YouVersion Logo
Search Icon

Sahroda 24

24
24–BOB
1Balom Isroilni duo qilayotgani Egamizga maʼqul kelganini koʻrib, bu safar fol ochgani bormadi. U sahro tomon nazar tashlab, 2u yerda qabila–qabila boʻlib qarorgoh qurgan Isroil xalqini koʻrdi. Shunda Xudoning Ruhi Balomni qamrab oldi, 3Balom shunday bashorat qildi:
“Bavoʻr oʻgʻli Balom gapiryapti,
Koʻzi ochiq inson soʻzlayapti.
4Xudoning kalomini eshitgan,
Qodir Xudodan kelgan vahiyni koʻrgan,
Hushidan ayrilgan, lekin koʻzlari katta ochiq odam aytyapti.
5Ey Yoqub nasli! Chodirlaringiz qanday ajoyib!
Ey Isroil xalqi! Makoningiz naqadar goʻzal!
6Chodiru makonlaringiz palmazor#24:6 palmazor — yoki vodiy. singari bepoyon,
Bamisoli daryo boʻyidagi bogʻ–rogʻlardir,
Egamiz oʻtqazgan aloega oʻxshar,
Suv boʻyidagi sadr daraxti kabidir.
7Ularning chelaklari suv bilan toʻlib–toshar,
Ekkan urugʻlari miriqib suvga toʻyar.
Isroil shohi Oʻgaxdan#24:7 Oʻgax — Omolek xalqining shohi boʻlib, Omoleklar Isroil xalqining dushmani edilar (Chiqish 17:8-16, Qonunlar 25:17-19 ga qarang). ustun boʻlar,
Isroil shohligi gʻoyat yuksalar.
8Yovvoyi buqaning kuchi bilan
Xudo Misrdan olib chiqqan ularni.
Isroil xalqi yamlamay yutar gʻanimlarini,
Ularning suyaklarini maydalab tashlar,
Oʻqlar otib, ularni yakson etar.
9Ana, u urgʻochi sherday egildi–da, yotdi.
Uni turgʻizishga kim jurʼat etar?!
Seni duo qilganlar baraka topar,
Seni laʼnatlaganlar laʼnati boʻlar!”
10Boloq Balomdan qattiq gʻazablanganidan kaftini kaftiga urib:
— Men seni, gʻanimlarimni laʼnatlagin deb, chaqirtirgan edim. Sen esa ularni uch marta duo qilding! — deb doʻq urdi. 11— Yoʻqol! Uyingga joʻna! Men seni mukofotlamoqchi edim, lekin Egang seni mukofotdan mahrum qildi.
12Shunda Balom Boloqqa dedi:
— Mening oldimga joʻnatgan choparlaringga aytmaganmidim: 13“Boloq menga saroyidagi hamma oltinu kumushini bersa ham, men Egamizning aytganidan chetga chiqa olmayman. Oʻz ixtiyorim bilan biror yaxshi yoki yomon ish qilolmayman. Egamiz menga nima desa, shuni aytaman”, deb?! 14Endi men oʻz xalqim oldiga qaytib ketaman. Lekin ketishimdan oldin, Isroil xalqi kelajakda xalqing boshiga qanday kunlarni solishini senga aytib qoʻyay.
Balomning soʻnggi bashoratlari
15Shundan soʻng Balom quyidagicha bashorat qildi:
“Bavoʻr oʻgʻli Balom gapiryapti,
Koʻzi ochiq inson soʻzlayapti.
16Xudoning kalomini eshitgan,
Xudoyi Taolodan ilmu maʼrifat olgan,
Qodir Xudoning vahiyini koʻrgan,
Hushidan ayrilgan, lekin koʻzlari katta ochiq odam aytyapti.
17Uni koʻryapman–u, lekin shu topda yoʻq,
Unga qarayapman–u, lekin u yaqin emas.
Bir yulduz chiqar Yoqub naslidan,
Saltanat hassasi#24:17 Saltanat hassasi — bu maxsus hassa boʻlib, shoh va hukmdorlarning hokimiyatini bildiruvchi ramz edi. Isroil xalqidan.
Vayron qilar u Moʻab chegaralarini#24:17 chegaralar — yoki peshanalar. Qadimiy yunoncha tarjimada shahzodalar.,
Yakson etar Shet xalqining#24:17 Shet xalqi — Isroil xalqi Kanʼon yurtini qoʻlga kiritishdan oldin oʻsha yurtning choʻllarida istiqomat qilgan xalq nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. yerlarini#24:17 yerlar — yoki bosh suyaklar..
18Edom oʻljaga aylanar,
Ha, Seir#24:18 Seir — Edom yurtiga qarashli boʻlgan togʻli yerlar. gʻanimlarning mulki boʻlar,
Isroil xalqi esa zafarni quchar.
19Yoqub naslidan hukmdor chiqar,
Ir#24:19 Ir — yoki shahar. xalqini tamom qirib tashlar.”
20Soʻng Balom Omolek xalqini#24:20 Omolek xalqi — shu bobning 7–oyati izohiga qarang. koʻrib, ular haqida shunday bashorat qildi:
“Xalqlarning sardoridir Omoleklar,
Lekin oxiri abadiy halokatga yoʻliqar ular.”
21Keyin u Xayin xalqini koʻrib, ular haqida quyidagicha bashorat qildi:
“Mustahkamdir sizning boshpanangiz,
Togʻ choʻqqisida joylashgan sizning iningiz.
22Oshur xalqi#24:22 Oshur xalqi — Ossuriya xalqining ajdodi (shu bobning 24–oyatida ham bor). sizni asir qilib olib ketajak,
Shunda Xayin xalqi qirilib yoʻq boʻlajak.”
23Balom yana bashoratini davom ettirdi:
“Evoh! Xudo shu ishlarni amalga oshirgach, kim tirik qolar?!
24Kiprdan#24:24 Kipr — ibroniycha matnda Kittim, Kiprning qadimgi nomi. suzib kelar kemalar,
Oshur va Ibir xalqlarini taslim etishar.
Abadiy halokatga uchraydi ular.”
25Shundan keyin Balom yoʻlga chiqib, uyiga joʻnadi. Boloq ham oʻz yoʻliga ketdi.

Currently Selected:

Sahroda 24: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in