YouVersion Logo
Search Icon

Naximiyo 13

13
13–BOB
Isroil xalqi begona nasllardan ajraladi
1Oʻsha kuni xalqqa Musoning kitobidan oʻqib berildi. U yerda shunday yozilgan ekan#13:1 U yerda shunday yozilgan ekan… — Qonunlar 23:3-5 ga qarang.: “Ommonliklar va Moʻabliklar Xudoning jamoasiga kirolmaydi, 2chunki Isroil xalqi Misrdan chiqqanda, Ommonliklar va Moʻabliklar ularni non va suv bilan kutib olmadilar. Aksincha, Isroil xalqini laʼnatlash uchun Balomni yolladilar#13:2 …Isroil xalqini laʼnatlash uchun Balomni yolladilar — Sahroda 22:1-24:25 ga qarang.. Lekin Xudoyimiz laʼnatni duoga aylantirdi.” 3Isroil xalqi Tavrot soʻzlarini eshitgach, Isroil jamoasidan hamma begona nasllarni chiqarib yubordi.
Naximiyoning islohotlari
Naximiyo Maʼbad xizmatkorlarining taʼminoti toʻgʻrisida qoidalar joriy qiladi
4Bu voqea Quddus devori bagʻishlanishidan ancha oldin sodir boʻlgan edi. Oʻsha vaqtda Toʻviyoning#13:4 Toʻviyo — u Ommonlik edi (2:10 ga qarang). qarindoshi Eliashab Xudoyimizning uyidagi omborxonalar uchun masʼul edi. 5Eliashab Toʻviyo uchun Maʼbadga qarashli katta bir xonani boʻshatib beribdi. Ilgari bu xonada nazr qilingan don, xushboʻy tutatqilar va Maʼbad buyumlari saqlanardi. Egamiz bergan amrga muvofiq, levilarga, qoʻshiqchilarga, Maʼbad darvozabonlariga atalgan don, sharob, zaytun moyi ushrlari#13:5 ushrlar — 10:37 izohiga qarang. va ruhoniylarga atalgan nazrlar ham oʻsha xonada saqlanardi.
6Bu ishlar sodir boʻlganda, men#13:6 men — yaʼni Naximiyo (1:1 ning birinchi izohiga qarang). Quddusda emasdim. Bobil shohi Artaxshas hukmronligining oʻttiz ikkinchi yilida#13:6 Bobil shohi Artaxshas hukmronligining oʻttiz ikkinchi yili — taxminan miloddan oldingi 433 yil (1:1 ning ikkinchi izohiga qarang). Bobil shohligini forslar bosib olganlari uchun, Fors shohi Artaxshasni Bobil shohi Artaxshas deb ham atashardi. men shoh huzuriga ketgan edim. Maʼlum vaqt oʻtgach, shohdan ijozat soʻrab, 7Quddusga qaytib keldim. Shundagina Eliashabning qilgan bu rasvo ishidan xabardor boʻldim. U Toʻviyoga Xudoning uyidagi bir xonani ajratib beribdi–ya! 8Men qattiq gʻazablanib, Toʻviyoning barcha uy jihozlarini xonadan uloqtirib tashladim. 9Soʻng, omborxonalar poklansin, deb buyruq berdim. Omborxonalar poklangach, Xudoning uyi buyumlarini, don nazrlarini va xushboʻy tutatqilarni oʻz joyiga qaytarib qoʻydirdim.
10Shuningdek, levilarga hosilning oʻzlariga tegishli ulushlari berilmaganini ham bilib qoldim. Shu sababdan Maʼbadda xizmat qilib yurgan levilar va qoʻshiqchilar oʻzlarining dalalariga qaytib ketishgan ekan. 11Yoʻlboshchilarga: “Nima uchun Xudoning uyini oʻz holiga tashlab qoʻydingizlar?!” deb tanbeh berdim. Levilar va qoʻshiqchilarni toʻplab, hammalarini oʻz vazifalariga qoʻydim. 12Shundan keyin jamiki Yahudo xalqi don, sharob, zaytun moyi ushrlarini Maʼbad omborxonalariga olib kelishdi. 13Ruhoniy Shalamiyoni, kotib Zodoʻxni va levilardan Podiyoni omborxonalarga masʼul qilib tayinladim. Mattaniyoning nabirasi Zakkur oʻgʻli Xanonni ularning yordamchisi qilib tayinladim. Ular ishonchli odamlar boʻlib, vazifalari birodarlariga ulushni taqsimlashdan iborat edi.
14Ey Xudoyim! Qilgan bu ishlarimni yodingda tut, mendan marhamatingni darigʻ tutmagin. Sening uying uchun va uyingda oʻtkaziladigan sajda marosimlari uchun sadoqat bilan qilgan savob ishlarimni unutma.
Naximiyo Shabbat qoidalarini joriy qiladi
15Oʻsha vaqtda men Shabbat kunlari uzum ezayotgan yahudiylarni#13:15 uzum ezayotgan yahudiylar — qadimgi paytlarda odamlar uzumni qoyatoshga oʻyilgan chuqurga yoki tuproqdan qazilgan, tubiga va atrofiga zich qilib tosh terilgan chuqurga solib, sharbatini siqib olish uchun oyoqlari bilan ezardilar. Sharbat oʻsha chuqurdan yana boshqa bir chuqurga oqib tushardi. koʻrardim. Uyum–uyum don, sharob, uzum, anjir va har xil yuklarni olib kelayotganlarni kuzatar edim. Ular bu narsalarni eshaklarga yuklab, Shabbat kuni Quddusga olib kelishar edi. Ular oʻz mahsulotlarini sotayotganlarida, men ularni ogohlantirib, bunday ishlarni Shabbat kuni qilmanglar, deb aytardim. 16Quddusda yashayotgan Tirliklar#13:16 Tir — Finikiyada muhim ahamiyatga ega boʻlgan shahar. Bu shahar Isroildan shimolda, Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan edi. Bugungi kunda bu yer Livan mamlakatining janubiy qismini tashkil qiladi. ham baliq va har xil mahsulotlarni olib kelib, oʻshalarni Shabbat kuni Yahudo xalqiga Quddusda sotayotgan edilar. 17Men Yahudo yoʻlboshchilariga tanbeh berdim: “Bu qilayotganlaringiz qabihlik–ku! Axir, Shabbat kunini bulgʻayapsizlar! 18Xudo bizni va bu shaharni ota–bobolarimizning xuddi shunday qabihligi uchun jazolagan edi–ku! Endi esa sizlar Shabbat kunini bulgʻab, xalqimizning boshiga Xudoning qahr–gʻazabini yanada koʻproq olib kelyapsizlar.”
19Shunda men buyruq berdim: “Shabbatdan oldin oqshom tushishi bilanoq#13:19 …oqshom tushishi bilanoq… — yahudiylarning urf–odatiga koʻra, yangi kun quyosh botgandan keyin boshlanar edi. Quddus darvozalari yopilsin, Shabbat tugamaguncha ochilmasin.” Shabbat kuni birortasi yuk olib chiqmasligi uchun darvoza oldiga odamlarimdan#13:19 odamlarim — 4:16-17 izohiga qarang. baʼzilarini oʻtqazib qoʻydim. 20Shunda savdogarlar va har xil mahsulotlarni sotuvchilar tunni bir–ikki marta Quddusdan tashqarida oʻtkazdilar. 21Men ularni ogohlantirib, shunday dedim: “Nega sizlar tunni devor ortida oʻtkazasizlar?! Agar yana shunday qilsangiz, sizlarni qamayman.” Oʻshandan keyin ular Shabbat kuni kelmay qoʻydilar. 22Soʻngra men levilarga, oʻzlaringizni poklab kelib, Shabbat kunini muqaddas saqlash uchun shahar darvozalarini qoʻriqlanglar, deb buyruq berdim.
Ey Xudoyim! Qilgan bu ishlarimni ham yodingda tut, mendan marhamatingni darigʻ tutmagin. Buyuk sodiq sevging haqi menga shafqat qil.
Naximiyo begona xalqlar bilan quda–andachilik qilishni man etadi
23Oʻsha kunlarda Ashdodlik#13:23 Ashdod — 4:7 izohiga qarang., Ommonlik va Moʻablik ayollarga uylangan yahudiylar haqida xabar topgan edim. 24Bolalarining yarmi ibroniy tilida gaplashishni bilmasdilar, Ashdod tilida yoki boshqa tilda soʻzlashardilar. 25-27Shuning uchun men ularga tanbeh berdim, ularni laʼnatladim, baʼzilarini urdim, sochlarini yuldim. Ularga shunday dedim: “Hatto Isroil shohi Sulaymon bunday ayollarga uylanib, gunoh qilgan edi! Bir oʻylab koʻringlar! Xalqlar orasida Sulaymonga oʻxshagan shoh yoʻq edi. Xudo uni yaxshi koʻrib, uni butun Isroil ustidan shoh qilgan edi. Shunga qaramay, butparast ayollar uni gunohga boshladilar. Mana endi sizlar ham xuddi shunday gunohga qoʻl urganingizni eshitib turibman! Sizlar Xudoga qarshi oʻtaketgan qabihlik qilyapsizlar! Butparast ayollarga uylanib, Xudoga xiyonat qilyapsizlar!” Men Xudoning nomini oʻrtaga qoʻyib: “Biz bu yerdagi begona xalqlar bilan quda–andachilik qilmaymiz”, deb ularga qasam ichdirdim.
28Yoʻxadax oliy ruhoniy Eliashabning oʻgʻli edi. Yoʻxadaxning oʻgʻillaridan biri Bayt–Xoʻronlik Sanballatning#13:28 Bayt–Xoʻronlik Sanballat — 2:10 izohiga qarang. Sanballat yahudiylarning, jumladan, Naximiyoning dushmani edi (2:10, 19, 4:1, 7 ga qarang). qiziga uylangan edi. Yoʻxadaxning oʻsha oʻgʻlini oldimdan haydab yubordim.
29Ey Xudoyim! Bu uchala odamning qilmishini yodingda tut, ularning jazosini ber. Axir, ular ruhoniylikni bulgʻadilar#13:29 …ular ruhoniylikni bulgʻadilar… — oliy ruhoniyning nabirasi begona xalqdan boʻlgan qizga uylangani nazarda tutilgan (Levilar 21:13-15 ga qarang)., Sen ruhoniylar va levilar bilan tuzgan ahdni#13:29 Sen ruhoniylar va levilar bilan tuzgan ahd — Xudo Levi qabilasidan bir oilani, yaʼni Horunning avlodini Isroil xalqining ruhoniylari qilib tanladi (Chiqish 28:1, 29:1-9 ga qarang). Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi LEVI, LEVILAR soʻziga qarang. buzdilar.
Naximiyoning soʻnggi islohotlari
30Shunday qilib, men xalqni begonalarning taʼsiridan pokladim. Ruhoniylar va levilarning burchlarini, har birining vazifasini belgilab berdim. 31Qurbonliklarni kuydirish uchun oʻtinlarni oʻz vaqtida olib kelishni va birinchi hosildan ruhoniylar uchun nazrlarni olib kelishni yoʻlga qoʻydim.
Ey Xudoyim! Qilgan ishlarimni yodingda tut, mendan marhamatingni darigʻ tutmagin.

Currently Selected:

Naximiyo 13: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in