YouVersion Logo
Search Icon

Matto 2:1-12

Matto 2:1-12 O‘ZBMK

Iso shoh Hirodning hukmronligi davrida, Yahudiyadagi Baytlahm shahrida tugʻilgan edi. Oradan koʻp oʻtmay sharqdan Quddusga munajjimlar kelishdi. Ular: — Yahudiylarning yangi tugʻilgan shohi qayerda? — deb soʻradilar. — Biz Uning yulduzi chiqqanini koʻrdik. Unga taʼzim qilgani keldik. Bu gapni eshitib shoh Hirod ham, butun Quddus aholisi ham bezovtalanib qoldi. Hirod barcha bosh ruhoniylarni va Tavrot tafsirchilarini toʻplab, ulardan: — Masih qayerda tugʻilishi kerak? — deb soʻradi. Ular shunday javob berdilar: — Yahudiyadagi Baytlahm shahrida, chunki paygʻambarning bitiklarida shunday yozilgan: “Ey Yahudo yurtidagi Baytlahm! Sen Yahudoning buyuk shaharlaridan hech kam emassan. Zero, sendan bir Hukmdor chiqadi, U xalqim Isroilga choʻponlik qiladi.” Shundan keyin Hirod hech kimga bildirmay munajjimlarni chaqirib, ulardan yulduz paydo boʻlgan aniq vaqtni bilib oldi. Soʻng ularni Baytlahmga joʻnatayotib, dedi: — Baytlahmga boringlar, Bola toʻgʻrisida hamma narsani aniq bilib olinglar. Bolani topganlaringizdan keyin, menga xabar beringlar, toki men ham borib, Unga taʼzim qilayin. Munajjimlar shohning soʻzlarini eshitib boʻlib, yoʻlga tushdilar. Ularga oldin koʻringan yulduz yana paydo boʻldi, munajjimlar rosa xursand boʻldilar. Yulduz ularga yoʻl koʻrsatib bordi va nihoyat, Bola yotgan joy tepasiga kelib toʻxtadi. Munajjimlar uyga kirib, Bolani va Uning onasi Maryamni koʻrdilar. Tiz choʻkib, Bolaga taʼzim qildilar. Soʻng xazinalar solingan qutichalarini ochib, Unga oltin, xushboʻy tutatqilar va mirrani tortiq qildilar. Hirodning oldiga qaytmasliklari toʻgʻrisida ular tushlarida ogohlantirilgandan keyin, boshqa yoʻl bilan oʻz yurtiga qaytib ketdilar.

Free Reading Plans and Devotionals related to Matto 2:1-12