Mixo 4
4
4–BOB
Egamiz butun dunyoda tinchlik oʻrnatadi
1Shunday kunlar keladiki,
Egamizning uyi turgan togʻ#4:1 Egamizning uyi turgan togʻ — Quddusdagi Sion togʻiga ishora. 3:10 izohiga qarang.
Togʻlarning eng yuksagi boʻlib qaror topadi.
Bu togʻ hammasidan ham baland boʻladi,
Xalqlar u yerga daryoday oqib keladi.
2Koʻplab ellar keladi,
Ular shunday deb aytadi:
“Qani, yuringlar!
Chiqaylik Egamizning togʻiga!
Qani, yuringlar!
Boraylik Yoqubning Xudosi uyiga!
Toki U bizga oʻrgatsin Oʻzining yoʻllarini,
Toki yuraylik bizlar Uning soʻqmoqlaridan.”
Axir, Egamizning kalomi kelib chiqar Quddusdan,
Ha, Xudoning taʼlimoti kelib chiqar Siondan.
3Egamiz hukm qiladi koʻp xalqlarning orasida,
Ajrim qiladi olisdagi kuchli millatlar orasida.
Qilichlarini aylantirishadi omochga,
Nayzalarini esa tok qaychilariga.
Qilich koʻtarmaydi bir–biriga xalqlar,
Hech qachon jang qilmaydi ular.
4Orom olar har kim oʻz uzumzorida,
Oʻtirar har kim oʻz anjirzorida,
Biror kimsa ularga tahdid solmaydi.
Buni Sarvari Olamning Oʻzi aytdi!
5Hamma xalqlar oʻz xudolariga ergashaversin,
Biz esa abadulabad Egamiz Xudoning yoʻlidan yuramiz.
Isroil xalqi surgundan qaytib keladi
6Egamizning kalomi shudir:
“Shunday vaqt keladiki, Men choʻloqlarni yigʻib olaman.
Haydab yuborilganlarni toʻplayman,
Oʻzim azobga giriftor qilganlarimni yigʻaman.
7Choʻloqlarni omon saqlayman,
Haydab yuborilganlardan kuchli bir xalq bunyod etaman,
Oʻsha kundan boshlab, to abad Men, Egangiz,
Sion togʻida ularga hukmronlik qilaman.”
8Ey Quddusdagi shoh qalʼasi,
Xudo xalqining kuzatuv minorasi,
Sobiq hokimiyating oʻzingga qaytadi.
Ey Quddus shahri#4:8 …Quddus…Quddus shahri… — ibroniycha matnda …qiz Sion…qiz Quddus…. Sheʼriy usulda qoʻllanilgan mazkur ibroniycha iboralar Quddus shahriga yoki uning aholisiga ishora qiladi (shu bobning 10, 13–oyatlarida ham bor). 3:10 izohiga qarang.,
Sening saltanating qayta tiklanadi.
9Endi esa nechun faryod qilyapsan?
Nima boʻldi, hukmdoring yoʻqmidi?!
Nechun toʻlgʻoq tutgan ayol kabi azoblanyapsan?
Maslahatching nobud boʻldimi?!
10Ey qiz Quddus#4:10 Quddus — ibroniycha matnda Sion (shu bobning 11–oyatida ham bor).,
Tugʻayotgan xotin kabi oh–voh qilmaysanmi?!
Oʻzingni har tomonga tashlamaysanmi?!
Axir, hozir shahardan chiqib ketasan!
Yalang qirlarga borib maskan qilasan!
Ha, Bobilga sen surgun boʻlasan#4:10 …Bobilga sen surgun boʻlasan — miloddan oldingi 586 yilda Bobil shohi Navuxadnazar Quddusni vayron qilib, aholining asosiy qismini Bobilga surgun qilgan edi (4 Shohlar 25:1-21 ga qarang)..
Biroq u yerda sen najot topasan,
Dushman qoʻlidan xalos qilar Egamiz seni.
11Senga qarshi birlashdi talay xalqlar,
Sen haqingda shunday deb aytadi ular:
“Qani, kelinglar, Quddusni xoʻrlaymiz,
Shahvat bilan uni tomosha qilamiz.”
12Ammo bilmas ular Egamizning niyatini,
Aslo tushunmaslar Uning rejalarini,
Egamiz ularni ne sababdan yiqqanini ular bilmaslar,
Bugʻdoy boshoqlarini xirmonda yanchganday,
Egamiz ularni yanchmoqchi ekanini anglamaslar.
13Egamiz demoqda:
“Turing, ey Quddus aholisi!
Yanchib tashlang ularni!#4:13 Yanchib tashlang ularni! — donni boshoqdan ajratish jarayoni yanchish deyiladi. Qadimgi Yaqin Sharqda don yanchish uchun baʼzan hoʻkizlarni don boshoqlari ustidan yurgʻizishardi. Yanchish soʻzi koʻpincha Eski Ahdda hukmga yoki urushda halokatga duchor boʻlishga nisbatan koʻchma maʼnoda ishlatilgan. Mazkur oyatda Quddus aholisi oʻz dushmanini bosib ezadigan kuchli hoʻkizday tasvirlangan.
Temirdan qilaman shoxlaringizni,
Bronzadan yasayman tuyoqlaringizni,
Ezib majaqlaysiz koʻplab xalqlarni.”
Olgan oʻljangizni Egamizga bagʻishlaysiz,
Butun olam Rabbiysiga yov boyligini nazr qilasiz.
Currently Selected:
Mixo 4: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020