YouVersion Logo
Search Icon

Sahroda 10

10
10–BOB
Kumush karnaylar
1Egamiz Musoga aytdi: 2“Sen ikkita kumush karnay yasattir, karnaylar zarb urib yasalgan boʻlsin. Bu karnaylar jamoani yigʻish hamda yoʻlga chiqish vaqtini eʼlon qilish uchun kerak boʻladi. 3Karnaylarning ikkalasi chalinganda, butun jamoa sening oldingga — Uchrashuv chodiri kiraverishi oldiga toʻplansin. 4Karnayning bittasi chalinganda esa, Isroil qabilalarining yoʻlboshchilari sening oldingga yigʻilib kelishsin. 5Karnay qisqa chalinganda, sharqdagi qarorgohda turgan qabilalar yoʻlga chiqishsin. 6Ikkinchi marta qisqa chalinganda esa, janubdagi qarorgohda turgan qabilalar yoʻlga chiqishsin. Karnayning qisqa sadosi yoʻlga chiqish kerakligini bildiradi#10:6 Karnayning qisqa sadosi yoʻlga chiqish kerakligini bildiradi — gʻarb va shimoldagi qarorgohlarda turgan qabilalar sharq va janubdagi qabilalar singari, karnayning qisqa sadosini eshitgach, yoʻlga chiqishlari kerak edi.. 7Jamoani yigʻish lozim boʻlganda esa, karnaylar boshqacha sado chiqarib chalinsin. 8Karnayni Horunning oʻgʻillari, ruhoniylar chalishlari lozim. Bu amr sizlar uchun va sizlarning avlodlaringiz uchun doimiy qonun–qoidadir.
9Yurtingizga bostirib kelgan dushmanga qarshi jangga otlanayotganingizda, xatardan darak berib karnaylarni chalinglar. Shunda Men, Egangiz Xudo, sizlarga yordam berib, sizlarni dushmanlaringiz qoʻlidan xalos qilaman. 10Shuningdek, xursandchilik kunlaringizda — belgilangan bayramlaringizda va oy boshida qurbonliklar kuydirganingizda hamda tinchlik qurbonliklarini keltirganingizda karnaylarni chalinglar. Shunda Men, Egangiz Xudo, sizlarga yordam beraman. Zotan, Men Egangiz Xudoman.”
Isroil xalqi Sinaydan ketadi
11Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, ikkinchi yilning ikkinchi oyi#10:11 ikkinchi oy — 1:1 ning ikkinchi izohiga qarang. yigirmanchi kunida bulut Muqaddas ahd chodiri#10:11 Muqaddas ahd chodiri — ibroniycha matnda Guvohlik chodiri. 1:50 izohiga qarang. tepasidan koʻtarildi. 12Shundan soʻng Isroil xalqi Sinay sahrosidan yoʻlga chiqdi#10:12 …Isroil xalqi Sinay sahrosidan yoʻlga chiqdi — Isroil xalqi Sinay togʻida oʻn bir oy davomida turgan edi (shu bobning 11–oyatiga va Chiqish 19:1-2 ga qarang).. Nihoyat, bulut Poron choʻlida#10:12 Poron choʻli — Sinay yarim orolining shimoli–sharqiy qismi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. toʻxtadi. 13Ular birinchi marta Egamizning Muso orqali bergan amriga koʻra, yoʻlga chiqqan edilar. 14Birinchi boʻlib, Ominadav oʻgʻli Naxshoʻn boshchiligida Yahudo qarorgohida turgan qabilalar oʻz bayrogʻi ostida guruh–guruh boʻlib yoʻlga chiqishdi. 15Issaxor qabilasiga Zuvor oʻgʻli Natanil boshchilik qilar edi. 16Zabulun qabilasiga Xalon oʻgʻli Eliyob boshchilik qilar edi.
17Shundan keyin Muqaddas chodir yigʻishtirib olindi. Gershon va Marori urugʻlari Chodirni koʻtarib, yoʻlga chiqishdi. 18Keyin Shaduvor oʻgʻli Elizur boshchiligida Ruben qarorgohida turgan qabilalar oʻz bayrogʻi ostida guruh–guruh boʻlib yoʻlga chiqishdi. 19Shimoʻn qabilasiga Zurishaday oʻgʻli Shalumiyol boshchilik qilar edi. 20Gad qabilasiga Duvel oʻgʻli Eliasaf boshchilik qilar edi. 21Keyin Chodirning muqaddas ashyolarini koʻtargan Qohot urugʻi yoʻlga chiqdi. Ular qarorgoh quriladigan joyga yetib borgunlaricha, Muqaddas chodir oʻrnatib boʻlinishi kerak edi. 22Keyin Omihud oʻgʻli Elishama boshchiligida Efrayim qarorgohida turgan qabilalar oʻz bayrogʻi ostida guruh–guruh boʻlib yoʻlga chiqishdi. 23Manashe qabilasiga Padozur oʻgʻli Gamaliyol boshchilik qilardi. 24Benyamin qabilasiga Gidoʻnax oʻgʻli Avidon boshchilik qilardi.
25Eng oxirida Omishaday oʻgʻli Oxazar boshchiligida Dan qarorgohidagi qabilalar oʻz bayrogʻi ostida guruh–guruh boʻlib yoʻlga chiqishdi. Ular Isroil qarorgohlarining qorovullar boʻlinmasini tashkil qilishgan edi. 26Osher qabilasiga Oxron oʻgʻli Paxiyol boshchilik qilardi. 27Naftali qabilasiga Enan oʻgʻli Oxir boshchilik qilardi. 28Isroil xalqi doim shu tartibda guruh–guruh boʻlib yoʻlga chiqar edi.
29Muso oʻzining qaynagʻasi, Midiyonlik Yatro#10:29 Yatro — ibroniycha matnda Ruvel, Yatroning yana bir ismi (Chiqish 3:1 ga qarang). oʻgʻli Xoʻvovga dedi:
— Egamiz, sizlarga beraman, deb vaʼda qilgan yurtga biz ketyapmiz, siz ham biz bilan yuring. Egamiz bizga koʻp yaxshiliklarni vaʼda qilgan, agar biz bilan borsangiz, biz ham sizga yaxshilik qilamiz.
30— Bormayman, — dedi Xoʻvov, — men oʻz yurtimga — oʻzimning qarindoshlarim oldiga qaytib ketaman.
31— Iltimos, bizni tashlab ketmang! — dedi unga Muso. — Sahroning qaysi joyiga chodir tikish kerakligini siz bilasiz. Siz bizning koʻzimiz boʻlasiz. 32Agar biz bilan birga borsangiz#10:32 Agar biz bilan birga borsangiz… — Xoʻvovning Muso bilan borgan yoki bormagani maʼlum emas, ammo Hakamlar 1:16 da berilgan maʼlumotga koʻra u Muso bilan borgan, degan xulosa chiqarish mumkin., Egamiz bizga qilgan hamma yaxshiliklarni siz bilan baham koʻramiz.
33Ular Egamizning muqaddas togʻini#10:33 Egamizning muqaddas togʻi — Sinay togʻiga ishora. tark etganlaridan soʻng, uch kun yoʻl yurishdi. Levilar chodir tikadigan joyini topish uchun Egamizning Ahd sandigʻini doimo oldinda koʻtarib borishardi. 34Ular kunduz kuni yoʻl yurganlarida, Egamizning buluti ularning ustida borar edi. 35Sandiq yoʻlga chiqqanda, Muso shunday derdi:
“Qoʻzgʻal, ey Egam,
Sening gʻanimlaring tumtaraqay boʻlsin.
Seni koʻrolmaganlar oldingdan qochib ketsin.”
36Ahd sandigʻi toʻxtaganda esa Muso shunday derdi:
“Qayt, ey Egam,
Ming–minglab Isroil xalqi orasiga!”

Currently Selected:

Sahroda 10: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in