Sahroda 22
22
22–BOB
Moʻab shohi Balomni chaqirtiradi
1Isroil xalqi yoʻlda davom etdi. Moʻab tekisligiga yetib kelib, Yerixo shahrining roʻparasida — Iordan daryosining sharqida qarorgoh qurdi. 2Isroil xalqi Amor xalqini qanday ahvolga solgani haqidagi xabar Moʻab shohi — Zippur oʻgʻli Boloqqa ham yetib borgan edi. 3Isroil xalqi koʻpligidan butun Moʻab xalqi qattiq vahimaga tushgandi. 4Moʻab oqsoqollari Midiyon oqsoqollariga:
— Hoʻkiz daladagi oʻtlarni yeb bitirgani singari, anavi olomon ham tevarak–atrofimizdagi hamma narsani yeb bitiradi–ku! — dedi. Oʻsha davrda Moʻabda hukmronlik qilayotgan Zippur oʻgʻli Boloq, 5Bavoʻr oʻgʻli Balomni chaqiray deb, uning oldiga choparlar joʻnatdi. Balom oʻz ona yurti, Furot daryosi qirgʻogʻidagi Patoʻr shahrida istiqomat qilar edi. Boloq Balomga shunday deb daʼvat qildi:
“Misrdan chiqqan bir xalq yer yuzini bosib ketdi. Endi esa ular shundoqqina mening biqinimda oʻrnashib olishdi. 6Men ularga bas kela olmayman. Sen kelib, oʻsha xalqni men uchun laʼnatla. Balki shunda men Isroil xalqini magʻlub qilib, yurtimdan quvib chiqara olarman. Shuni bilamanki, sen kimni duo qilsang, oʻsha duo oladi, kimni laʼnatlasang, oʻsha laʼnati boʻladi.”
7Shunday qilib, Moʻab va Midiyon oqsoqollari Balomning oldiga borar ekanlar, unga toʻlanadigan laʼnat haqini ham oʻzlari bilan olib ketdilar. Ular Balomning huzuriga kelishgach, unga shoh Boloqning gaplarini aytishdi.
8— Shu yerda tunab qolinglar, — dedi Balom oqsoqollarga. — Egamizning bergan javobini men ertaga sizlarga aytaman.
Moʻab oqsoqollari Balomnikida qolishdi. 9Xudo Balomning oldiga kelib, undan:
— Uyingdagi odamlar kim? — deb soʻradi.
10Balom Xudoga shunday javob berdi:
— Moʻab shohi Zippur oʻgʻli Boloq menga quyidagicha xabar yuboribdi: 11“Misrdan chiqqan bir xalq yer yuzini bosib ketdi, bu yoqqa kel, oʻsha xalqni men uchun laʼnatla, balki oʻshandagina men u xalqqa zarba berib, oʻz yurtimdan quvib chiqara olarman.”
12— Ular bilan borma! — dedi Xudo Balomga. — U xalqni zinhor laʼnatlay koʻrma, chunki u xalqqa Men baraka berganman.
13Balom ertalab turib:
— Yurtingizga qaytib ketaveringlar, Egamiz sizlar bilan ketishimga ijozat bermadi, — dedi Boloqning aʼyonlariga.
14Moʻab aʼyonlari Boloq oldiga qaytib borib: “Balom bizlar bilan kelishga rozi boʻlmadi”, deyishdi.
15Boloq esa oldingidan ham koʻproq va obroʻliroq aʼyonlarini yubordi. 16Ular Balomning oldiga kelib, shunday deyishdi:
“Zippur oʻgʻli Boloq shunday demoqda: Balom qanday qilib boʻlsa ham huzurimga kelsin, 17men uni yaxshilab taqdirlayman, nima istasa muhayyo qilaman. Faqat kelib, oʻsha xalqni men uchun laʼnatlasin.”
18Balom esa Boloqning aʼyonlariga shunday javob berdi:
— Boloq menga saroyidagi hamma oltinu kumushini bersa ham, men Egam Xudoning amridan chetga chiqa olmayman. Hatto kichik masalada ham oʻz ixtiyorim bilan ish tuta olmayman. 19Yaxshisi, sizlar, oldingilar kabi, bu kecha shu yerda tunab qolinglar. Egamiz yana nima der ekan, men bilay–chi.
20Shu kecha Xudo Balom oldiga kelib, unga dedi:
— Agar bu odamlar seni oʻzlari bilan olib ketgani kelgan boʻlsalar, otlangin–u, ular bilan birga ket. Lekin sen faqat Mening aytganimni qilasan.
Balom va uning eshagi
21Balom ertalab turdi. Eshagini egarlab, Moʻab aʼyonlari bilan birga joʻnadi. 22Balom ketganda, Xudo qattiq gʻazablandi. Egamizning farishtasi Balomga qarshilik koʻrsatish uchun uning yoʻlini toʻsib oldi. Balom eshagini minib, yonidagi ikkita xizmatkori bilan yoʻlda ketayotgan edi.
23Birdaniga eshak yoʻl ustida qilich yalangʻochlab turgan Egamizning farishtasini koʻrib qoldi–da, yoʻlidan burilib, dala ichiga kirib ketdi. Balom esa eshakni yoʻlga solish uchun savalay boshladi. 24Egamizning farishtasi endi uzumzorlar orasidan oʻtgan tor soʻqmoqda turib oldi. Yoʻlning ikkala tomoni ham devor edi. 25Eshak Egamizning farishtasini koʻrdi–yu, devorga qapishib, Balomning oyogʻini qisib qoʻydi. Balom yana eshakni ura boshladi.
26Egamizning farishtasi yana oldinga oʻtib, tor joyga turib oldi. Endi eshak oʻngga ham, chapga ham burilib keta olmas edi. 27Eshak Egamizning farishtasini koʻrgach, yotib oldi. Balom esa bundan qattiq gʻazablanib, eshakni tayogʻi bilan savalay boshladi. 28Shu payt Egamizning qudrati bilan eshak tilga kirib:
— Men senga nima qildim? Nimaga sen meni uch marta urding? — dedi Balomga.
29— Sen meni ahmoq qilding! — deb doʻq qildi Balom. — Agar qoʻlimda qilichim boʻlganda edi, seni hoziroq chopib tashlagan boʻlar edim.
30— Axir, sen meni ilgaridan minib yurasan–ku! Men sening oʻsha–oʻsha eshagingman. Oldin ham shunaqa qiliq qilganmidim?! — dedi eshak.
— Yoʻq, — dedi Balom. 31Shu on Egamiz Balomning koʻzini ochib yuborgan edi, u yoʻlda turgan Egamizning farishtasini koʻrib qoldi. Farishta qoʻlida qilichini yalangʻochlab turardi. Balom yerga muk tushdi.
32Egamizning farishtasi Balomga dedi:
— Nimaga sen eshagingni uch marta urding? Tutgan yoʻling Mening nazarimda egri boʻlgani uchun, Men senga qarshilik koʻrsatish maqsadida keldim. 33Eshaging esa meni koʻrdi–yu, uch marta oʻzini chetga olib qochdi. Agar u mening oldimdan burilib ketmaganda edi, Men seni oʻldirib, eshagingni tirik qoldirgan boʻlardim.
34— Gunoh qildim, — dedi Balom Egamizning farishtasiga. — Sen yoʻlimni toʻsib turganingni bilmabman. Agar men sening nazaringda nomaʼqul ish qilayotgan boʻlsam, uyimga qaytib ketaman.
35— Shu odamlar bilan birga boraver. Lekin sen faqat Men aytgan gaplarimni gapirasan, — dedi Egamizning farishtasi.
Shunday qilib, Balom Boloqning aʼyonlari bilan birga ketaverdi.
Boloq Balomni kutib oladi
36Boloq Balomning kelayotganini eshitdi–yu, uni kutib olish uchun Ir shahriga#22:36 Ir shahri — yoki Moʻab yurtidagi shahar. yetib keldi. Bu shahar Arnon soyligi boʻyida, Moʻab yurtining chegarasida joylashgan edi. 37Boloq Balomga dedi:
— Men sening oldingga bundan oldin ham odamlarimni yuborgan edim–ku! Nimaga oʻshanda kela qolmading? Yo meni, yetarli darajada taqdirlay olmaydi, deb oʻyladingmi?
38— Mana endi keldim oldingga, — dedi Balom. — Xudo ogʻzimga solgan soʻzlardan boʻlak men nima ham ayta olar edim?!
39Balom Boloq bilan birga ketdi. Ular Xirat–Xuzoʻt shahriga kelishdi. 40Boloq mol va qoʻylar soʻyib, qurbonlik qildi. Balomga va unga hamroh boʻlib kelgan shoh aʼyonlariga ham qurbonlikdan ulashdi.
Balomning birinchi bashorati
41Boloq keyingi kuni ertalab Balomni Bomoʻt–Baal#22:41 Bomoʻt–Baal — ibroniychadagi maʼnosi Baal sajdagohlari. tepaligiga olib chiqdi. Balom u yerdan turib Isroil xalqining bir qismini koʻrdi.
Currently Selected:
Sahroda 22: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020