YouVersion Logo
Search Icon

Levilar 22

22
22–BOB
Nazrlarning muqaddasligi
1Egamiz Muso orqali 2Horun va uning oʻgʻillariga shunday dedi: “Sizlar Isroil xalqining Menga bagʻishlagan ehsonlari bilan ehtiyotkor boʻlinglar, tagʻin Men, Muqaddas Xudoni badnom qilib qoʻymanglar. Men Egangizman. 3Agar naslingizdan birontasi harom boʻla turib, Isroil xalqi Menga bagʻishlagan ehsonlarga yaqinlashsa, u Mening huzurimda boshqa xizmat qilmaydigan boʻlsin. Men Egangizman. 4Horunning naslidan teri kasalligiga#22:4 teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan soʻzning tarjimasidir. 13:2 ning birinchi izohiga qarang. chalingan yoki ajralmasi oqqan birortasi poklanmaguncha ehsondan tanovul qilmasin. Bordi–yu, ruhoniylardan birortasi murda dastidan bulgʻangan narsaga tegsa yoki jinsiy aʼzosidan maniy oqsa, 5yoxud oʻrmalab yuradigan harom jonivorga yo harom boʻlgan odamga tegsa, oʻzi harom boʻlgan hisoblanadi. U tekkan odam qanday yoʻl bilan harom boʻlganidan qatʼi nazar, 6ruhoniy kechgacha harom boʻladi. Ruhoniy badanini yuvmaguncha ehsondan tanovul qilmasin. 7Quyosh botgandan keyin u pok boʻladi. Ana shundagina u ehsonlardan tanovul qila oladi, chunki bu ehsonlar uning taomidir. 8Harom oʻlgan yoki yovvoyi hayvon gʻajigan jonivorning goʻshtini ruhoniy yemasin. Aks holda, u oʻzini oʻzi harom qiladi. Men Egangizman. 9Ruhoniylar talablarimni bajarishsin. Aks holda, talablarimga rioya qilmaganlari uchun gunohlarining jazosini olib, nobud boʻladilar. Ularni muqaddas qiladigan Egangiz Menman.
10Ruhoniy xonadoniga mansub boʻlgan kishilargina ehsonlardan tanovul qilishlari mumkin. Ruhoniynikida turgan musofir yoki mardikor ehsonlardan tanovul qilmasin. 11Lekin ruhoniy oʻz kumushiga sotib olgan yoki uning xonadonida tugʻilgan qulu choʻrilar bu nazrlardan tanovul qilishlari mumkin. 12Agar ruhoniyning qizi ruhoniylar qavmiga mansub boʻlmagan odamga turmushga chiqsa, ehsonlardan tanovul qilish unga man etilsin. 13Bordi–yu, ruhoniyning bu qizi farzand koʻrmay beva boʻlib qolsa yoki eridan ajralsa, otasining xonadoniga qaytib kelgandan keyin, qizlik davridagiday otasining taomidan tanovul qilishi mumkin. Ammo ruhoniylar qavmiga mansub boʻlmagan odam ruhoniyning taomidan tanovul qilmasin. 14Agar biror odam bilmagan holda ehsondan yeb qoʻysa, u ruhoniyga keltirgan zararni toʻlab, ustiga beshdan bir qismini qoʻshib bersin. 15Ruhoniylar Isroil xalqining Menga keltirgan ehsonlarini bulgʻashmasin. 16Ularni boshqalarning tanovul qilishiga yoʻl qoʻyishmasin. Aks holda, ruhoniylar Isroil xalqini aybdor qilib qoʻyishadi, xalq ayb qurbonligi keltirishi kerak boʻladi. Ehsonni muqaddas qiladigan Egangiz Menman.”
17Egamiz Muso orqali 18Horunga, uning oʻgʻillariga va butun Isroil xalqiga quyidagi qoidalarni berdi: Isroil xalqidan yoki orangizda yashayotgan musofirlardan birortasi bergan vaʼdasi ustidan chiqmoqchi boʻlib yoki koʻngildan chiqarib, Egamizga kuydiriladigan qurbonlik keltirmoqchi boʻlsa 19nuqsonsiz buqa, qoʻchqor yoki takani olib kelsin. Shunda qurbonligi qabul boʻladi. 20Nuqsoni bor jonivorni olib kelmang, bunday qurbonligingiz qabul boʻlmaydi.
21Agar birortasi bergan vaʼdasi ustidan chiqish uchun yoki koʻngildan chiqarib, Egamizga tinchlik qurbonligini keltirmoqchi boʻlsa, podasi yoki suruvidan nuqsonsiz jonivorni tanlab olsin. Qurbonligi qabul boʻlishi uchun jonivor bekami–koʻst boʻlsin. 22Koʻr, jarohatlangan, mayib, yarasidan yiring oqqan, qoʻtir yoki qichimasi bor jonivorni Egamizga keltirmang, uni olovda kuydiriladigan nazr sifatida qurbongoh ustida kuydirmang. 23Bir tuyogʻi kalta yoki uzun boʻlgan buzoqni yoki qoʻzichoqni koʻngildan chiqarib beradigan qurbonlik sifatida keltirishingiz mumkin. Lekin bunday jonivorni bergan vaʼdangiz ustidan chiqish uchun olib kelmang, u qabul boʻlmaydi. 24Moyagi koʻkargan, ezilgan, uzilgan yoki kesib olingan jonivorni Egamizga keltirmang. Yurtingizda bunga yoʻl qoʻymang. 25Xudoyingizga qurbonlik keltirmoqchi boʻlgan musofirdan ham mayib jonivorni qabul qilmang. Bunday jonivor nuqsonli boʻlgani uchun qabul boʻlmaydi.
26Egamiz Musoga yana dedi: 27“Yangi tugʻilgan buzoq, qoʻzichoq yoki uloqcha yetti kun onasining yonida boʻlsin. Yettinchi kundan keyin uni olovda kuydirib, Menga nazr qilishingiz mumkin. 28Lekin podangizdagi yoki suruvingizdagi ona va bolani bir kunda soʻymang. 29Menga shukrona qurbonligini#22:29 shukrona qurbonligi — 7:11-15 ga qarang. keltirmoqchi boʻlganingizda qoidalarga rioya qilgan holda keltiring, toki qurbonligingiz qabul boʻlsin. 30Qurbonlikning goʻshtini oʻsha kuniyoq tanovul qiling. Undan ertalabgacha hech narsa qoldirmang. Men Egangizman.
31Amrlarimni bitta qoldirmay bajaring. Men Egangizman. 32Men, Muqaddas Xudoni badnom qilmang. Butun Isroil xalqi Meni muqaddas deb bilsin. Men sizlarni muqaddas qiladigan Egangizman. 33Xudoyingiz boʻlish uchun sizlarni Misr yurtidan olib chiqqanman. Men Egangizman.”

Currently Selected:

Levilar 22: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

Video for Levilar 22