Sahroda 21
21
21–BOB
Kanʼon xalqi ustidan erishilgan gʻalaba
1Nagav choʻlida#21:1 Nagav choʻli — 13:18 izohiga qarang. istiqomat qilayotgan Arod shohi: “Isroil xalqi Otorim yoʻlidan kelayotgan ekan” degan xabarni eshitib, jangga otlandi. Kanʼon naslidan boʻlgan bu shoh Isroil xalqi bilan jang qilib, ulardan bir nechtasini asir oldi.
2Bu voqeadan soʻng Isroil xalqi Egamizga qasam ichib, shunday dedi:
— Ey Egamiz! Agar Sen shu xalqni bizning qoʻlimizga bersang, ularning hamma shaharlarini butunlay vayron qilamiz.
3Egamiz Isroil xalqining iltijosini eshitib, Kanʼon xalqini ularning qoʻliga berdi. Ular Kanʼonliklarni qirib tashlab, shaharlarini butunlay vayron qilishdi. Shuning uchun bu joyga Xoʻrmax#21:3 Xoʻrmax — ibroniychadagi maʼnosi vayron qilish. deb nom berildi.
Bronzadan yasalgan ilon
4Isroil xalqi Xoʻr togʻini tark etib, Edom yerlarini chetlab oʻtish uchun Qizil dengizga#21:4 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom hozirgi Aqaba qoʻltigʻiga (yaʼni Qizil dengizning shimoli–sharqidagi qoʻltigʻiga) ishora qiladi. boradigan yoʻldan ketdi. Lekin xalq yoʻlda ketayotib, yana sabrsizlik qildi. 5Ular mingʻirlab Xudodan va Musodan noliy boshladilar:
— Nimaga bizni Misrdan olib chiqdingizlar? Sahroda oʻlib ketishimiz uchunmi?! Bu yerda na non bor, na suv. Mana bu boʻlmagʻur manna meʼdamizga tegib ketdi–ku!
6Shu voqeadan keyin Egamiz xalq orasiga zaharli ilonlarni joʻnatdi, ilonlar Isroil xalqining koʻpchiligini chaqib oʻldirdi. 7Oxiri xalq Musoning oldiga kelib:
— Biz Egamizga ham, senga ham qarshi gapirib gunoh qildik, — dedi, — Egamizga iltijo qil, U bizning oramizdan ilonlarni daf qilsin.
Muso xalq uchun Egamizga iltijo qildi. 8Shunda Egamiz Musoga dedi:
— Ilon yasab, uni xodaga mahkamlab qoʻy. Ilon chaqqan odam oʻshanga qarab tirik qoladi.
9Muso bronzadan ilonni yasab#21:9 Muso bronzadan ilonni yasab… — ibroniychada bronza va ilon soʻzlari oʻzaro ohangdosh., uni xodaga mahkamlab qoʻydi. Ilon chaqqan odam bronzadan yasalgan ilonga qaraganda, oʻlmasdan tirik qolardi.
Xoʻr togʻidan — Moʻab vodiysiga
10Isroil xalqi safarini davom ettirib, Oboʻtda qarorgoh qurdi. 11Soʻng ular Oboʻtdan ham ketib Ivay–Aborimga qoʻnishdi. Ivay–Aborim Moʻab yurtining sharqidagi sahroda joylashgan edi. 12U yerdan ham ketib, Zarad soyligida toʻxtashdi. 13Soʻng yana yoʻlga chiqib, Arnon soyligining shimoliy qirgʻogʻiga — Amor yurtining chegarasiga tutash boʻlgan sahroga joylashishdi. Arnon soyligi#21:13 Arnon soyligi — Arnondagi soy gʻarb tomonga oqib, Oʻlik dengizga quyiladi. Amor va Moʻab yurtlarining oʻrtasida chegara edi. 14Shu sababdan “Egamizning jangnomasi” kitobida#21:14 “Egamizning jangnomasi” kitobi — jang haqidagi qadimiy jangnoma dostonlaru qoʻshiqlar majmuasi boʻlishi mumkin. Bu kitob hozirgi kungacha saqlanib qolmagan. Sufa yerlaridagi Vohib shahri va soyliklar tilga olinadi. Shuningdek, Arnon soyligi 15va Moʻab chegarasidagi Or shahrigacha choʻzilgan daryoning irmoqlari eslanadi.
16Isroil xalqi u yerdan chiqib, Ber#21:16 Ber — ibroniychadagi maʼnosi quduq. degan joydagi quduqqa yoʻl oldi. Oʻsha quduq yonida Egamiz Musoga: “Xalqni yigʻ, Men ularga suv beraman”, dedi. 17Oʻshanda Isroil xalqi shu qoʻshiqni kuyladi:
“Toʻlib–tosh, ey quduq,
Quduq haqida kuylang!
18Yoʻlboshchilar qazigandi bu quduqni,
Asilzodalar kovlagandi bu quduqni
Saltanat hassalari#21:18 Saltanat hassalari — bu maxsus hassa boʻlib, shoh va hukmdorlarning hokimiyatini bildiruvchi ramz edi. ila,
Saltanat tamgʻalari ila.”
Soʻng ular sahrodan Mattono shahriga yoʻl oldilar. 19Mattonodan esa Nahaliyolga, Nahaliyoldan Bomoʻtga, 20Bomoʻtdan Moʻab yerlaridagi vodiyga borishdi. Fisgax togʻ tizmasi#21:20 Fisgax togʻ tizmasi — Oʻlik dengizning shimoliy qirgʻogʻidan qariyb 15 kilometr sharqda joylashgan. Fisgax deb, Moʻab tekisligidan to gʻarbdagi Aborim togʻlarigacha choʻzilgan togʻ tizmasiga nisbatan aytilgan boʻlishi mumkin. Bu tizmaning eng baland nuqtasi Navo togʻining choʻqqisi edi (Qonunlar 34:1 ga qarang). yonidagi bu vodiydan sahroning manzarasi ochilardi.
Shoh Sixoʻn va shoh Oʻg ustidan qozonilgan gʻalaba
21Keyin Isroil xalqi Amor xalqining shohi Sixoʻnga shu gapni aytish uchun choparlar joʻnatdi:
22“Bizga yurtingiz orqali oʻtib ketishga ijozat bersangiz. Biz ekinzorlaringizga, uzumzorlaringizga kirmaymiz, quduqlaringiz suvidan ichmaymiz. Sizning yurtingizdan oʻtib ketguncha, faqat Shoh yoʻlidan#21:22 Shoh yoʻli — 20:17 izohiga qarang. yuramiz.”
23Lekin Sixoʻn Isroil xalqiga oʻz yurtidan oʻtib ketishga ijozat bermadi. U jamiki lashkarini yigʻib, sahrodagi Yaxaz shahri yonida Isroil xalqiga hujum qildi. 24Jangda Isroil xalqi Sixoʻnni magʻlub etdi va Arnon soyligidan tortib, Yavoq daryosigacha#21:24 Yavoq daryosi — Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan bu daryo Oʻlik dengizdan qariyb 50 kilometr shimolda Iordan daryosiga quyiladi. boʻlgan hamma yerlarini egallab oldi. Lekin Ommon xalqining chegarasidan u yogʻiga oʻtmadi, chunki Ommon yurtining chegarasi mustahkam edi. 25Isroil xalqi Amor xalqining hamma shaharlarini, xususan, Xashbon shahri#21:25 Xashbon shahri — Fisgax togʻ tizmasidan qariyb 10 kilometr sharqda joylashgan. va uning atrofidagi qishloqlarni bosib olib, oʻsha shaharlarda oʻrnashib oldi. 26Xashbon shahri Amor shohligining poytaxti edi. Amor shohi Sixoʻn Moʻabning oldingi shohi bilan jang qilib, uning Arnon soyligigacha boʻlgan hamma yerlarini bosib olgan edi. 27Shuning uchun dostonchilar aytishardi:
“Xashbonga kelinglar, qayta quringlar uni,
Mustahkam etinglar Sixoʻn shahrini.
28Olov chiqib ketdi–ku Xashbon shahridan,
Alanga chiqdi shoh Sixoʻnning shahridan.
Yongʻin yakson qildi Moʻabdagi Or shahrini,
Yoʻq qildi Arnon qirlari shohlarini.
29Holingga voy, ey Moʻab xalqi!
Tamom boʻldingiz, Xamoʻsh#21:29 Xamoʻsh — Moʻab xalqining xudosi. ixlosmandlari!
Xamoʻsh qochqin qildi oʻgʻillaringizni,
Amor xalqining shohi Sixoʻnga asir qildi
Sizning qiz–juvonlaringizni.
30Qirib tashladik biz ularni,
Xashbondan Dibonga qadar yoʻq qildik hammasini.
Noʻfaxdan Midavoga qadar xonavayron qildik ularni.”
31Shunday qilib, Isroil xalqi Amor xalqining yurtida oʻrnashib oldi.
32Muso Yazir shahriga aygʻoqchilar joʻnatdi. Isroil xalqi Yazir va uning atrofidagi qishloqlarni bosib olib, u yerda istiqomat qilayotgan Amor xalqini haydab chiqardi. 33Soʻng ular Bashan oʻlkasiga#21:33 Bashan oʻlkasi — Jalila koʻlining shimoli–sharqida joylashgan. yoʻl olishdi. Bashan shohi Oʻg jamiki lashkarini boshlab, Edrey shahri yaqinida Isroil xalqi bilan jang qilgani chiqdi. 34Shunda Egamiz Musoga dedi:
— Oʻgdan qoʻrqma. Men uning oʻzini, lashkarini va butun yurtini sening qoʻlingga berganman. Sen Oʻgning boshiga Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixoʻnning kunini solasan.
35Isroil xalqi Oʻgni, uning oʻgʻillarini, butun xalqini bitta qoldirmay qirib tashladi. Soʻng ular Oʻgning yurtini qoʻlga kiritishdi.
Currently Selected:
Sahroda 21: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020