Naximiyo 9
9
9–BOB
Xalq gunohlari uchun tavba qiladi
1Yettinchi oyning#9:1 Yettinchi oy — ibroniycha matnda Oʻsha oy. 8:2 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. yigirma toʻrtinchi kuni Isroil xalqi yana yigʻin qildi. Ular qaygʻudan qanorga oʻranib, boshlaridan tuproq sochib, roʻza tutdilar. 2Isroil nasli oʻzlarini hamma begonalardan ayirib oldilar, soʻng oʻzlarining va ota–bobolarining gunohlari uchun tavba qildilar. 3Ular taxminan uch soat davomida tik turib, Egasi Xudoning Tavrot kitobidan oʻqilgan soʻzlarni eshitdilar. Keyingi uch soat davomida esa tavba qilib, Egasi Xudoga sajda qildilar. 4Oʻsha yerda levilar turadigan bir zina bor edi. Yeshuva, Banix, Kadmil, Shabaniyo, Boʻnax, Sharaviyo, Banix va Xanonax oʻsha zinaga chiqib, Egasi Xudoga qattiq ovozda iltijo qildilar.
Levilar tavba–tazarru bilan ibodat qiladilar
5Soʻngra levilardan boʻlgan Yeshuva, Kadmil, Banix, Xashavniyo, Sharaviyo, Xoʻdiyo, Shabaniyo va Patixiyo xalqqa daʼvat qilib dedilar: “Endi turinglar, Egangiz Xudoni olqishlanglar!” Levilar hamdu sano oʻqidilar:
“Ey Egamiz Xudo! Senga abadulabad hamdu sanolar boʻlsin. Senga munosib hamdu sano aytishga tilimiz ojiz boʻlsa–da, hamma Sening ulugʻvor nomingni olqishlasin.
6Yolgʻiz Sen Egamizdirsan! Sen osmonni, beqiyos falakni, undagi hamma samoviy jismlarni, zaminni, zamindagi hamma narsani, dengizlarni, dengizlardagi hamma narsani yaratgansan. Ularning hammasiga jon ato qilgan Sensan. Samodagi farishtalar Senga sajda qiladi.
7Sen Parvardigor Egamizsan. Sen Ibromni tanlab olding, uni Xaldeydagi Ur shahridan olib chiqding, unga Ibrohim deb ism berding. 8Uning sodiqligiga amin boʻlding. Shuning uchun u bilan ahd qilib, deding: «Sening nasllaringga Kanʼon, Xet, Amor, Pariz, Yobus va Girgosh xalqlarining yurtlarini beraman.» Sen ahdingda turding, chunki Sen sodiq Xudosan.
9Ota–bobolarimizning Misrdagi azob–uqubatlarini Oʻzing koʻrding, ularning Qizil dengizda#9:9 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom ostida hozirgi Suets qoʻltigʻi (yaʼni Qizil dengizning shimoli–gʻarbidagi qoʻltiq) yoki Suets qoʻltigʻi va Oʻrta yer dengizi oraligʻida joylashgan koʻllardan biri nazarda tutilgan. Chiqish 14:10-31 dagi hodisalarning tafsilotiga koʻra, bu dengiz kattaligidan Isroil xalqiga toʻsiq boʻlgan, chuqurligidan Misr lashkari choʻkib ketgan. qilgan dod–faryodlarini eshitding. 10Sen firʼavnga, uning barcha aʼyonlariga, Misr yurtining xalqiga qarshi alomatu moʻjizalar koʻrsatding. Chunki ular ota–bobolarimizga nisbatan surbetlarcha ish tutganlarini bilarding. Oʻshanda qozongan dovrugʻing shu kungacha saqlanib qolgan. 11Sen ota–bobolarimizning koʻz oʻngida dengizni ikkiga boʻlding, shu bois ular dengiz orqali quruq yerdan oʻtdilar. Ularni taʼqib qilayotgan Misrliklarni esa Sen dengiz qaʼriga uloqtirding. Ular bahaybat suvlarga toshday gʻarq boʻldilar. 12Sen kunduzi ota–bobolarimizni ustun shaklidagi bulut bilan boshlab bording, kechalari ustun shaklidagi alanga bilan ularning yoʻllarini yoritding.
13Sen Sinay togʻi uzra kelib turding, samodan turib ularga gapirding, ularga adolatli qoidalar, toʻgʻri qonunlar, yaxshi farmonlaru amrlar berding. 14Senga bagʻishlangan Shabbat kuniga rioya qilish toʻgʻrisida ularga koʻrsatmalar berding. Quling Muso orqali ularga amrlar, farmonlar, qonunlar berding.
15Ular och qolganlarida, samodan non berding, chanqaganlarida qoyadan ularga suv chiqarib berding. Sen Kanʼon yurtini ularga beraman, deya ont ichgan eding. Soʻng ularga, boringlar, oʻsha yerni mulk qilib olinglar, deb aytding. 16Lekin ota–bobolarimiz oʻzlariga bino qoʻyib, oʻjarlik qildilar, Sening amrlaringga itoat etmadilar. 17-18Ular Senga itoat etishdan bosh tortdilar, ularning orasida koʻrsatgan moʻjizalaringni esga olmadilar. Shu qadar oʻjarlik qildilarki, Misrdagi qullikka qaytib borish uchun oʻzlariga yoʻlboshchi tayinladilar. Lekin Sen kechiradigan, inoyatli, rahmdil, jahli tez chiqmaydigan, sodiq sevgisi moʻl Xudosan. Bizning ota–bobolarimiz oʻzlariga buqaning tasvirini yasab: «Mana bizlarni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz», degan edilar. Shu tariqa oʻta shakkoklik qilgan edilar. Hatto oʻshanda ham Sen ota–bobolarimizni tark etmading.
19Sen gʻoyat rahmdil boʻlganing uchun ota–bobolarimizni sahroda tashlab ketmading. Ularni kunduzlari doim bulut ustuni bilan yoʻlda boshlab bording, kechalari yura olsin deb, doim alanga ustuni bilan yoʻllarini yoritding. 20Ularga oʻgit bersin deb, ezgu Ruhingni baxsh etding, ularning ogʻzidan mannani#9:20 manna — Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin to Kanʼon yurtiga kirguncha, Xudo ularga yetkazib turgan maxsus yegulik. Manna, Shabbat kunidan tashqari, har kuni kechasi yerga yogʻilardi, odamlar saharda turib, uni yigʻib olishardi (Chiqish 16:13-35, Yoshua 5:12 ga qarang). uzmading, chanqoqlari bosilsin deb, suv berding. 21Sen qirq yil sahroda ularga gʻamxoʻrlik qilding, ular hech narsaga muhtojlik sezmadilar, kiyimlari toʻzmadi, oyoqlari shishib ketmadi.
22Sen ularga shohliklar va xalqlar ustidan gʻalaba ato qilding, qoʻlga kiritgan yerning har bir parchasini taqsimlab berding. Ular Xashbon shohi Sixoʻnning yurtini#9:22 …Xashbon shohi Sixoʻnning yurtini… — bitta ibroniy qoʻlyozmasidan, qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda …Sixoʻnning yurtini, Xashbon shohining yurtini…., Bashan shohi Oʻgning yurtini mulk qilib oldilar. 23Sen ularning nasllarini samodagi yulduzlar singari koʻpaytirding. Ota–bobolariga vaʼda qilgan yurtga ularni olib kirding. 24Ular borib, Kanʼon yurtini mulk qilib oldilar. Sen ularga Kanʼon yurti aholisini boʻysundirib berding, bu yurtni shohlariyu mahalliy xalqlari bilan birga ularning qoʻllariga berib: «Bularga istaganingizni qilinglar», deding. 25Ota–bobolarimiz mustahkam shaharlarni, hosildor yerlarni qoʻlga kiritdilar, ajoyib buyumlar bilan toʻla uylarga, qazilgan sardobalarga, uzumzorlarga, zaytunzorlarga, koʻplab mevali daraxtlarga ega boʻldilar. Yeb toʻydilar, semirdilar, Sening ulugʻ marhamatingdan koʻngillarini chogʻ qildilar.
26Lekin shunga qaramay, ular yana itoatsizlik qilib, Senga qarshi bosh koʻtardilar. Qonunlaringni mensimadilar, «Egamizga qaytinglar», deb daʼvat qilgan paygʻambarlaringni oʻldirdilar. Oʻtaketgan shakkokliklar qildilar. 27Shuning uchun Sen ularni dushmanlari qoʻliga berding, dushmanlari ularga zulm oʻtkazdilar. Ular azob tortganlarida Senga iltijo qilishdi, Sen ularning iltijolarini samodan turib eshitding. Buyuk rahm–shafqating tufayli ularga qutqaruvchilarni yubording. Qutqaruvchilar ularni dushmanlari qoʻlidan xalos qildilar. 28Lekin hammasi yaxshi boʻlgandan keyin, ular Sening oldingda yana qabihlik qilishdi. Sen ularni yana dushmanlari qoʻliga berib, tark etding. Dushmanlari ular ustidan hukmronlik qilishdi. Ota–bobolarimiz yana Senga yuz burib, iltijo qilganlarida, samodan turib ularning iltijolarini eshitding. Sen rahmdil boʻlganing uchun koʻp martalab ularga najot berding.
29Qonunlarim boʻyicha oldingiday yashanglar, deb ularni ogohlantirding. Lekin ular oʻzlariga bino qoʻyib, Sening amrlaringga itoat etmadilar. Garchi qonun–qoidalaringga amal qilish hayot bersa–da, ular bu qonun–qoidalaringga qarshi gunoh qildilar, oʻjarlik bilan qonun–qoidalaringdan yuz oʻgirdilar, itoat etishdan bosh tortdilar. 30Uzoq yillar Sen ularga sabr–toqat qilib kelding, Ruhing ila paygʻambarlar orqali xalqingni ogohlantirib kelding. Lekin ular Senga quloq solmadilar. Shu sababdan Sen ularni taslim qilib, begona xalqlarning qoʻliga berding. 31Ammo shunday boʻlsa ham, buyuk rahm–shafqating tufayli Sen ularni qirib tashlamading, ularni tark etmading, chunki Sen inoyatli, rahmdil Xudosan!
32Ey Xudoyimiz! Sen buyuk, qudratli va haybatli Xudosan! Sen ahdingda turasan, sodiq sevgingni saqlaysan. Chekkan azob–uqubatlarimizdan koʻz yumma. Axir, Ossuriya shohlari davridan bugungacha shohlarimiz, yoʻlboshchilarimiz, ruhoniylarimiz, paygʻambarlarimiz, ota–bobolarimiz, butun xalqimiz boshiga ogʻir azob–uqubatlar tushdi. 33Sen bizni jazolab toʻgʻri qilding. Sen sadoqat bilan ish tutding, biz esa qabihlik qildik. 34Shohlarimiz, yoʻlboshchilarimiz, ruhoniylarimiz, ota–bobolarimiz Sening qonunlaringga rioya qilmadilar, Sen bergan amrlaringga, ogohlantirishlaringga ular quloq solmadilar. 35Hatto oʻz shohligiga ega boʻlgan paytlarida, Sen ularga buyuk marhamat koʻrsatgan boʻlsang ham, ular Senga xizmat qilmadilar. Sen ularga keng, serhosil bir yurt berding, lekin ular qabih ishlaridan qaytmadilar.
36Mana, bugun biz qulmiz! Sen ota–bobolarimizga bergan yurtda biz qul boʻlib yashayapmiz. Sen esa bu yurtni ota–bobolarimizga mevalaridan, moʻl–koʻlchiligidan bahramand boʻlsin deb bergansan. 37Ammo gunohlarimiz oqibatida Sen bizni shohlarga tobe qilib qoʻyding. Yurtimizning moʻl hosili oʻshalarga ketadi. Ular bizga va chorvamizga xohlagan ishini qiladi. Evoh, ogʻir kulfatda qoldik!”
Xalq Xudoga itoat etishga qaror qiladi
38Xalq quyidagicha qaror qildi:
“Boʻlib oʻtgan voqealar tufayli biz yozma ravishda qatʼiy qaror qilyapmiz. Yoʻlboshchilarimiz, levilarimiz va ruhoniylarimiz bu qarorga muhrlarini bosdilar.
Currently Selected:
Naximiyo 9: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020