan paytda, anigʻi, ikkinchi yilning birinchi oyida, oyning birinchi kunida sodir boʻlgan edi. Chodirni#9:15 Chodir — ibroniycha matnda Chodir — Guvohlik chodiri. 1:50 izohiga qarang. bulut qoplab oldi. Oqshomdan ertalabgacha Muqaddas chodir tepasidagi oʻsha bulutning koʻrinishi alangaga oʻxshar edi. 16Har doim shu ahvol yuz berardi: Chodirni kunduzi bulut qoplab olar, tunda esa bulut alangaga oʻxshab turardi. 17Bulut Chodir tepasidan koʻtarilgach, Isroil xalqi yoʻlga chiqardi. Bulut toʻxtagan joyda esa Isroil xalqi chodir tikardi. 18Isroil xalqi Egamizning amri bilan yoʻlga chiqar va Egamizning amri bilan chodir tikardi. Bulut Muqaddas chodir tepasida turgan vaqt mobaynida, ular ham joylaridan siljimas edilar. 19Bulut Chodir tepasida uzoq kunlar turib qolganda ham, Isroil xalqi Egamizning talabiga rioya qilib, yoʻlga chiqmasdi. 20Baʼzan esa bulut Chodir tepasida ozroq kun turardi. Bunday paytda ham Isroil xalqi Egamizning amriga muvofiq toʻxtardi, Uning amri bilan yoʻlga chiqardi. 21Ayrim vaqtlarda esa bulut Chodir tepasida bor–yoʻgʻi bir kechagina turib, ertalab koʻtarilar edi. Shunda Isroil xalqi ham yoʻlga chiqardi. Bulut koʻtarilgan payti, kechasi boʻladimi, kunduzi boʻladimi, Isroil xalqi ham yoʻlga chiqardi. 22Baʼzan bulut ikki kun, bir oy yoki uzoqroq vaqt mobaynida Chodir tepasida turib qolardi. Shunda Isroil xalqi ham qarorgohda qolib, yoʻlga chiqmasdi. Bulut koʻtarilgandan soʻng Isroil xalqi yoʻlga chiqardi. 23Ular Egamizning amri bilan toʻxtab, Uning amri bilan yoʻlga chiqishardi. Muso orqali Egamiz bergan amrlariga muvofiq hamma talablarni bajarishar edi.

Currently Selected:

Sahroda 9: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in