YouVersion Logo
Search Icon

Matto 18

18
18–BOB
Xudo oldida kim buyuk?
1Shu payt shogirdlar Isoning oldiga kelib: “Osmon Shohligida eng kattasi kim boʻladi?” — deb soʻradilar.
2Iso yoniga bir bolani chaqirdi, uni oʻrtalarida turgʻizib, 3dedi: “Sizlarga chinini aytayin: agar sizlar oʻzgarmasangiz va bolalarday boʻlmasangiz, hech qachon Osmon Shohligiga kira olmaysizlar. 4Agar oʻzingizni mana shu bola singari, past tutsangiz, Osmon Shohligida eng kattasi boʻlasiz. 5Kim shunday bir bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan boʻladi.
Vasvasa va gunoh haqida
6Menga ishongan shu kichiklarning birontasini#18:6 shu kichiklarning birontasi — Iso Masihga imon keltirgan odamlar, ayniqsa kichik bola singari, ojiz va qarovga muhtoj boʻlganlar nazarda tutilgan. yoʻldan ozdirgan odamning holiga voy. Bunday qilgandan koʻra, oʻsha odamning boʻyniga tegirmon toshini osib, dengiz tubiga choʻktirilgani oʻzi uchun yaxshiroq boʻlar edi. 7Odamlarni yoʻldan ozdiradigan vasvasalar dastidan bu dunyoning holiga voy! Vasvasalar albatta keladi, lekin vasvasaga sababchi boʻlgan odamning holiga voy!
8Agar yoʻldan ozishingga qoʻling yoki oyogʻing sababchi boʻlsa, uni chopib tashlab, uloqtirib yubor. Ikki qoʻl yoki ikki oyoq bilan abadiy olovga tashlangandan koʻra, mayib yoki choʻloq boʻlib abadiy hayotdan bahramand boʻlganing yaxshiroqdir. 9Agar yoʻldan ozishingga koʻzing sababchi boʻlsa, uni oʻyib olib, uloqtirib yubor. Ikki koʻzing bilan doʻzax oloviga tushgandan koʻra, bir koʻzing bilan abadiy hayotdan bahramand boʻlganing yaxshiroqdir.
Adashgan qoʻy haqida masal
10-11Ehtiyot boʻlinglar, bu kichiklardan birontasini ham xor qilmanglar. Sizlarga shuni aytay: samoda ularning farishtalari doimo samoviy Otamning jamolini koʻrib turadi#18:10-11 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar 11–oyatni tashkil etib, qoʻshimcha qilingan: Inson Oʻgʻli esa adashib gumroh boʻlganlarni qutqarish uchun kelgan.. 12Nima deb oʻylaysiz: agar bir odamning yuzta qoʻyi boʻlsa–yu, ulardan biri adashib qolsa, u toʻqson toʻqqiztasini togʻlarda qoldirib, adashib qolganini izlab ketmaydimi?! 13Agarda uni topib olsa, sizga chinini aytay: adashmagan toʻqson toʻqqiztasidan koʻra, shu bitta qoʻy uchun u koʻproq sevinadi. 14Shu singari osmondagi Otangiz ham bu kichiklardan birontasining yoʻqolib qolishini istamaydi.
Gunoh qilgan birodarga munosabat
15Agar birodaringiz sizga qarshi gunoh qilsa, uning oldiga boring. U bilan yakka holda gaplashib aybini yuziga ayting. Agar u sizga quloq solsa, siz orangizdagi birodarlik rishtalarini tiklagan boʻlasiz. 16Agar sizga quloq solmasa, oʻzingiz bilan yana bir yoki ikki kishini olib boring, chunki «har bir masala ikkita yoki uchta guvohning soʻzlari asosida koʻrib chiqiladi.»#18:16 Qonunlar 19:15 ga qarang. 17Agar birodaringiz ularga ham quloq solmasa, imonlilar jamoatiga#18:17 jamoat — maʼlum bir joydagi masihiylar guruhi nazarda tutilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi JAMOAT soʻziga qarang. ayting. Agar imonlilar jamoatiga ham quloq solmasa, uni butparast yoki soliqchi#18:17 soliqchi — 5:46 izohiga qarang. deb hisoblab, u bilan aloqani uzing.
18Sizlarga chinini aytayin: yer yuzida sizlar nimani taqiqlasangizlar, samoda ham taqiqlanadi. Yer yuzida sizlar nimaga ijozat bersangizlar, samoda ham ijozat beriladi. 19Sizlarga yana shuni ham aytay: oralaringizdan ikkitangiz yakdil boʻlib biron narsa uchun ibodat qilsangizlar, osmondagi Otam tilagingizni bajaradi. 20Qayerda ikki yoki uch kishi Mening nomim uchun yigʻilsa, Men oʻsha yerda ularning orasida boʻlaman.”
Rahmsiz xizmatkor haqida masal
21Shundan keyin Butrus kelib Isoga dedi: “Hazrat, agar birodarim menga qarshi gunoh qilsa, uni necha marta kechiray? Yetti martami?”
22“Sizlarga shuni aytay: yetti marta emas, — dedi Iso, — balki yetmish karra yetti marta#18:22 yetmish karra yetti marta — majoziy maʼnoda ishlatilgan ibora, maʼnosi har doim.. 23Shu sababli Osmon Shohligini bir shohga qiyoslash mumkin. Shoh oʻz xizmatkorlari bilan hisob–kitob qilmoqchi boʻlibdi. 24Hisob–kitobni boshlaganda, uning huzuriga ming–minglab tilla tanga#18:24 ming–minglab tilla tanga — yunoncha matnda oʻn ming talant. Bir talantning qiymati mardikorning oʻn besh yillik ish haqidan ham koʻproq edi. qarzdor boʻlgan xizmatkorini olib kelibdilar. 25Lekin qarz toʻlashga qurbi yetmagani uchun shoh unga:
— Oʻzingni, xotiningni, bolalaringni va butun mol–mulkingni sotib, qarzingni toʻlaysan, — deb buyuribdi. 26Xizmatkor shohning oyogʻiga yiqilib:
— Ozgina sabr qiling, hamma qarzimni toʻlayman, — debdi. 27Xizmatkoriga shohning rahmi kelibdi. Shoh uni qoʻyib yuborib, qarzidan kechibdi.
28Xizmatkor esa tashqariga chiqib, oʻzidan yuz kumush tanga#18:28 yuz kumush tanga — yunoncha matnda yuz dinor. Dinor Rim kumush tangasi boʻlib, mardikorning bir kunlik ish haqi edi. qarzdor boʻlgan bir sherigini uchratib qolibdi. Uni yoqasidan olib:
— Qarzingni toʻla! — deb boʻgʻa boshlabdi. 29Sherigi esa uning oyoqlariga yiqilib:
— Ozgina sabr qiling, qarzimni toʻlayman, — deb yolvoribdi. 30Ammo u koʻnmabdi:
— Qarzingni toʻlamaguningcha zindonda yotasan, — deb sherigini qamatib qoʻyibdi.
31Boshqa xizmatkorlar yuz bergan voqeani koʻrib, xafa boʻlibdilar. Shohning huzuriga borib, hammasini aytib beribdilar. 32Shunda shoh xizmatkorini huzuriga chaqirib:
— Ey yaramas xizmatkor! — debdi. — Menga yolvorganing uchun barcha qarzingdan kechdim. 33Men senga rahm qilganimday, sen ham sherigingga rahm qilsang boʻlmasmidi?!
34Gʻazablangan shoh xizmatkorini zindonbonning qoʻliga topshirib:
— Hamma qarzini toʻlamaguncha unga azob beringlar, — deb buyuribdi.
35Xullas, agar sizlar birodaringizni chin dildan kechirmasangiz, osmondagi Otam sizlarni ham shu koʻyga soladi.”

Currently Selected:

Matto 18: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in