Sahroda 25
25
25–BOB
Isroil xalqi Piyor togʻidagi Baalga sajda qiladi
1Isroil xalqi Shitimda#25:1 Shitim — Oʻlik dengizning shimoli–sharqida, Moʻab tekisligida joylashgan. oʻrnashganda, Isroil erkaklari Moʻab ayollari bilan zino qila boshlashdi. 2Moʻab ayollari ularni oʻz xudolariga bagʻishlangan qurbonlik ziyofatlariga taklif etishdi. Isroil xalqi ularning qurbonligidan tanovul qilib, xudolariga ham sajda etdi. 3Isroil xalqi Piyor togʻidagi Baalga qattiq bogʻlanib qolgani uchun, Egamiz ulardan gʻazablandi. 4U Musoga shunday dedi:
— Bu xalqning boshliqlarini ushla, ularni kuppa–kunduzi Men, Egangizning huzurida qatl qil, jasadlarini esa tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqtir. Shunda Men Isroil xalqidan qahr–gʻazabimni qaytaraman.
5Muso Isroil hakamlariga#25:5 hakamlar — maxsus yoʻlboshchilar. Ehtimol, ular butun qabilaga yoki qabilaning bir qismiga javobgar boʻlgan.:
— Piyordagi Baalga sajda qilgan har bir odamingizni oʻldiringlar, — deb buyruq berdi.
6Shu payt Isroil xalqidan bittasi Musoning va butun Isroil jamoasining koʻzi oldida qarorgohga Midiyonlik#25:6 Midiyonlik — mazkur oyatda bu nom Iordan daryosining sharq tomonida yashaydigan, Moʻab xalqi bilan aralashib ketgan bir xalqqa ishora qiladi. Ularning ustidan Moʻab shohi hukmronlik qilgan boʻlishi mumkin (22:1-7 ga qarang). bir ayolni boshlab kelib qoldi. Jamoa Uchrashuv chodiriga kiraverishda yigʻlab turgan edi. 7Ruhoniy Horunning nabirasi — Elazar oʻgʻli Finxaz buni koʻrdi–yu, oʻrnidan turib, jamoa orasidan chiqib ketdi. U nayzasini olib, 8Isroil xalqidan boʻlgan oʻsha odamning orqasidan chodirga kirdi–da, nayzasi bilan ikkovini ham oʻldirdi. Finxazning sanchgan nayzasi oʻsha odamning badanini teshib oʻtib, ayolning qorniga kirgan edi. Shundan keyingina Isroil xalqi orasidagi oʻlat toʻxtadi. 9Lekin oʻlatdan 24.000 odam oʻlib boʻlgan edi.
10Shunda Egamiz Musoga:
11— Ruhoniy Horunning nabirasi — Elazar oʻgʻli Finxaz Mening qahr–gʻazabimni Isroil xalqidan qaytardi, — dedi. — Isroil xalqi orasida u Menga jon kuydirgani uchun, Men gʻazab ustida ularga qirgʻin keltirmadim. 12Sen unga ayt: Men Finxaz bilan alohida tinchlik ahdimni tuzaman. 13Bu ahdga muvofiq, Finxazning oʻzi va uning avlodi to abad ruhoniy boʻlishadi, chunki u oʻz Xudosiga — Menga jon kuydirib, qilgan ishi bilan Isroil xalqidan Mening gʻazabimni qaytardi.
14Midiyonlik ayol bilan birga oʻldirilgan Isroil odamining ismi Zimri boʻlib, Shimoʻn qabilasining urugʻboshisi Soluning oʻgʻli edi. 15Oʻldirilgan ayolning ismi esa Xozbi edi, u Midiyonliklarning urugʻboshisi Zurning qizi edi.
16Egamiz Musoga:
17— Midiyon xalqini dushman deb bilinglar, ularni qirib tashlanglar! — dedi. 18— Chunki ular sizlarga dushmanlik qilib, Piyordagi voqea orqali sizlarni yoʻldan ozdirishdi. Bundan tashqari, Piyorda oʻlat hukmronlik qilgan kuni oʻlgan Midiyonlik yoʻlboshchining qizi Xozbi orqali sizlarni aldashdi.
Currently Selected:
Sahroda 25: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020